Jahon | 21:23 / 23.02.2024
21643
5 daqiqa o‘qiladi

NATOning sobiq bosh kotibi: Putin 20 yil oldin alyansga taklif kutgandi

Ukrainadagi urushning ikkinchi yili oxiriga kelib Vladimir Putin Rossiya o‘zining barcha dushmanlarini mag‘lub etishini qat’iyat bilan ta’kidlashda davom etmoqda.

Foto: BBC Russian

Uning nuqtayi nazariga ko‘ra, dushmanlar — NATO, AQSh va Yevroittifoq, Ukrainadagi urush esa — «kollektiv G‘arb» bilan kechayotgan, adolat tantanasi uchun, Rossiyaning mavjudligi uchun olib borilayotgan urushdir.

Ammo, BBC’ning Rossiya bo‘limi muharriri Stiv Rozenbergning eslashicha, 20 yil muqaddam u NATO bilan ittifoq tuzishga intilayotgan va kollektiv xalqaro xavfsizlik zarurati haqida gapirgan butunlay boshqacha Putin bo‘lgandi.

Bu vaqt ichida nimalar bo‘lib o‘tdi va Rossiya prezidentining G‘arb va NATOga munosabati nega bunchalik o‘zgarib ketdi?

Stiv Rozenberg shu savollar bila NATOning sobiq bosh kotibi Jorj Robersonga yuzlandi. Putin u bilan o‘zaro gaplashganida Rossiya Shimoliy Atlantika alyansiga qachon taklif etilishi haqida so‘ragandi.

BBC: Biz bugun televizor orqali kuzatayotgan Putin siz NATO rahbari sifatida muloqot qilgan Putindan nimasi bilan farq qiladi?

Jorj Roberson: Men o‘shanda uchrashgan Putin yaxshi ishlar qilgan, Rossiya-NATO kengashini tuzgan, hozirgi [Putin]dan, amalda manyakdan butkul farq qilardi.

O‘ylaymanki, Putin juda jizzaki, shu bilan briga uning o‘z mamlakati bo‘yicha ulkan ambitsiyalari bor. Ko‘p jihatdan noreal ambitsiyalar — SSSR ekvivalenti bo‘lish. Sovetlar ittifoqi dunyodagi ikkinchi superderjava bo‘lgan, Rossiya esa bunga da’vo qila olmaydi. O‘ylaymanki, bu uning nafsoniyatiga tegadi, bu ba’zida g‘arb ko‘rsatadigan zaiflik bilan qo‘shilib, avvaliga NATO bilan hamkorlik qilishni istagan, endi esa unda ulkan xavf ko‘rayotgan odamning shaxsiyatini o‘zgartirdi.

BBC: Sizda qachondir Putin NATOga a’zo bo‘lmoqchi degan tasavvur uyg‘onganmi? U siz bilan bu haqda gaplashganmi?

J.R.: Men Putin bilan ikkinchi uchrashuvimni eslayman, o‘shanda u to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘ragandi: siz Rossiyani NATOga qachon taklif etmoqchisiz?

Bunga men shunday javob qaytarganman: «Biz mamlakatlarni NATOga maxsus taklif qilmaymiz, ular o‘zi ariza berishadi». U esa degandi: «Xo‘sh, biz ahamiyatsiz mamlakatlarning barchasi bilan birga navbatda turmaymiz».

U unga taklif bilan chiqilishini xohlardi, chunki, mening fikrimcha, u hamisha Rossiya jahon sahnasidagi buyuk davlat ekaniga va sovetlar ittifoqi qozongan hurmatga sazovor bo‘lishiga ishongan, ayniqsa yanada kuchliroq ishonadi.

BBC: Putin G‘arb NATOni sharqqa tomon kengaytirmaslik to‘g‘risidagi va’dasiga amal qilmaganini aytadi va rossiyalik mulozimlar buni doimo eslatib turishadi. G‘arb, NATO yoki AQSh sovetlar ittifoqi yoki Rossiyaga NATO kengaymasligini va’da qilganmidi?

J.R.: Bu borada, albatta, hech qanday yozma hujjatlar bo‘lmagan, hech qanday kelishuv va shartlashuvlar ham. Bu yana Putin vaziyat bo‘yicha o‘z qarashlarini ilgari surayotganida o‘z haqligini tasdiqlash uchun hamma narsadan foydalanishini ko‘rsatuvchi holatdir. Masalan, Gorbachyovni aldashgani, Yelsin Xelsinki kelishuvlarini, Budapesht memorandumini, Parij shartnomasini, Rossiya-NATO kengashi tuzish to‘g‘risidagi aktni imzolayotganida mast bo‘lgani haqida aytganidek.

Ammo Vladimir Putinning o‘zi ham Rim deklaratsiyasini imzolagandi. 2002 yil 28 may kuni Putin men bilan birga o‘sha hujjatga imzo qo‘ygan, unda hududiy yaxlitlik va boshqa mamlakatlarning ishlariga aralashmaslikning asosiy tamoyillari mustahkamlangan. Buni uning o‘zi imzolagan va bunda boshqa hech kim aybdor emas!

BBC: Sizningcha, hozirda ishlar o‘lik nuqtadan oldinga siljishi uchun nimalar bo‘lishi kerak?

J.R.: Rossiya elitasi faqat bitta narsani tan oladi — kuchni. Ammo Putinda barchasi joyida emas. U NATOning kengayishiga xalaqit qilmoqchi edi, ammo Alyansga yangi davlatlar qo‘shilmoqda. U yevropaliklarni bo‘lib yubormoqchi edi, ammo ular bugun har qachongidan ham yakdil, u yevropaliklar va amerikaliklarni urushtirib qo‘ymoqchi edi, ammo ular jipslashishdi.

Agar Rossiya g‘alaba qozonib, Ukrainani bo‘ysundirsa va suveren mustaqil davlat sifatida yo‘q qilsa, unda Vladimir Putin va dunyodagi avtoritar rejimlar bu bilan to‘xtab qolmaydi. Va biz ularga kerakli vaqtda kerakli signalni yuborishimiz kerak.

Mavzuga oid