Germaniya Ukrainaga 1 milliard yevrodan ortiq harbiy yordam berishini e’lon qildi
Yangi yordam paketiga gaubitsalar, snaryadlar va havo hujumidan mudofaa tizimlarini mustahkamlash kiradi.
Germaniya Ukrainaga 1,1 milliard yevrolik yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi. Bu haqda Germaniya kansleri Olaf Shols Berlinda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan qo‘shma matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
Kansler Germaniya Ukrainaga umumiy qiymati 28 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatish majburiyatini olganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, Germaniya Ukrainani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dunyoning barcha davlatlari orasida ikkinchi o‘rinda turadi.
«Bugun biz yangi yordam paketini tayyorlayapmiz. Bu 1,1 milliard yevro», deb ta’kidladi Shols.
Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy yordam paketi doirasida Ukrainaga sanoat zaxiralaridan 36 ta zirhli va g‘ildirakli gaubitsa, 120 mingta snaryad, ikkita Skynex zenit tizimi va IRIS-T havo hujumidan mudofaa tizimi uchun raketalar beriladi.
O‘z navbatida, Zelenskiy Germaniyaga Ukrainaga hozir haqiqatan ham zarur bo‘lgan yangi mudofaa paketi uchun minnatdorlik bildirdi.
Ukraina prezidenti «hamkorlar tomonidan ta’minot sezilarli darajada kamayganidan» afsusda ekanini bildirdi, ammo «bunday sharoitda Germaniyaning yordami Ukraina va front uchun juda muhimdir», dedi.
Zelenskiy Ukraina yordamga muhtoj bo‘lganida Shols va Germaniya chetda emasligini qadrlashini ta’kidladi.
16 fevral kuni Berlinda Ukraina va Germaniya o‘rtasida xavfsizlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
Shols bu kelishuvning imzolanishini tarixiy qadam deb atadi. Germaniya kelajakda Rossiyaning bosqinchilik urushiga qarshi Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
Mavzuga oid
12:20
Rossiya bir sutka ichida Ukrainani 5000 marta o‘qqa tutdi
11:00
Fitso Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishiga qarshi chiqishini bildirdi
10:40
Zelenskiy tinchlikka erishish haqida: Hududlar oldi-sotdisida qatnashmaymiz
22:02 / 05.10.2024