Orol dengizi tubida cho‘lga chidamli o‘simliklar ekish boshlandi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda ekofaol yoshlar tomonidan Orol dengizi tubida saksovul ekish ishlari boshlandi.
«Bu yil tuzli va qumli shamollar hosil bo‘ladigan eng zaif joylarda yashil maydonlar yaratishni rejalashtirganmiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev 100 ming gektar maydonda qo‘riqlanadigan o‘rmonzorlar barpo etish vazifasini qo‘ydi. Biz 150-200 ming gektar maydonga daraxt ekishni maqsad qilganmiz. Davlat rahbari qum va chang bo‘ronlari masalasini shaxsan nazorat qiladi va hozirda mamlakatda bu muammoga qarshi samarali kurash olib borilmoqda, — dedi O‘rmon xo‘jaligi Davlat qo‘mitasi ilmiy-tadqiqot instituti akademigi, loyiha rahbari Zinoviy Novitskiy. — Bu muammoni hal etishda o‘rmon pitomniklarini tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Joriy yilda 150 gektar maydonda pitomniklar yaratish, u yerda saksovul, cherkez, qandim kabi cho‘l o‘simliklarini yetishtirish ko‘zda tutilgan».
Ma’lumot uchun, davlat rahbarining topshirig‘iga ko‘ra, 2018–2023 yillar davomida har yili viloyatlardan kelgan yordamchilar, O‘rmon xo‘jaligi agentligi va mahalliy fuqarolar ishtirokida ko‘plab maydonlarga cho‘l o‘simliklari ekildi. O‘tgan 5 yil davomida Orol dengizi tubida 1 mln 730 ming gektar o‘rmonzor barpo etildi, ya’ni 17 ming km kvadrat maydon ko‘kalamzorlashtirildi.
2024 yilda jami 150-200 ming gektar maydonda o‘rmonzorlar barpo qilish rejalashtirilgan. Bugungi kungacha o‘rmon xo‘jaliklari tomonidan 192,63 tonna cho‘l o‘simliklari urug‘lari, jumladan, 71,96 tonna saksovul, 120,67 tonna qorabaroq cho‘l o‘simliklari terilib, ekishga tayyorlandi. Shuningdek, 2,7 ming gektar maydonda saksovul, qandim, cherkes kabi cho‘lga chidamli o‘simliklarning urug‘ hamda ko‘chatlari ekilmoqda.
Maqsad «Yashil qoplamalar» – himoya o‘rmonlarini yaratish, hududdagi ekologik holatni yaxshilash, zararli tuz va changlar ko‘tarilishining oldini olishdir.
Mavzuga oid
14:08 / 05.11.2024
Sahroi Kabirni ko‘kalamzorlashtirish Yer iqlimiga qanday ta’sir qiladi?
17:08 / 21.09.2024
Olimlar ko‘zgu yordamida daraxtlarning o‘sishini tezlashtirishga muvaffaq bo‘ldi
13:08 / 05.09.2024
Yovvoyi holda o‘suvchi o‘simliklardan foydalanish tartibiga o‘zgartirish kiritildi
13:31 / 12.06.2024