O‘zbekiston | 17:24 / 17.02.2024
21176
4 daqiqa o‘qiladi

Jurnalist – kim? Jurnalistika nima uchun kerak?

Bu savollarni rivojlangan jamiyatlarda hech kim bermaydi. Chunki ularning javobi – ijtimoiy zehniyatda allaqachon chuqur ildiz otgan. Bizda esa bu savollar hali ham o‘rtaga chiqib turadi. Oddiy fuqaro uchun jurnalistikaning ahamiyati mavhum bo‘lsa mayli edi, lekin bizda OAVga nisbatan “o‘ziga xos” munosabat hatto uncha-muncha soha yo hududlarni “ushlab turgan” odamlarda ham kuzatiladi. “Sharipov formati”da shu mavzu mulohaza qilinadi.

Masalan, yaqinda Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bloger va jurnalistlarga nisbatan “OPJ” – ruschadan tarjima qilganda “uyushgan jinoiy jurnalistlar” iborasini ishlatdi. Emishki, jurnalist va blogerlar o‘zaro kelishgan holda unga – Ortiqxo‘jayevga qarshi informatsion xurujlar uyushtirar ekan, va bunda u alamzadalik alomatlarini ko‘rayotgan ekan. Va bu yerda u “jinoiy” so‘zini ishlatyapti...

Xo‘sh, jurnalist kim? Jurnalistika – nima? Agar mamlakatda mustaqil jurnalistika bo‘lmasa, nima bo‘ladi? Bu savolga javob berish uchun oxirgi 7-8 yil ichida O‘zbekistonda kamchiliklarni bartaraf qilish yo‘lida jurnalist va blogerlar qo‘shgan hissani sanab o‘tish kerak bo‘ladi. Ammo bu yerda bitta qiyinchilik bor – buning jismonan imkoni yo‘q – jurnalist va blogerlar shu yillarda ommaga ochgan muammo va kamchiliklarni sanab chiqish imkonsiz. Ammo…

Ammo sanash shart emas – biroz bo‘lsa-da dunyodan xabardor har qanday o‘zbekistonlik tushunib turibdi – mana shu 7 yil ichida jurnalist va blogerlar hazilakam hissa qo‘shmadi muammolarni ko‘tarib, hal qilinishida. Bundan ko‘prog‘i ham hal qilinishi mumkin edi, ammo bu boshqa “qo‘shiq”ning satrlari – uni bugun aytmaymiz.

Ha, blogerlar ichida “biznesmen” blogerlar ham chiqdi va bu ham tabiiy jarayon. Lekin bu so‘z erkinligi vositasida erishilgan yutuqlarga soya tashlay olmaydi – yutuqlar soni cheksiz.

Xo‘sh, jurnalist kim? Aksariyat kasb egalari ishini bajarib, uyiga kelib dam oladi. Jurnalistni esa u bugun chiqargan maqolasi yoki videosi tark etmaydi: odamlarga qiziq bo‘ladimi, o‘qiydimi-yo‘qmi, ko‘radimi-yo‘qmi, u yoqdan u tanqid qilib qo‘ygan kattakon idoralarning u yoki bu tarzda ko‘rsatadigan kamida ma’naviy bosimi, bu yoqdan u dumini bosib qo‘ygan nufuzli shaxslar yoki kompaniyalar. Bu hammasi ko‘pincha bitta inson – jurnalistning, ko‘pincha murg‘ak bir yosh qalbning gardaniga tushadi. Hammasi jamiyatdagi muammolarni yoritish uchun, o‘rtacha bir o‘qituvchining oyligi evaziga.

Jurnalist yuki – og‘ir yuk. Va xalqning dardi bilan yonmagan odam jurnalist bo‘lolmaydi – imkoni yo‘q buning. Siz hozir ishingizni tugatib, dam olish asnosida bexavotir bu videoni ko‘rayotgan paytingizda, jurnalist qalbini ming-bir tuyg‘u cho‘lg‘agan, o‘z uyida ham bexalovat – ko‘pning yuki og‘ir, ammo uni ko‘tarish – sharaf.

Bu aytganlarim jurnalist va jurnalistika haqida bir luqma xolos. Mavzu keng va konseptual. Bitta narsani hamma tushunishi kerak – jurnalist va blogerlarning jamiyatga tekkan foydasi alohida bir tadbirkor qilgan ishlardan ming chandon ortiq.

Shokir Sharipov

Mavzuga oid