Jahon | 17:09 / 24.02.2024
27236
16 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi birinchi vertolyotni yasagan olim – rossiyalik aviatsiya muhandisi nega AQShga ko‘chib ketgandi?

1917 yilda Rossiyada sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishidan so‘ng mamlakatni juda ko‘p boylar, olimlar va Chor Rossiyasi davrida ishlagan amaldorlar tark etadi. Ular orasida bugun “vertolyotlar otasi” deb ta’riflanadigan Igor Sikorskiy ham bor edi. Bu nom sobiq ittifoq respublikalaridan ko‘ra G‘arbda mashhurroq. Chunki u dunyodagi birinchi vertolyotni Amerikada yasab chiqqandi. Sikorskiy rossiyalik bo‘lsa-da AQShga ko‘chib ketgani uchun u haqda SSSRda eslanmagan va gapirilmagan.

Agar aviatsiya tarixiga nazar tashlansa samolyotlar vertolyotlardan ancha avval paydo bo‘lganini va odamning og‘irini yengil qila boshlaganini ko‘rish mumkin.

Biroq dunyodagi ilk vertolyotlar chizmasi ham 20-asr boshlariga borib taqaladi. Shunchaki, o‘rnidan qo‘zg‘aluvchi va tikuchar vertolyotlardan ko‘ra, avval ancha masofaga harakatlanib borib, so‘ng parrakli dvigatellar va qanotlar yordamida havoga ko‘tariladigan transportni yasab chiqish osonroq bo‘lgan.

Shu sababli dunyodagi ilk vertolyotlar ilk samolyotlar yasalgandan so‘ng oradan qariyb 50 yil o‘tgach tayyorlandi. Bunda rus olimi, umrining asosiy qismini Amerikada o‘tkazgan Igor Sikorskiyning hissasi katta.

Aytgancha, Sikorskiyning o‘zi uchuvchi bo‘lgan va boshida samolyotlar loyihasini tayyorlagan. AQShga ko‘chib o‘tganidan so‘ng vertolyotlar tayyorlash ishlariga jiddiy kirishgan.

Sikorskiy birinchi vertolyot bilan parvoz qilmoqda.

Tug‘ma aviakonstruktor

Igor Sikorskiy 1889 yilda Rossiya imperiyasida, Kiyev shahrida shifokor professor oilasida tug‘ilgan. Igor yoshligidan turli texnikalarga qiziqadi. 12 yoshida u tikuchar apparat modelini yasashga muvaffaq bo‘ladi.

Igorning akasi dengizchi edi, shu sababli u ham 1903 yilda Peterburgdagi Dengiz maktabiga o‘qishga kiradi. Biroq ko‘p o‘tmay u maktabni tashlaydi va muhandislik sohasiga qiziqib qoladi.

So‘ng Fransiyaga ketadi va bir muddat Dyuvinio de Lannodagi texnika maktabida o‘qib, aviakonstruktorlikni o‘rganadi. 1907 yilda u Rossiyaga qaytadi va Kiyev politexnika institutida o‘qiy boshlaydi.

1908 yilda Igor otasi bilan Germaniyada dam olayotganida gazetalar Aka-uka Raytlarning uchuvchi qurilmasi va graf Tseppelinning ilk drijabli parvozi haqida xabar berishadi. Shundan so‘ng Igor tikuchar uchuvchi apparatlar yasashga ahd qiladi.

U Germaniyadan o‘zi bilan birga 25 ot kuchiga ega bo‘lgan “Anzani” dvigateli bilan qaytadi. So‘ng hovlisidagi ustaxonasida vertolyot yasashga kirishadi.

Uning ilk vertolyoti tayyor bo‘lganda Sikorskiy uni uchira olmaydi. Vertolyotning parraklari bor kuchi bilan aylanadi, biroq qurilmani havoga ko‘tara olmaydi. Shundan so‘ng qurilmaning vaznini yengillatish, dvigatel kuchini oshirish bo‘yicha ishlaydi.

1909 yil kuzda Sikorskiy Parijga boradi va u yerda aerodromda tashkil etilgan konstruktorlar to‘garagida o‘qiydi. Qaytishda 25 hamda 15 ot kuchiga ega ikkita dvigatel olib keladi. 2010 yil bahorida uning ikkinchi vertolyoti tayyor bo‘ladi.

Bu vertolyot 180 kg og‘irlikda bo‘lib, u havoga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ladi. Ana shu qurilma dunyodagi tikuchar parvoz qila oladigan birinchi vertolyot edi.

Shu tariqa Sikorskiy 1908-1911 yillarda ikkita yengil vertolyotni tayyorlashga muvaffaq bo‘ladi va ikkinchi qurilmani Kiyevda o‘tkazilgan uchuvchi apparatlar ko‘rgazmasida namoyish etadi. Har ikki vertolyot ham og‘ir yuk ko‘tara olmasligi sababli uchuvchilar birga ucha olmasdi.

Sikorskiy tomonidan yasab chiqilgan S toifasidagi dastlabki samolyotlardan biri

1910 yilda Sikorskiy S-2 deb nomlangan samolyotni yasab chiqadi va uning parvozini o‘zi muvaffaqiyatli o‘tkazadi. U 1911 yilda uchuvchi diplomini oladi.

1911 yilda Sikorskiy S-2 samolyotini takomillashtirib S-3, S-4, S-5 samolyotlarini ham yasaydi va ular bilan 16 ta parvozni amalga oshiradi. Ana shu parvozlarda u Rossiyadagi bir qator rekordlarni yangilaydi.

Jumladan:

  • 500 metr balandlikkacha ko‘tariladi;
  • Tezlikni soatiga 125 kilometrgacha oshira oladi;
  • 52 daqiqagacha parvoz qiladi;
  • 85 kilometr uzoqlikkacha uchib boradi.

O‘sha paytda uni Peterburgga taklif etishadi va Nikolay 2 huzurida samolyotlarda parvoz qiladi.

1914 yil martda u S-6 samolyoti bilan bir nechta jahon rekordini o‘rnatadi – samolyotga ikki nafar odam mindirib soatiga 111 km tezlikda parvoz qiladi.

1912-1917 yillarda Sikorskiy Peterburgdagi Rus-Boltiq vagon zavodida aviatsiya bo‘limi bosh konstruktori lavozimida ishlaydi. O‘sha paytda u ikkita “Russkiy vityaz” va “Ilya Muromets” (S-22 samolyoti) nomli samolyotlarini yasab chiqadi.

“Ilya Muromets” samolyoti

«Ilya Muromets» harbiy samolyot bo‘lib, 1917 yilgacha ulardan 90 dona ishlab chiqarilgandi.

1914 yilda “Iskra” gazetasida Igor Sikorskiy tomonidan yasalgan “Ilya Muromets” samolyoti Peterburgdan Moskvagacha uchib borgani haqida xabar beriladi.

Oktyabr to‘ntarishi va Sikorskiy uchun xavfli kunlar

Tarixda sovetlar tomonidan “Ulug‘ oktyabr revolyutsiyasi”, jahon afkor ommasi tomonidan Oktyabr to‘ntarishi deb ataladigan 1917 yilgi hodisalardan so‘ng Igor Sikorskiyning boshi uzra qora bulutlar aylana boshlaydi.

Eng avval u ishlayotgan zavod bolsheviklar tomonidan tortib olinadi va ko‘p o‘tmay o‘z faoliyatini to‘xtatadi.

O‘z vaqtida Sikorsiy juda taniqli odam sifatida Peterburgdagi imperator saroyiga tez-tez chaqirilib turgan. U Rossiyaning so‘nggi imperatori Nikolay 2 bilan ham do‘stona munosabatda bo‘lgan.

Shu sababli davlat to‘ntarishi ortidan hokimiyat tepasiga kelgan bolsheviklar Sikorskiyni yoqtirmay qolishadi. Mamlakat bo‘ylab “Qizil terror” deb nomlangan qatag‘on o‘tkazilayotgan bo‘lib, o‘shanda bolsheviklar ko‘plab odamlarni dushmanlikda ayblab sudsiz otib tashlayotgan edi.

O‘shanda bolsheviklar safida bo‘lgan sodiq do‘stlari Sikorskiyga Rossiyadan chiqib ketishni maslahat berishadi.

Rossiya imperatori Sikorsiy yasab chiqqan samolyotni ko‘zdan kechiromoqda.

1918 yil 18 fevral kuni Igor Sikorskiy Arxangelsk orqali (boshqa ma’lumotlarga ko‘ra Murmansk orqali) Rossiyadan chiqib ketadi va avval Londonga boradi. So‘ng Parijga o‘tadi.

Sikorskiy Rossiyaligida Antanta doirasida Rossiya bilan ittifoqchi bo‘lgan Fransiya unga beshta samolyot loyihasini tayyorlab berishni buyurtma qilgandi. Igor shu masalada gaplashib olish uchun Fransiya Mudofaa vazirligiga boradi.

Biroq bu paytda Birinchi jahon urushi tugash arafasida bo‘lgani uchun fransuzlar buyurtmani bekor qilishadi. Shu sababli uning Fransiyadagi faoliyati uzoq davom etmaydi va u Amerikaga ketishga qaror qiladi.

Igor Sikorskiy AQShda

Sikorskiy Amerikada

Fransuzlar buyurtmani bekor qilgan vaqtda Sikorskiy chorasiz qoladi. Shunda u o‘sha paytda dunyoning eng boy va yirik davlatlaridan biri bo‘lgan AQShga ham samolyotlar kerak bo‘lishini anglab yetadi va okean ortiga otlanadi.

1919 yil mart oyida Sikorskiy Amerikaga ketadi va borib Nyu-York shahriga joylashadi. Sikorskiy Yevropada taniqli bo‘lgani bilan AQShda hech kim uni tanimasdi. Shu sababli u bir necha yil matematikadan dars berish bilan kifoyalanadi.

1923 yilda Sikorskiy «Sikorsky Aero Engineering Corporation» nomi bilan o‘z kompaniyasini tashkil etadi va uning direktori bo‘ladi. Unga kompaniyani tashkil etishda asosan rus muhojirlari yordam berishadi.

1927 yildan boshlab AQShda moliyaviy va iqtisodiy inqiroz boshlanadi va Sikorskiyning kompaniyasi ham tanazzulga uchraydi. O‘sha paytda ham rus muhojirlari kompaniya yopilib ketmasligi uchun Sikorskiyga moliyaviy yordam berishadi. U pullarni keyinroq oshig‘i bilan qaytaradi.

Sikorskiy AQShda o‘zining ilk modeli S-29 samolyotini 1924 yilda yasab chiqadi. 1925 yildan boshlab kompaniya Nyu-York shtatidagi Ruzvelt shaharchasida suvdan uchib-qo‘nishga ixtisoslashgan gidrosamolyotlar tayyorlay boshlaydi. S-38 deb nomlangan model juda muvaffaqiyatli sotiladi.

Sikorskiy AQShda yasab chiqqan S-38 gidroplani

1929 yilda Sikorskiy Konnektikut shtatidagi Stratford shahriga ko‘chib o‘tadi. Kompaniya nomi Sikorsky Aviation Company deb o‘zgartiriladi va o‘sha yili u United Aircraft and Transport Corporation (keyinchalik korporatsiya nomi United Technologies Corporation deb o‘zgartiriladi) tarkibiga kiradi.

Sikorskiy korporatsiya tarkibida bo‘lgan Vought Aircraft kompaniyasi bilan hamkorlik qila boshlaydi. U AQSh fuqaroligini 1928 yilga kelib olishga muvaffaq bo‘ladi.

Vertolyotlar va olamshumul mashhurlik

Yuqorida yozdik, Sikorskiy ilk vertolyotlar loyihasi bilan 1908-1911 yillarda shug‘ullana boshlagandi. 1930-yillarda gidrosamolyotlarga talab kamaya boshladi. Shundan so‘ng Sikorskiy yana vertolyotlar loyihasiga qaytadi.

O‘sha paytlarda yevropalik konstruktorlar tomonidan tomonidan bir nechta tikuchar uchuvchi apparatlar yasalgan, lekin ular ommalashmagan edi.

1939 yilda Sikorskiyning kompaniyasi Vought kompaniyasi bilan birlashadi va Vought-Sikorsky Aircraft nomini oladi. Ko‘p o‘tmay bu nomni qisqartirib Sikorsky Aircraft deb atay boshlashadi.

Sikorsiky tayyorlagan ilk vertolyot

1939 yilda Sikorskiyning kompaniyasi VS-300 deb nomlangan ilk tikuchar uchuvchi apparatni sinovdan muvaffaqiyatli o‘tkazadi. Bu dunyodagi odamni ham ko‘tara oladigan birinchi vertolyot edi.

Aynan shu model Sikorskiyga AQSh Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish imkoniyatini beradi. U AQSh harbiylari uchun Sikorsky R-4 deb nomlangan yangi vertolyotni tayyorlaydi.

1941 yilda o‘tkazilgan sinovlarda Sikorsky R-4 havoda bir yarim soat parvoz qiladi va tikuchar apparatlari orasida rekord o‘rnatadi.

Ikkinchi jahon urushi yillarida Sikorskiy AQSh Mudofaa vazirligiga 131 ta Sikorsky R-4 modelidan tayyorlab beradi. Harbiylar undan asosan qutqaruv ishlarida foydalanishadi.

1945 yilga kelib aynan Sikorskiy tufayli AQSh dunyodagi o‘z vertolyot ishlab chiqarish sanoatiga ega bo‘lgan yagona davlat edi.

Sikorsky R-4 vertolyoti

Urushdan so‘ng Sikorskiy o‘z vertolyotlarini ancha takomillashtiradi va ularni harbiylarga yetkazib berishda davom etadi. Sikorskiy harbiylarga juda ko‘p vertolyot sotadi. Masalan birgina S-58 modelidan 1953 yildan 1996 yilgacha 1 444 dona sotilgan.

1962 yildan boshlab kompaniya Sikorsky S-64 Skycrane (“Uchuvchi kran” deb ham atalgan) nomi ostida og‘ir yuk ko‘taruvchi vertolyotlar ishlab chiqara boshlaydi. Ko‘p o‘tmay uning yoniga o‘sha paytda dunyodagi eng yirik vertolyot CH-53 modeli ham qo‘shiladi.

Sikorskiy 1957 yilda kompaniya prezidentligidan ketadi. 1972 yilda vafot etadi. Kompaniya Sikorskiyning vafotidan so‘ng ham muvaffaqiyatli ishlashda davom etadi.

1970-yillar boshlarida Sikorsky Aviation Company Sikorsky S-67 Blackhawk nomi bilan yangi vertolyot loyihasini ishlab chiqadi. AQSh Mudofaa vazirligi darhol 294 ta vertolyot uchun buyurtma beradi.

Sikorsky S-67 Blackhawk

1980-yillar boshida kompaniyada 12 mingdan oshiq odam ishlar, uning yillik sof foydasi 1 mlrd dollardan oshardi.

1980-yillarda Sikorsky Aviation Company AQShdagi boshqa bir yirik aviakompaniya The Boeing Company bilan yengil vertolyotlar ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etadi.

Shundan so‘ng kompaniyaning ishlab chiqarish quvvati oshadi va vertolyotlarni eksportga ham chiqara boshlaydi. 1994 yilga kelib kompaniya ishlab chiqargan vertolyotlarning uchdan bir qismi eksportga keta boshlaydi. O‘sha yillarda kompaniya har yili 2 mlrd dollardan oshiq foyda bilan chiqardi.

2015 yil noyabrda United Technologies Corporation korporatsiyasi Sikorsky Aircraft kompaniyasini Amerikaning yana bir yirik avia ishlab chiqaruvchisi Lockheed Martin korporatsiyasiga 9 mlrd dollarga sotish bo‘yicha kelishuvga erishadi.

Og‘ir yuk ko‘tarishga mo‘ljallangan Sikorsky CH-54 Tarhe vertolyoti

Ma’lumot uchun, dunyoda juda mashhur bo‘lgan F-16 samolyotlarini aynan shu kompaniya ishlab chiqaradi. Hozirgi kunda uning eng zamonaviy F-35 modeli ishlab chiqarilmoqda. Bundan tashqari, korporatsiya NASA bilan hamkorlik qiladi va turli uchuvchi apparatlar tayyorlab beradi. So‘nggi yillarda kompaniyada qariyb 120 ming xodim ishlab kelmoqda.

So‘nggi yillarda Sikorsky Aircraft kompaniyasi Lockheed Martin korporatsiyasi qilayotgan yillik foydaning 25 foizini topib bermoqda. Masalan, 2021 yilda korporatsiya 67 mlrd dollar foyda ko‘rgan. Shundan 16,8 mlrd dollar foyda Sikorsky Aircraft hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Sikorsky Aircraft 1990 yillarda pilotsiz harakatlanadigan uchuvchi apparatlar ishlab chiqarish loyihalari bilan ham shug‘ullangan. O‘tgan yillar mobaynida ikkita model ishlab chiqarilgan.

Bular 1992 yilda ishlab chiqarilgan Sikorsky Cypher va 2001 yilda yangilangan Sikorsky Cypher II modellari.

Sikorsky Cypher - pilotsiz uchuvchi apparat

Sikorskiy Rossiyada yashab yurgan paytlarida uylangan va bir qizi bor edi. U G‘arbga chiqib ketganda xotini qizi bilan Rossiyada qoladi. 1923 yilda Sikorskiyning singillari ham Amerikaga borishadi va o‘sha paytda 6 yoshda bo‘lgan Tanyani o‘zlari bilan olib ketishadi.

Keyinchalik Sikorskiy AQShda boshqa ayolga uylanadi va 4 o‘g‘il ko‘radi. Keyinchalik uning o‘g‘illari va nabiralari ham aviatsiya sohasi bo‘yicha mutaxassislikni egallashadi va Sikorskiy tashkil etgan kompaniyada ishlashadi.

Rekordlar va Sikorskiyning siyosiy qarashlari

Sikorskiyning kompaniyasi birgina harbiy soha bilan hamkorlik qilmagan. Sikorsky Aircraft fuqaro aviatsiyasi uchun ham ko‘plab vertolyotlar ishlab chiqargan.

Sikorskiy loyihalashtirgan vertolyot (S-61 modeli) 1967 yilda birinchi bo‘lib Atlantika okeani ustidan uchib o‘tgan. 1970 yilda esa Tinch okeani ustidan uchib o‘tgan. Bunda S-65 vertolyotiga parvoz paytida havodan turib yonilg‘i quyib berishadi.

Sikorsky S-65

Sikorskiy 1963 yilda AQShdagi aviakonstruktorlarga beriladigan eng oliy mukofot – Amerika muhandis-mexaniklar jamiyatining medaliga sazovor bo‘lgan.

Shuningdek, u Amerikadagi turli rus va ukrain milliy markazlari faoliyatida ham aktiv qatnashib turgan.

Sikorskiy AQShda yashar ekan, umrining oxirigacha kommunistik tuzumga qarshi bo‘ladi. Rossiyadan Amerikaga qochib borgan muhojirlarga yordam ko‘rsatadi.

O‘limidan keyin sharaflangan Sikorskiy

Igor Sikorskiy vafot etganidan so‘ng juda ko‘p joyga uning nomi berilgan. Jumladan:

Ukraina milliy aviatsiya universitetining Aviakosmik litseyi;

  • Sankt-Peterburgdagi maydon;
  • Oyning orqa tomonidagi kraterlardan biri (1979 yilda Xalqaro kosmik ittifoq tomonidan berilgan);
  • 10090 raqamli astroid (1990 yilda Qrimdagi observatoriya xodimlari tomonidan topilgan);
  • Ukraina Milliy texnika universiteti (Sikorskiy 1912 yilda shu oliygohni tugatgan);
  • Kiyevdagi aeroportlardan biri Sikorskiy nomi bilan ataladi.

Shuningdek, Sikorskiyning o‘limidan so‘ng SSSRda uning hayoti haqida hikoya qiluvchi “Qanotlar haqida qissa” nomli badiiy film olingan.

Ukrainada Sikorskiy sharafiga chiqarilgan estalik tangalari

Ukraina milliy banki 2009 yilda Sikorskiy va uning birinchi samolyoti tasviri tushirilgan esdalik tangasi chiqargan. Bundan tashqari, Ukrainadagi bir qancha ko‘chaga Sikorskiy nomi berilgan.

AQShda 1980 yilda havaskor aviakonstruktorlar uchun yillik Sikorskiy mukofoti nomli mukofot joriy qilingan. Har yil u turli uchuvchi qurilmalar yasab ommaga namoyish etadigan havaskorlarga beriladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid