O‘zbekiston | 21:05 / 20.02.2024
14118
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiobod tumani hokimining sobiq o‘rinbosari va uning jinoiy sherigiga hukm o‘qildi 

Yer sotish bilan bog‘liq jinoyatni sodir qilgan shaxslarga jarima va qamoq jazosi tayinlandi. 

Foto: Videodan kadr

Jizzax viloyati, Yangiobod tumani hokimining sobiq o‘rinbosari Q.R. va uning jinoiy sherigi sud tomonidan ozodlikdan mahrum qilindi va jarimaga tortildi. 

Qayd qilinishicha, 2023 yil may oyida Jizzax viloyatidagi qurilish firmasi rahbari bo‘lib ishlovchi Q.M. va Yangiobod tumani hokimi o‘rinbosari Q.R. oldindan o‘zaro jinoiy til biriktirib, boshqa korxona rahbariga 200 gektar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerni auksion orqali olib berishni va’da qiladi. Evaziga undan 200 ming AQSh dollarini talab qiladi. 

2023 yil 18 iyun kuni Q.M. Jizzax shahrida joylashgan restoranda kelishilgan summaning yarmi, ya’ni 100 ming dollarni olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shuningdek, jinoyatni to‘liq fosh etish maqsadida, dastlabki ko‘rsatmalar hamda mavjud dalillarga asoslanib, uning Yangiobod tumani hokimligida mas’ul lavozimda ishlovchi tanishi ham qo‘lga olingan. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiobod tuman sudi mazkur jinoyat ishini mazmunan ko‘rib chiqib, Q.M.ga BHM 400 baravari (132 mln so‘m) miqdorida jarima va 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishi jazosini, Q.R.ga esa 3 yil muddatga davlat ishtirokidagi korxona-muassasalardagi mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilingan holda BHM 400 baravari (132 mln so‘m) miqdorida jarima va 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Mavzuga oid