O‘zbekiston | 14:50 / 21.02.2024
4356
1 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda qurilayotgan maktabda loyihadan chetga chiqib arzon qurilish materiallari ishlatilgani aniqlandi

Mas’ul tashkilot tomonidan quruvchiga kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Sifatsiz devorlar buzib tashlangan.

Foto: Videodan kadr

Samarqand shahrining Qorasuv massivida qad rostlayotgan maktab qurilishida quruvchi tashkilot loyihadan chetlashib, arzon materialdan foydalangan. Bu haqda viloyat qurilish va uy-joy kommunal nazorati inspeksiyasi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, “Temir qalqon” MChJ tomonidan qurilayotgan maktabning faollar zali va sport zaliga loyihada gazoblokdan foydalanish ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, tashkilot boshqa arzon materiallardan foydalangan.

Devorlarga terilgan gazobloklar ham standartga mos kelmaydigan darajada sifatsiz terilgan. Maktab binosiga o‘rnatilgan eshik va derazalar ham sifatsiz tarzda o‘rnatilgan.

Bundan tashqari, qurilish obektida texnika xavfsizligi qoidalariga umuman amal qilinmagan.

Aniqlangan kamchiliklar inspeksiya tomonidan nazoratga olinib, MChJ mas’ullariga ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Loyihadan chetga chiqib, devorlarga terilgan beton bloklar buzdirilgan.

 

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid