Frontdagi vaziyat: Avdiyivka egallangach, rus qo‘shini uch yo‘nalishda hujum qilmoqda
Amerikadagi Urushlarni o‘rganish instituti (ISW) ekspertlari qayd etishicha, ukrain qo‘shini Avdiyivka shahridan chekingach, Rossiya armiyasi bir vaqtning o‘zida uchta yo‘nalishda Ukraina qurolli kuchlari pozitsiyalariga faol ravishda hujum qilishga urinmoqda: Zaporijjya, Xarkiv va Donetsk oblastlari. Ukraina qurolli kuchlari vakillari ham Rossiya qo‘shini faollashgani to‘g‘risida xabar qilmoqda.
ISW’ning navbatdagi hisobotida aytilishicha, Rossiya kuchlari G‘arbning Kiyevga yordam berishdagi kechikishdan foydalanishga harakat qilmoqda va kamida uchta yurish amaliyoti o‘tkazmoqda: Xarkiv va Luhansk oblastlari chegarasida, xususan, Kupyansk va Liman yo‘nalishlarida; Donetsk oblastidagi Avdiyivka va uning atrofida; va Zaporijjya oblasti g‘arbidagi Rabotine posyolkasi hududida.
Ammo, ISW tahlilchilari hisoblashicha, yuzaga kelgan vaziyat Moskva istagani kabi oddiy emas.
Amerikalik ekspertlar fikricha, Ukraina qurolli kuchlari Avdiyivkani tashlab chiqqanidan keyin, katta ehtimol bilan, shahardan g‘arbroqda yangi mudofaa chizig‘i barpo etishning uddasidan chiqqan, bu esa ushbu hududdagi navbatdagi shiddatli janglarga olib kelishi mumkin.
Natijada Rossiyaning hujumkor operatsiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchrashi mumkin, deb yozmoqda ISW xodimlari.
Yordam kechikishi
Ukrain qo‘shini Avdiyivkadan olib chiqilgach, ISW va Ukraina hamda g‘arbdagi qator manbalar kelgan xulosaga ko‘ra, Kiyevga harbiy yordam yetkazib berilishi cho‘zilishi, birinchi navbatda — artilleriya snaryadlari va o‘ta muhim bo‘lgan havo hujumidan mudofaa tizimlari ukrain qo‘shiniga Avdiyivkani ushlab turish imkonini bermagan.
G‘arb tomonidan yetkazib berilgan qurol-aslahalarning keskin tanqisligi va Amerika harbiy yordami to‘xtatilishi mumkinligi borasidagi xavotirlar ukrain qo‘shinini qo‘llanayotgan moddiy-texnik vositalar va qurol-yarog‘lar miqdorini butun front bo‘ylab qisqartirishga majbur qildi.
Katta ehtimol bilan, bunday o‘zgarish Rossiya kuchlarini vaziyatdan foydalanib qolishga va Avdiyivka atrofida cheklangan hujum amaliyotlari boshlashga undadi, ular 2024 yil yanvar oyi boshida Xarkiv va Luhansk oblastlari chegarasida, so‘nggi 48 soatlikda esa Zaporijjya oblasti g‘arbida shu ishni takrorlamoqda, deb yozadi ISW ekspertlari.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy ukrain qo‘shini Rossiyaning bir necha oylik shiddatli hujumlaridan keyin qurshovga tushmaslik uchun Avdiyivkadan chiqqanini ma’lum qilgan.
Rossiya tomoni ukrain kuchlari tartibsiz chekingani va ularda Avdiyivkadan g‘arbda oldindan tayyorlangan yangi mudofaa marralari bo‘lmagani to‘g‘risida da’vo qilgan bo‘lsa-da, buni tasdiqlaydigan dalillar mavjud emas.
ISW tahlilchilari taxmin qilishicha, Moskva yuzaga kelgan operativ vaziyatni noto‘g‘ri baholagan. Qolaversa, ular ukrain qo‘mondonligi yaqinda Avdiyivkaga qarshi hujumlar o‘tkazish va shahar ichkarisidagi qo‘shin chekinishi uchun xavfsiz yo‘lak ta’minlash maqsadida qo‘shimcha kuchlar olib kelganiga e’tibor qaratgan.
Katta ehtimol bilan, aynan shu yangi kuchlar Rossiyaning oldingi shturmlarda kuchsizlangan va jonli kuch va texnikada katta yo‘qotishlarga uchragan bo‘linmalariga qarshi mudofaalanadi, bu esa ushbu yurishning sekinlashishi yoki butunlay to‘xtashiga olib keladi.
Avvalroq RF mudofaa vazirligi Rossiyaning «Markaz» qo‘shinlar guruhi Avdiyivka shahri ustidan to‘liq nazorat o‘rnatgani va front chizig‘ining bu uchastkasida 8,6 km oldinga siljigani haqida ma’lum qilgandi.
Rossiyalik harbiylar Avdiyivka hududida egallangan ukrain hududlarini 31,75 kv km maydonga baholamoqda.
Rossiya hujumlari to‘g‘risidagi ma’lumotni ukrainlarning «Tavriya» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni Oleksandr Tarnavskiy ham tasdiqlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Avdiyivka hududida «ukrainalik harbiylar yangi mudofaa marralarida mustahkam o‘rnashgan va rossiyalik bosqinchilarning yurishni rivojlantirishga qaratilgan urinishlarini muvaffaqiyat bilan qaytarmoqda».
«Taktik ilgarilash»? Rabotine hududida nimalar bo‘lmoqda?
Bu vaqtda ham rossiyalik, ham ukrainalik pabliklar Rossiya armiyasi Zaporijjya yo‘nalishida biroz ilgarilagani va Rabotine atrofida janglar faollashgani haqida xabar bermoqda.
Bu qishloq ukrain qo‘shinining yozgi yurishdagi asosiy maqsadlaridan biri bo‘lgan va bir necha haftalik janglardan keyin ushbu hudud ustidan nazorat o‘rnatilgandi.
Rossiyaliklarning WarGonzo Z-kanali muallifiga ko‘ra, Rossiya qo‘shini bu hududga Novoprokopovka va Verbove tomondan hujum uyushtirgan. «Har ikki uchastkaada taktik ilgarilash mavjud», — deya yozgan telegram-kanal muallifi Semyon Pegov.
Rabotinedan Verbovegacha yopirilma hujumlar haqida avvalroq ukrainlarning Deep State harbiy pabligi ham xabar tarqatgandi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, rus qo‘shini Verbovedan janubi-sharqda mudofaani yorib o‘tgan, hozirda ukrain qo‘shini «bu muammo bilan shug‘ullanmoqda». Yakshanba kuni kun oxiriga kelib bu hududda janglar intensivligi pasaygan.
Rossiyaning ayrim bo‘linmalari Rabotinega kirishga ham muvaffaq bo‘lgan, «ammo ularning aksari yo‘q qilingan», deya yozadi Deep State.
Ukraina QK ma’lumotiga ko‘ra, Rabotine hududida dushman 10 marta «ukrain qo‘shini pozitsiyalariga muvaffaqiyatsiz hujum amalga oshirgan».
Tarnavskiy bu hududda rossiyalik harbiylar «bir necha zirhli texnikalar bilan birgalikda kichik shturm guruhlar orqali hujum qilish taktikasiga qaytgani» haqida aytgan.
Ukraina qiruvchi samolyotlarni urib tushirganini aytmoqda
Bu vaqtda so‘nggi bir necha kun ichida ukrain harbiylari rossiyaliklarning jami oltita jangovar samolyoti urib tushirilgani haqida xabar bergan.
Rossiya bu ma’lumotlarga izoh bermagan, Ukraina qurolli kuchlarining bayonotini tasdiqlovchi boshqa mustaqil manbalar yo‘q.
Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy o‘z telegram-kanalida xabar qilishicha, dushanba kuni sharqiy yo‘nalishda ukrainalik harbiylar vayronkor boshqariluvchi aviabombalar tashiy oluvchi Su-34 bombardimonchi-qiruvchi hamda Su-35S qiruvchisini urib tushirgan.
Avvalroq Ukraina QK qo‘mondonligi bir kun ichida rossiyaliklarning uchta samolyoti — ikkita Su-34 va bitta Su-35 urib tushirilgani haqida xabar bergandi. Rossiyadagi manbalar o‘shanda faqat bitta Su-35 qiruvchi samolyoti boy berilganini tasdiqlagan.
G‘arblik ekspertlar fikricha, aynan havodagi ustunlik va aviabombalar faol qo‘llanishi Rossiya armiyasiga Avdiyivkada muvaffaqiyat qozonish imkonini bergandi.
Mavzuga oid
20:12 / 22.11.2024
«Aftidan qo‘rqinchli, ammo hech narsani o‘zgartirolmaydi» - «Oreshnik» qanaqa raketa?
14:17 / 22.11.2024
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12 / 22.11.2024
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024