Jahon | 09:00 / 23.02.2024
5800
3 daqiqa o‘qiladi

Nova-C xususiy qo‘nish moduli Oy yuzasiga yetib bordi

Amerikaning Intuitive Machines kompaniyasi modulining qo‘nishi rejalashtirilganidek - uchirilganidan bir hafta o‘tgach sodir bo‘ldi. Bu 50 yildan ko‘proq vaqt oldin «Apollon» dasturi tugaganidan keyin AQShning Oyga birinchi qo‘nishidir. 

Foto: Reuters

Amerika xususiy kompaniyasining tijorat Oy zondi birinchi marta Oyga qo‘ndi. Nova-C Oyga qo‘nuvchi qurilmasi 22 fevral, payshanba kuni Yer sun’iy yo‘ldoshi yuzasiga yetib bordi va u yerdan signal uzatdi, dedi jonli efirda Texasning Intuitive Machines kompaniyasi vakili. Bu 50 yildan ko‘proq vaqt oldin «Apollon» dasturi tugaganidan keyin AQShning Oyga birinchi qo‘nishidir

Nova-C 15 fevral kuni Florida shtatidagi Kanaveral burnida AQSh kosmodromidan SpaceX raketasi bortida koinotga uchirildi. Shu paytgacha faqat AQSh, SSSR, Xitoy, Hindiston va Yaponiyaning davlatga qarashli kosmik kompaniyalari Oyga muvaffaqiyatli qo‘ngan. Xususiy kompaniyalar hech qachon bunday tashabbusni amalga oshira olmagan.

«Odissey» Oyda ikki hafta qoladi 

«Odissey» deb nomlangan Nova-C moduli Oyda 14 kun davomida ishlashi kutilmoqda. Qurilma biznesmen Ilon Maskning SpaceX aerokosmik kompaniyasi Falcon-9 raketasi orqali kerakli trayektoriyada uchirildi. Falcon-9 15 fevral kuni mahalliy vaqt bilan 01:05da (Toshkent vaqti bilan 11:05) Florida shtatidagi Kanaveral burnida Jon Kennedi nomidagi kosmik markazdan uchirilgan. Uchirish dastlab 14 fevral kuni ertalab rejalashtirilgan edi, biroq texnik nosozlik tufayli u bir kunga qoldirildi. 

Modulda foydali yuk sifatida oltita NASA tadqiqot asbobi mavjud. Ular qo‘nish zonasidagi muhitni o‘rganishi, shuningdek, astronavtlar qaytishi uchun yo‘l tayyorlaydigan tajribalar o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Bu NASA’ning joriy yil boshidan beri Oyga qo‘nish modulini yuborishga ikkinchi urinishidir. Yanvar oyida Astrobotic Technology kompaniyasining xuddi shunday missiyasi muvaffaqiyatsiz yakunlandi.

Oy poygasida Rossiya ham ishtirok etdi. Biroq, u uchirgan avtomatik sayyoralararo « Luna-25» stansiyasi 2023 yil avgustida Oy yuzasi bilan to‘qnashib ketdi va Roskosmosning xabar berishicha, «mavjudligini to‘xtatdi».

Mavzuga oid