Jahon | 21:00 / 15.02.2024
34117
7 daqiqa o‘qiladi

Ukrain armiyasi Avdiyivkani boy berishga yaqin. Bu qanday oqibatlarga ega?

Rus qo‘shini Ukraina qurolli kuchlari qarshiligini sindirishga qanday erishdi?

Foto: Libkos / AP / Scanpix / LETA

Ukrain armiyasi yaqin vaqtlar ichida Donetsk chekkasidagi muhim istehkomni — Avdiyivka shahrini uzil-kesil yo‘qotishi mumkin. RF qurolli kuchlari shaharni qurshab olish harakatlarini 2023-yil oktyabrida boshlagandi, ammo faqat endi — bir necha oylik og‘ir janglar va katta yo‘qotishlardan keyin — o‘z maqsadiga erishishga yaqin turibdi. Ularga ukrain qo‘shini qarshiligini sindirishda nima yordam berdi? Va Avdiyivkaning boy berilishi Ukraina qurolli kuchlari uchun nimani anglatadi?

2023-yil oxirida Rossiya qo‘shini Avdiyivkani shimoldan aylanib o‘tib, shahardagi ukrain garnizonini, shuningdek Avdiyivka kokskimyo zavodini himoya qilayotgan guruhni ham  asosiy ta’minot yo‘lidan uzib qo‘yish uchun urinishlari besamar ketgandi. Buning uchun ular Stepove qishlog‘i yaqinidagi dalalar va o‘rmonzorlardan o‘tib, temiryo‘l ko‘tarmalarini ortda qoldirishi talab etilardi. Ochiq hudud orqali hujumlar faqat katta miqdordagi texnikalar va jonli kuchlar qurbon bo‘lishiga olib keldi — bu yo‘qotishlar evaziga faqat bir necha yuz metrga ilgarilashga erishildi.

Yangi yil boshida RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi amaliyot shaklini o‘zgartirdi: qo‘shinlar endi shaharni kokskimyo zavodidan uzib qo‘yishga harakat qilmoqda, shahar ichkarisidagi garnizonga ta’minot aynan zavod hududi orqali keladi (bu yo‘l zavod janubiy chekkasidagi Lastochkino qishlog‘idan Industrial prospekt bo‘ylab janubga ketadi). Avdiyivkaga asosiy kirish joylaridan biri shu yo‘lda joylashgan — ukrain harbiylari shaharga kirishdan oldin an’anaga ko‘ra oldida fotosuratga tushadigan stela ham (2023-yil dekabr oyi oxirida prezident Volodimir Zelenskiy ham shu yerda turib videomurojaat yo‘llagandi). Rossiya qo‘shini zavodga sharqdan — dalahovlilardan iborat posyolka orqali zarba berdi, bu hududda ochiq dalalardan farqli o‘laroq, ukrain razvedka dronlari va kamikadze dronlaridan yashirinish mumkin.

10-fevral kuni qo‘shimcha niqoblanish imkonini «taqdim etgan» tumandan foydalangan RF qurolli kuchlari Avdiyivkaga o‘nlab bombalar tashlagan aviatsiya ko‘magida hal qiluvchi hujumni boshladi. 14-fevralga kelib ular Industrial prospektga ketib kelishdi — va Avdiyivkani kokskimyo zavodi orqali keluvchi asosiy ta’minot yo‘lidan uzib qo‘ydi. Ularga qarshilik ko‘rsatgan 110-mexanizatsiyalashgan brigada, uning zobitlari tan olishicha, katta yo‘qotishlarga uchragan va bo‘linmalarning bir qismi front ortiga olib ketilgan.

Ukraina qurolli kuchlari xavfli uchastkaga zaxira kuchlar tashlanganini e’lon qildi — jumladan, 2023-yilda Baxmut janubidagi Kleshchiyevka va Andriyivka aholi yashash manzillarini qaytarib olishda jonbozlik ko‘rsatgan, «Azov» 3-shturm brigadasi ham. O‘tgan vaqt davomida brigada ta’til va saflarini to‘ldirish uchun frontdan qaytarilgandi — endi esa yana shoshilinch tarzda jangga tashlanmoqda.

Rossiya qo‘mondonligi raqib zaxira kuchlarini olib kelishiga tayyor edi va uzoq vaqtdan buyon ilk bor bunday amaliyotga jiddiy tarzda xalaqit berishga qaror qildi. Bu harbiy tilda «harbiy harakatlar teatrini ihotalash» deb ataladi — ya’ni olib kelinayotgan qo‘shinlarni front chizig‘iga yetishidan oldinroq bombardimon qilish, shuningdek o‘q-dori tashilishi, yaradorlar olib chiqilishiga masofadan turib to‘sqinlik qilishga urinish va boshqalar. So‘nggi kunlarda Rossiya aviatsiyasi va raketa qo‘shinlari ukrainlarning ichki hududlari bo‘ylab o‘nlab zarbalar yo‘lladi — kokskimyo zavodidan tortib shahardan 35 kilometr g‘arbdagi va janubi-g‘arbdagi Selidovo va Kuraxovo shaharlarigacha.

Bu zarbalar orqali qo‘shinlar olib kelinishiga qanchalik to‘sqinlik qilingani ma’lum emas (bungacha RF Havo-kosmik kuchlarining bunday murakkab amaliyotlari muvaffaqiyatli bo‘lmagan). Faqat shunisi ma’lumki, 3-shturm brigada jangchilarini 14-fevral kuni Avdiyivkaga kirish joyidagi stela yaqinida payqashgan — lekin ular bu yerda raqib zarbalari ostida chekinishga majbur bo‘lgan.

15-fevral kuni brigada telegram-kanalida «Avdiyivkadagi jahannam» sarlavhali post paydo bo‘ldi. Unda brigada harbiy xizmatchilari Avdiyivka hududidagi Ukraina qurolli kuchlarini kuchaytirish uchun shu yerga tashlangani tasdiqlangan. Shturm brigada shaharning rossiyaliklar tomonidan egallab olingan hududlarida reydlar o‘tkazgani va RF qurolli kuchlarining ikki brigadasini «og‘ir mag‘lubiyat»ga uchratgani bildirilgan. Shunga qaramay, ukrain bo‘linmasi «Avdiyivkadagi obektiv vaziyat tahdidli va beqarorligicha qolayotgani» tan olingan — bu Rossiya qo‘mondonligi «o‘z qo‘shinlarini faollik bilan rotatsiya qilayotgani va shaharga yangidan yangi kuch va vositalarni jalb etayotgani» bilan izohlangan.

Rossiyalik harbiy muxbir Yevgeniy Poddubniy 15-fevral kuni shaharga shimoldan kirib kelish joyidagi stelaga Rossiya bayrog‘i o‘rnatilgani aks etgan videoni namoyish etdi.

Ukrainaning DeepState OSINT-loyihasi esa Rossiya qo‘shini Avdiyivkadan shimol va janubda ilgarilashda davom etayotganini ma’lum qildi. DeepState xaritasida Poddubniy e’lon qilgan videoda aks etgan uchastka Rossiya qo‘shini tomonidan egallangan hudud sifatida ko‘rsatilgan. Bu Avdiyivkadagi garnizon ta’minoti amalga oshirilgan asosiy yo‘l RF qo‘shinlari nazoratiga o‘tganini anglatadi.

Avdiyivka ichkarisida qolgan minglab ukrain harbiylari taqdiri «teatr ihotalanishi» qanchalik muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga bog‘liq. Hozircha ularni yaqinlashib kelayotgan qurshovdan olib chiqish imkoni saqlanib turibdi — xuddi 2023-yil mayida Baxmutdagi qo‘shinlar olib chiqilgani kabi. Avdiyivkadan g‘arbda hali RF qurolli kuchlari tomonidan kesib qo‘yilmagan bir qancha tuproq yo‘llar bor (to‘g‘ri, ularning barchasi artilleriya zarbalari ostida turibdi).

Ammo, agar ta’minot va zaxira kuchlari olib kelinishi aviatsiya zarbalari ancha ichkaridagi bazalar operativ-taktik raketalar orqali to‘xtatib qo‘yilsa, Avdiyivka garnizonini olib ketish imkonsiz ishga aylanadi. Ko‘rinishidan, Ukraina qurolli kuchlarida endi shaharni uzoq vaqt davomida ushlab turishning imkoni qolmagan.

Mavzuga oid