Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Muzokaralardan norozi Netanyahu, Suriyada Rossiya bazalari yaqinida janglar va sulh uchun shart qo‘yayotgan Kreml - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Netanyahu AQSh va HAMAS muzokaralaridan norozi
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu AQSh va HAMAS o‘rtasidagi muzokaralardan avvaldan xabardor qilinmagani va bu jarayonga noroziligini bildirdi.
Chorshanba kuni AQSh rasmiylari HAMAS yetakchilari bilan muzokara o‘tkazgani ma’lum qilindi. Unda o‘t ochishni to‘xtatishning ikkinchi bosqichiga o‘tish masalasi muhokama qilingan, ammo Isroil buni mutlaqo rad etmoqda.
Bu uchrashuv AQShning falastinliklar bilan muloqotdan voz kechish siyosatidan chekinishini anglatadi. The New York Times nashri Isroil rasmiylariga tayanib, Tel Aviv bu muzokaralar haqida boshqa manbalar orqali bilganini yozdi.
HAMAS vakillari esa Trampning tahdidlari Isroilni muzokaralardan qochishga rag‘batlantirayotganini ta’kidladi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt Tramp bu muloqotni «amerikaliklar hayoti uchun to‘g‘ri qaror» deb hisoblashini ma’lum qildi.
Suriyada Rossiya bazalari yaqinida janglar
Suriyada yangi hukumat xavfsizlik kuchlari sobiq prezident Bashar Asad tarafdorlari bilan og‘ir to‘qnashuvlarga kirishdi.
BBC va SOHR ma’lumotlariga ko‘ra, Lataqiya va Tartusdagi janglarda kamida 70 kishi halok bo‘ldi. Bu hududlarda Rossiya harbiy bazalari joylashgan.
Qurolli to‘qnashuvlarda 35 nafar yangi hukumat askari, 32 nafar Asad tarafdori va 4 tinch fuqaro halok bo‘ldi. 25 dan ortiq sobiq rejim jangchilari asirga tushgan. Qo‘zg‘olonchilar Asad tarafdorlari tomonidan strategik obektlarga hujum qilinganini da’vo qilmoqda.
Suriya himoya vazirligi Asad tarafdorlarini qo‘llarini ko‘tarib taslim bo‘lishga chaqirib, aks holda og‘ir oqibatlar haqida ogohlantirdi. Sobiq prezident Bashar Asad 2024 yilning dekabrida Rossiyaga qochgan edi.
Suriyaga 750 ming qochqin qaytdi — BMT
BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil noyabridan beri 750 ming suriyalik o‘z uylariga qaytdi. Biroq hali ham 7 million kishi o‘z vatanida qochqin holatida qolmoqda.
Tashkilot hisobotida, ayniqsa, dekabrdan boshlab ko‘chib ketganlar soni kamaygani qayd etilgan. Shuningdek, Suriyaga qaytish jarayoni Asad rejimi ag‘darilgandan keyin tezlashgani ta’kidlanmoqda.
2024 yil yanvaridan beri chet eldan 571 mingdan ortiq suriyalik qaytgan bo‘lsa, noyabrdan keyin bu raqam 259 mingni tashkil etgan. Ulardan 50 foizi Livandan, 22 foizi Turkiyadan va 13 foizi Iroqdan kelgan.
BMT vakillariga ko‘ra, Suriyada humanitar inqiroz davom etmoqda va muhtojlarga yordam ko‘rsatish hali ham ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.
Rossiya sulhga tayyor, lekin shartlari bor
Saudiya Arabistonida o‘tgan Rossiya va AQSh vakillari uchrashuvida o‘t ochishni to‘xtatish shartlari muhokama qilingan.
Bloomberg agentligining manbalariga ko‘ra, Rossiya Ukraina bilan vaqtinchalik sulhni muhokama qilishga tayyor, ammo avval tinimsiz muhokama qilinayotgan yakuniy tinchlik kelishuvining asosiy prinsiplarini aniqlash kerak.
Moskva shuningdek, tinchlikparvar kuchlarni jo‘natadigan davlatlarni ham o‘zining ishtirokisiz tanlanmasligini talab qilmoqda.
Kreml tinchlikparlik missiyasida NATO kuchlarining ishtirokini rad etib, neytral davlatlar, jumladan Xitoy tinchlikparvarlarini qabul qilishga tayyorligini bildirgan.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu haqda rasmiy izoh berishdan bosh tortdi. Ammo u avvalroq Rossiyaning xavfsizlik va strategik manfaatlarini diplomatik yo‘l bilan himoya qilish afzal ekanini aytgandi.
Kelasi hafta Saudiyada Ukraina va AQSh o‘rtasida tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkaziladi. Vashington Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatdi, NATOga qo‘shilish masalasini rad etdi va Kiyevga razvedka ma’lumotlarini chekladi.
Shu bilan birga, Rossiya Ukrainadagi energetika va infratuzilma obektlariga zarbalarni kuchaytirdi. Donald Tramp bu vaziyatdan norozi bo‘lib, Moskvaga og‘ir sanksiyalar tahdidi bilan murojaat qildi.
Tramp Rossiyaga yangi sanksiyalar bilan tahdid qildi
AQSh prezidenti Donald Tramp 7 mart kuni Rossiyani bosim ostida muzokaralarga majbur qilish imkoniyati sifatida yangi sanksiyalar va bojlar joriy etish ehtimolini bildirdi. Vashingtondagi manbalarga ko‘ra, Tramp Rossiyaga noto‘g‘ri yo‘lda ekanini bildirmoqchi.
Truth Social’da yozgan bayonotida u Rossiya «hozir Ukrainaga zarba bermoqda» deya ta’kidlab, Moskvaga nisbatan «keng ko‘lamli bank sanksiyalari va tariflar» joriy etilishini ko‘rib chiqayotganini bildirdi. Tramp Rossiya va Ukrainani zudlik bilan muzokara stoliga o‘tirishga chaqirdi.
Bu bayonot Kreml Ukrainaga hech qanday imtiyoz bermasligini bildirganidan so‘ng paydo bo‘ldi. Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Moskva Kiyevdan armiyani qisqartirish, NATOga qo‘shilmaslik va bosib olingan hududlarni tan olishni talab qilmoqda.
Ayni paytda Rossiya Luhanskning 98,6 foiz, Donetskning 62,6 foiz, Zaporijjyaning 71,9 foiz va Xersonning 69,3 foiz hududini nazorat qilmoqda. Qrim yarimoroli esa 2014 yildayoq to‘liq anneksiya qilingan.
Kreml Yevropa harbiy salohiyati oshayotganidan norozi
Kreml Yevropa Ittifoqining harbiy qudratni oshirish rejalari Rossiyaga qarshi yo‘naltirilganini ta’kidladi va javob choralari ko‘rilishi mumkinligini bildirdi.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Rossiyani asosiy raqib sifatida ko‘rib, o‘z harbiy salohiyatini oshirmoqda. Bu esa Moskva uchun jiddiy xavotir uyg‘otmoqda va xavfsizlikni ta’minlash uchun choralar talab qilishi mumkin.
Peskov Bryussel va Yevropa poytaxtlarining pozitsiyasini qarama-qarshilikka asoslangan, deya baholab, bu Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal etishga zid ekanini aytdi.
Ushbu bayonot Yevropa Ittifoqi yetakchilari Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirish va mudofaa xarajatlarini sezilarli oshirish bo‘yicha qaror qabul qilganidan so‘ng berildi.
Turkiya Ukrainani tiklashda ishtirok etmoqchi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Yevropa Ittifoqi yetakchilari bilan onlayn uchrashuvda Turkiya Ukraina mojarosini diplomatik yo‘l bilan hal etishga intilishda faol harakat qilganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara Ukraina hududiy yaxlitligi va mustaqilligini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi hamda adolatli va barqaror tinchlik platformasini shakllantirish tarafdori. Erdo‘g‘an favqulodda otishmalarni to‘xtatish va havo hamda dengizdagi hujumlarni to‘xtatishga chaqirdi.
Prezident Turkiyaning Yevropa Ittifoqi mudofaa dasturlaridan chetlatilganidan noroziligini bildirib, Bryusselni siyosatini o‘zgartirishga chaqirdi. «Yevropa xavfsizligi Turkiya ishtirokisiz ta’minlanmaydi», — dedi u.
Shuningdek, Erdo‘g‘an Turkiyaning Yevropa Ittifoqiga to‘liq a’zo bo‘lish maqsadidan voz kechmaganini ta’kidladi.
Tramp qo‘shnilarga yana bojlarni kechiktirdi
AQSh prezidenti Donald Tramp Kanada va Meksikadan keladigan ayrim tovarlarga 25 foizlik boj joriy etishni bir oyga kechiktirish haqida qaror qabul qildi. Uning ta’kidlashicha, ushbu cheklovlar Amerika avtomobilsozlik sanoatiga zarar yetkazmasligi kerak.
Bu paytda Kanada javob chorasi sifatida AQSh mahsulotlariga qo‘yilgan 4 mingdan ortiq tovarga boj joriy etishni 2 aprelgacha kechiktirdi. Ottava AQSh bilan bojlarni to‘liq bekor qilish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.
Ontario shtati gubernatori Dag Ford esa AQShning Minnesota, Nyu York va Michigan shtatlariga yetkaziladigan elektr energiyasi narxini 25 foizga oshirishini ma’lum qildi.
Bu orada rasmiy Pekin ham Tramp siyosatiga tanqidiy munosabat bildirib, AQSh bojlari ikki davlat o‘rtasidagi ishonchga zarar yetkazayotganini ta’kidladi.
Ilon Mask Zelenskiy saylovda yutqazadi degan fikrda
Amerikalik milliarder Ilon Mask Ukrainada saylov o‘tkazish zarurligini ta’kidlab, amaldagi prezident Volodimir Zelenskiy agar unda qatnashsa qaqshatkich mag‘lubiyatga uchrashini bildirdi.
U bu fikrni Tramp ma’muriyati va ukrain muxolifati uchrashuviga oid xabarga izoh sifatida yozdi.
Politico nashri ma’lumotiga ko‘ra, Tramp ma’muriyati vakillari Ukraina muxolifat yetakchilari, jumladan, Yuliya Timoshenko va Petro Poroshenko bilan uchrashgan. Poroshenko bu hamkorlik «ochiq va shaffof» asosda amalga oshirilganini ta’kidladi.
Bu orada Ilon Mask va AQSh hukumati a’zolari o‘rtasida ziddiyat kuchayayotgani aytilmoqda.
Ilon Mask AQSh Davlat kotibi Marko Rubio va Transport vaziri Shon Daffi bilan keskin tortishuvga kirishgan. The New York Times xabariga ko‘ra, vazirlar Maskni yolg‘onchilikda ayblashdi.
Mask hukumat xodimlari qisqarishi zarurligini ta’kidlab, Rubioni Davlat departamentida ishdan bo‘shatishlar deyarli yo‘qligi uchun tanqid qilgan.
Bunga javoban Rubio USAID yopilgani tufayli millionerni yolg‘onchilikda ayblagan. Daffi esa aviadispetcherlar soni kamayishiga qarshi chiqqan va bu AQShdagi havo harakati xavfsizligiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligini bildirgan.
Oraga shaxsan Donald Tramp kirib, vaziyatni yumshatgan. U hukumatdagi islohotlar «bolta emas, skalpel» bilan amalga oshirilishi kerakligini ta’kidlagan.
Mavzuga oid
13:40 / 28.05.2025
Talabalarga viza suhbatlarini to‘xtatgan AQSh, Isroilni tanqid qilgan kansler va Hayit kunini e’lon qilgan Saudiya – kun dayjesti
13:15 / 27.05.2025
HAMASga taklif qilingan sulh, Liverpuldagi fojia va rafiqasidan shapati yegan Makron - kun dayjesti
13:31 / 26.05.2025
Putin vertolyoti atrofida dronlar hujumi, Hamasning harbiy operatsiyasi va YeIga bojlarni kechiktirgan Tramp – kun dayjesti
14:21 / 24.05.2025