Uchta viloyatda 50 mingdan oshiq iste’molchi elektr ta’minotidan uzildi
Bir kun oldin kuchli shamol oqibatida Buxoro viloyatidagi 2 ta yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgandi.
Samarqand, Buxoro va Jizzax viloyatlarining bir qancha hududlarida 50 mingdan oshiq iste’molchi vaqtinchalik elektr ta’minotidan uzilgan. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.
Bunga hududlarda noqulay ob-havo kuzatilayotgani va kuchli shamol esayotgani sabab bo‘lgan.
Jumladan:
- Samarqand viloyatining Samarqand, Past Darg‘om, Bulung‘ur, Jomboy, Toyloq va Payariq tumanlarida 35 000 iste’molchi;
- Buxoro viloyatining Romitan, Buxoro, Olot, Kogon hamda Jondor tumanlarida 15 000 iste’molchi;
- Jizzax viloyatining Baxmal tumanida 700 iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan.
«Hozirgi vaqtda viloyat elektr tarmoqlari korxonalarining maxsus brigadalari tomonidan nosozliklarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Nosozliklar bosqichma-bosqich bartaraf etilib, iste’molchilarning elektr ta’minoti qayta tiklanadi. Keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz», deyiladi xabarda.
Gazlidagi avariya
17 fevral kuni vazirlik Buxoro viloyatida kuchli shamol natijasida 2 ta yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik yuzaga kelgani haqida xabar bergandi.
«Bugun soat 18:03 da kuchli shamol natijasida Buxoro viloyatidagi 110 kV kuchlanishli «L-Gazli-1», «L-Gazli-2» elektr uzatish tarmoqlarida nosozlik yuzaga kelgan.
Buning natijasida «Gazli» magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli bir nechta gaz haydash agregatlari faoliyatida qisqa muddatli uzilish kuzatilmoqda.
Mazkur tarmoqlardagi nosozlik tezkor brigada tomonidan 2-3 soat ichida bartaraf etiladi va gaz haydash agregatlari faoliyati to‘liq tiklanadi.
Shu vaqt oralig‘ida respublikaning janubiy qismiga yo‘naltiriladigan tabiiy gaz hajmi biroz qisqarishi, shuningdek, magistral gaz quvurlarida bosim nisbatan pasayishi holati yuzaga kelyapti.
Gaz bosimi kamayishini inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obektlarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida ayrim avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyatiga qisqa muddatli cheklovlar kiritilmoqda.
Shuningdek, bir qator issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimi pasayishi holati kuzatilishi tufayli respublikamizning ba’zi bir hududlarida elektr energiyasi ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar o‘rnatiladi», deyilgandi xabarda.
Mavzuga oid
09:51
Buxoroning ayrim hududlarida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi
08:10
Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi
20:55 / 20.11.2024
“Eski, sovuq sinfxonalarda o‘qiyapmiz” – Buxoroda qurilishi bitmagan maktab-internat o‘quvchilari sarson bo‘lyapti
18:24 / 20.11.2024