O‘zbekiston | 21:49 / 19.02.2024
10998
3 daqiqa o‘qiladi

Bag‘dod tumani hokimi o‘zgardi

So‘nggi ikki yil davomida Bag‘dod tumaniga rahbarlik qilib kelgan Yusufjon Husayinov ishdan ketdi. Mahalladagi hokim yordamchilaridan yana biri tuman hokimiga aylandi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Bugun, 19 fevral kuni Xalq deputatlari Bag‘dod tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya ishida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov ishtirok etdi.

Sessiyada lavozimidan ozod etilgan Yusufjon Husayinov o‘rniga yangi tuman hokimini tayinlash bilan bog‘liq tashkiliy masala ko‘rildi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan taqdim etilgan G‘anijon Sheraliyevich Soliyev nomzodi Bag‘dod tumani deputatlari tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi va hozirga qadar Bag‘dod tumani «Xo‘jaqishloq» MFYda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi bo‘lib ishlab kelgan G‘anijon Soliyev Bag‘dod tumani hokimi etib tasdiqlandi.

G‘anijon Soliyev 1979 yilda Bag‘dod tumanida tug‘ilgan. Toshkent moliya institutini iqtisodiyot yo‘nalishida tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2002 yilda Uchko‘prik tumani moliya bo‘limida boshlagan. Turli yillarda Moliya vazirligi ijtimoiy soha va aholini moliyalashtirish bosh boshqarmasida, Farg‘ona viloyati moliya boshqarmasida, Farg‘ona shahar va Bag‘dod tumani moliya bo‘limlarida mas’ul lavozimlarda ishlagan.

2014–2017 yillarda Oltiariq tumani hokimi o‘rinbosari, 2017–2020 yillarda Bag‘dod tumani hokimi birinchi o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat olib borgan. 2020–2022 yillarda Farg‘ona viloyati hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 

G‘anijon Soliyev 2022 yil 11 yanvardan buyon Bag‘dod tumani «Xo‘jaqishloq» MFYda hokim yordamchisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelayotgandi.

  • Bag‘dod tumaniga 2022 yil yanvaridan buyon Yusufjon Husayinov rahbarlik qilayotgandi. 2024 yil yanvar oyi oxirida prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yilda 16 ta tumanda birorta ko‘p qavatli uy-joy qurilmagani, hokimlar buni reja ham qilmaganini aytgan va bosh vazirga mazkur tumanlar hokimlarining lavozimiga loyiqligini ko‘rib chiqishni topshirgandi. Bu hokimlar orasida Husayinov ham bor edi.

Mavzuga oid