Jahon | 21:46 / 19.02.2024
11771
9 daqiqa o‘qiladi

HAMASga so‘nggi muddat, Britaniya kemasiga zarba va NATOga muqobil tashkilot muhokamasi - kun dayjesti

Yangi ish haftasi boshlandi. Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.

FALASTINDAGI VAZIYaT

BMT Bosh assambleyasi Xalqaro suddan Isroilning Falastin hududlaridagi harakatlari huquqiy oqibatlarini baholashni so‘ragan edi. Eshituvlar Isroilning G‘azo sektoridagi amaliyoti fonida bo‘lib o‘tadi.

Xalqaro sud bugun Isroilning 1967 yildan beri Falastin hududidagi harakatlarining huquqiy oqibatlari bo‘yicha eshituvlarni boshlagan.

Sudda 52 davlat vakillari so‘zga chiqishi kutilmoqda. Gap boshqa narsalar qatorida «Isroilning Falastin xalqining o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini doimiy ravishda buzishi» haqida ketmoqda.

Isroil G‘azo janubida joylashgan Rafah shahriga HAMAS kuchlarini yo‘q qilish uchun hujumga tayyorlanmoqda. Bu shaharda ko‘plab falastinlik qochqinlar to‘plangan. Isroilning rejalari dunyo yetakchilarini xavotirga soldi.

So‘nggi olingan xabarlarga ko‘ra, Isroil agar HAMAS garovda ushlab turilgan asirlarning barchasini ozod qilmasa, 10 mart kuni Rafahni shturm qilishini e’lon qilgan.

«Kim Rafahdagi operatsiyamizni to‘xtatmoqchi bo‘lsa, oxir-oqibat bizga: «Urushni yutqazinglar» demoqda», — dedi Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu Isroil HAMAS harakati kuchlarini yo‘q qilish maqsadida Rafah shahriga hujumidan voz kechmasligiga urg‘u berib.

Hujum «tinch aholiga jangovar hududlardan xavfsiz joylarga ko‘chishga imkon berganimizdan keyin boshlanadi», — degan Netanyahu.

Bundan tashqari, Netanyahu hamaschilar bilan Misr va Qatar vositachiligida uyushtirilgan muzokaralarda muvaffaqiyat qozonmaganiga ishora qildi. Isroil tomoni «HAMASning aldamchi talablaridan boshqa hech narsa olmadi», degan Netanyahu.

Rafahda 1,3 millionga yaqin ichki falastinlik qochqin boshpana topgan. Norvegiya qochqinlar kengashi rahbari Yan Egelandning so‘zlariga ko‘ra, bu hududga kelganlar oziq-ovqat va ichimlik suvi yetishmasligi bilan to‘qnashmoqda. Yevropa va jahonning bir qator siyosiy arboblari Isroilning rejalaridan kelib chiqib, Rafah tinch aholisi taqdiridan xavotir bildirdi. 

FALASTIN OZODLIGI MASALASI

Ayni paytda Isroil prezidenti Ichoq Hersog Yaqin Sharqda kelishuvga erishish istiqboliga izoh berdi.

«Isroil-Falastin mojarosini tinch yo‘l bilan hal qilish mintaqadagi boshqa davlatlar bilan tuzilgan keng qamrovli kelishuv doirasidagina mumkin», — degan Ishoq Hersog Myunxenda o‘tgan xavfsizlik konferensiyasida.

«Isroil xavfsizligi masalasiga samarali yechim topmagunimizcha, bu sodir bo‘lmaydi», — degan Isroil prezidenti Falastin davlatini yaratish imkoniyati haqidagi savolga javoban.

Garchi avvalroq Isroil ommaviy axborot vositalari Isroil Saudiya Arabistoni bilan munosabatlarning yaxshilanishi evaziga Falastin davlatini tan olish bo‘yicha AQSh bilan kelishuvga erishgani xabar qilingan bo‘lsa-da, Isroil vazirlar mahkamasi «birtomonlama ko‘rinishda» Falastin davlatini tan olishni rad etish to‘g‘risidagi deklaratsiyani ma’qullagan. Ya’ni Isroilning hozirgi hukmron hukumatida Falastin davlatini tan olish niyati yo‘q. 

QIZIL DeNGIZDAGI VAZIYaT

Yaman qirg‘oqlari yaqinida yana kema hujumga uchradi. Xabarlarga ko‘ra, kema yaqinidagi portlash unga zarar keltirgan, ammo ekipaj xavfsiz holatda.

Yamanning janubi-g‘arbiy sohillarida yana kemaga hujum qayd etildi. Britaniya birlashgan qirollik dengiz savdosi operatsiyalari markazi 19 fevral, dushanbaga o‘tar kechasi voqea Al-Muxa port shahridan 35 dengiz milyasi janubda sodir bo‘lganini ma’lum qildi.

«Kapitan kema yaqinida portlash sodir bo‘lgani va zarar yetkazilgani haqida xabar berdi. U barcha ekipaj a’zolari xavfsiz ekanini ma’lum qildi», — deyiladi markaz xabarida.

Garchi markaz kemaning nomi va turini keltirmagan bo‘lsa-da, husiychilar Adan qo‘ltig‘ida Britaniyaning Rubymar kemasi zarbaga uchraganini xabar qilgan. Ularga ko‘ra, kemaga jiddiy shikast yetkazilgan va cho‘kib ketishi mumkin.

AQSh Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanib kelinayotgan husiychilarning «Ansorulloh» harakati nazorati ostida bo‘lgan Yamanning 5 ta hududiga zarba bergan. Zarbalar uchta mobil kemalarga qarshi qanotli raketalar, bitta suvosti va bitta suvusti dronlariga to‘g‘ri kelgan .

Amerika harbiylari Qizil dengizdagi operatsiya davomida ilk marta husiychilarda pilotsiz boshqariladigan suvosti suzish qurilmasi borligini aniqlagan. AQSh markaziy qo‘mondonligining xabariga ko‘ra, bu fakt Qizil dengizdan o‘tayotgan savdo kemalariga tahdidni yanada kuchaytiradi. 

UKRAINAGA YoRDAM

Yevropa zudlik bilan o‘q-dorilarga muhtoj bo‘lgan Ukrainaga harbiy yordamni kuchaytirishi kerak. Bu haqda Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen 18 fevral, yakshanba kuni Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi (MSC) muhokamalar chog‘ida aytib o‘tdi.

Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen fikricha, Yevropa Kiyevni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarlicha harakat qilmayapti. Daniya «barcha artilleriyasini» Ukrainaga topshirdi, dedi Skandinaviya qirolligi bosh vaziri.

«Biz ishonch hosil qilishimiz kerakki, urush boshlanganiga ikki yil to‘lganida, Ukraina ko‘proq yuklarni oladi», — degan Frederiksen. U Kiyevni o‘q-dorilar, artilleriya, uzoq masofaga uchuvchi raketalar, uchuvchisiz uchoqlar va F-16 qiruvchi samolyotlari bilan ta’minlash uchun koalitsiya doirasidagi ko‘makning kuchayishini nazarda tutgan.

Foreign Policy nashriga ko‘ra, dastlabki F-16 qiruvchi samolyotlari Ukrainaga iyun oyida yetkazilishi mumkin. Nashr Litva mudofaa vaziri Arvidas Anusauskasning so‘zlariga tayanib bu ma’lumotni keltirgan.

Chexiya prezidenti Petr Pavel Ukraina uchun 155 mm li yarim million, 122 mm li 300 ming snaryad topganini va bu snaryadlar bir necha hafta ichida Ukrainaga yetkazib berilishini aytgan.

Yaponiya Ukrainani tiklashga 106 mln dollar ajratadi. Pullar Ukrainaning yettita oblastida infratuzilma obektlarini tiklash uchun sarflanishi belgilangan. 

NATOGA MUQOBIL TAShKILOT?

Germaniyaning Myunxen shahrida Xavfsizlik bo‘yicha konferensiya yakunlandi. Unda NATO davlatlari Rossiyaning hujum qilish tahdidini muhokama qilgan, deb xabar beradi Bloomberg.

The Washington Post nashrining yozishicha, tomonlar agar AQShdagi saylovlarda Donald Tramp g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, NATOga muqobil tashkilot tuzish masalasini muhokama qilishmoqda.

Politico nashri esa Ukrainaning ittifoqchilari konferensiya doirasida ukrain armiyasining parokanda bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida so‘zlashgani to‘g‘risida xabar bergan.

Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Yevropa Ittifoqini Kiyevni yangi qurollar bilan ta’minlashda ikkilanayotgani uchun qoraladi. Endi kutishga vaqt qolmadi: urushdagi vaziyatni uch oy ichida hal qilish mumkin, deb hisoblaydi Borrel.

«Har bir yevropalik biz allaqachon urush holatida ekanimizni tushunishi kerak», degan Yevropa diplomatiyasi rahbari.

Borrelning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya yaqinda o‘tgan bahordan beri eng yirik g‘alabalaridan birini qo‘lga kiritgach, Ukrainadagi vaziyat ulardan tezroq va yaxshiroq hamkorlik qilishni, yordamlar yanada chaqqonroq va to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lishini talab qilmoqda.

Borrelning ta’kidlashicha, Yevropa Ittifoqi Kiyevga yangi turdagi qurollarni yetkazib berishda «juda ko‘p» ikkilanib, mojaro kuchayishidan qo‘rqdi, agar u qat’iyroq harakat qilganida jang maydonidagi vaziyat boshqacha rivojlanishi mumkin edi.

Amerika qonunchiliklari Myunxen xavfsizlik konferensiyasida Kongress Ukrainaga harbiy yordam ajratish bo‘yicha qonun loyihasini mart oyida tasdiqlashini anons qilgan.

«Myunxenda har ikki partiya qonunchilari Vakillar palatasi alaloqibatda yordam ajratilishini yoqlab ovoz berishlarini va’da qilishgan, ayrimlar bu narsa mart oyida sodir bo‘lishiga shama qilishgan», — deyiladi Politico nashri materialida.

Mavzuga oid