O‘zbekiston | 14:54 / 19.02.2024
22344
2 daqiqa o‘qiladi

“Suddan oqlov hukmi chiqarishni so‘rayman” – Sardor Kariyev

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudlanayotgan Farmagentlikning sobiq rahbari Sardor Kariyev nutqida o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni rad etishini bildirdi. U sirop atrofidagi ishlar uning nomini sotgan holda qilinganini ta’kidlab, sudyadan o‘ziga nisbatan oqlov hukmi chiqarishni so‘radi.

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha 2024 yil 19 fevral kuni o‘tkazilgan navbatdagi sud majlisida Farmagentlikning sobiq rahbari Sardor Kariyevning nutqi tinglandi. Bu haqda sud majlisida qatnashgan Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Sardor Kariyev nutqida o‘zining aybsiz ekanini ta’kidlagan.

“Advokatlarim tomonidan muzokara davomida keltirilgan vaj va dalillarning barchasiga qo‘shilaman. Tergov tomonidan menga qo‘yilgan ayblarning birortasiga ham men aybdor emasman, deb o‘ylayman. Menga qo‘yilgan ayblovlardan birortasida jinoiy qasd bo‘lmaganini ta’kidlab o‘taman.

Tergov yoki sud davomida men o‘zimning ko‘rsatmalarimni o‘zgartirmadim. Menga qarshi ko‘rsatma berayotgan odamlarning barchasi o‘zining ko‘rsatmasini yo o‘zgartirdi, yo boshqacha vajlar bilan to‘ldirdi. Bu, albatta, ularning menga qarshi berayotgan ko‘rsatmasida haqqoniylik yo‘qligidan dalolat.

Dastlabki tergov hujjatlari va pushaymonlik xatlari bilan tanishib, shunga amin bo‘ldimki, nima qilingan bo‘lsa mening nomimni sotib, ortimdan qilingan. Bu hujjatlar bilan siz ham tanishgansiz, albatta.

Menga asosiy qo‘yilayotgan ayblardan biri bu inspeksiyadan yechilish bo‘yicha go‘yoki men topshiriq bergan ekanman. Bu narsa bo‘lmagan va bunaqa topshiriq bermaganman”, deya ta’kidlagan Farmagentlikning sobiq rahbari.

Sardor Kariyev bularni hisobga olgan holda suddan o‘ziga nisbatan oqlov hukmi chiqarishni so‘ragan.

Oldingi sud majlisida Kariyevning advokatlari nutqi tinglangandi. Ular tergovda Kariyevga qo‘yilgan ayblovlar sudda o‘z isbotini topmaganini aytgan. 

Mavzuga oid