Jamiyat | 12:22 / 23.02.2024
14491
2 daqiqa o‘qiladi

JSST qizamiq epidemiyasi keng tarqalishi ehtimolidan ogohlantirdi

Shoshilinch choralar ko‘rilmasa, 2024 yil oxiriga borib, dunyo mamlakatlarining yarmidan ko‘pida qizamiq epidemiyasi tarqalish xavfi juda yuqori. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lum qildi.

Foto: Fotolia

Qizamiq kasalligi hozirgacha Shimoliy va Janubiy Amerika qit’alaridan tashqari qolgan barcha mintaqalarda qayd etilgan. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, epidemiologik vaziyat yomonlashuvi koronavirus pandemiyasi davrida qizamiqqa qarshi emlash tadbirlari yetarli darajada tashkil etilmagani bilan bog‘liq. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi JSSTga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, 2022 yil dunyo bo‘yicha emlash qamrovi 2021 yilga nisbatan biroz oshgan bo‘lishiga qaramay, 33 million qizamiqqa qarshi vaksina dozalari bilan qamrab olinmagan. 22 million nafarga yaqin o‘g‘il-qiz vaksinalarning birinchi dozasini, 11 million nafari ikkinchi dozasini qabul qilmagan.

2024 yilgi emlash dasturlarida ham katta bo‘shliqlar bor. Agar holat shunday davom etsa, millionlab bolalarimiz bundan jabr ko‘rishi mumkin. Bugun sayyoramiz bo‘yicha qizamiqning o‘sish dinamikasi kuzatilyapti. Ayniqsa o‘rta daromadli mamlakatlarda ahvol qoniqarli emas. Biz 2019 yilgi holat takrorlanishidan xavotirdamiz”, – degan JSST vakili Natasha Kroukroft.

Ma’lum qilinishicha, yer yuzida qizamiq bilan kasallanish darajasi 2019 yilda keskin oshib, so‘nggi 23 yildagi rekord ko‘rsatkichga yetgan (869 mingta holat). Qizamiqdan o‘lim statistikasi ham 2016 yilga nisbatan deyarli 50 foizga ko‘paygan (207 ming holat).

Mavzuga oid