Bolalik orzusidan jahon sahnasigacha. Toyota tarixi haqida
Bir bola orzusidan yuzaga kelgan kompaniya – Toyota’ning qisqacha tarixi va bu tarixdan kelib chiqadigan xulosalar. Kun.uz yaqinda Yaponiyaga qilgan ijodiy safari davomida Toyota Memorial sanoat va texnologiya muzeyiga borgandi. Muzey bo‘ylab qilingan ekskursiya haqidagi katta ko‘rsatuv oldidan Toyota va uning yuksalishida Sakichi Toyodaning bolalik orzusi qanchalik ahamiyat kasb etgani haqida qisqa hikoya qilib beriladi.
Katta brendlar uchi ko‘rinmaydigan katta tog‘ bo‘lib ko‘rinadi ko‘zimizga. Ammo bu – imperiyaga aylanib ketgan kompaniyalar ko‘pincha bir kichik bolaning orzusidan boshlangan bo‘ladi. Shundan bola orzusi nechog‘lik kuchli narsa ekanini bilish mumkin. Bola orzusi – milliy manfaatlarga xizmat qilishi va hatto insoniyat taraqqiyotini ta’minlashi mumkin.
Toyota tarixi ham bir bolaning orzusidan boshlangan. Sakichi Toyoda 1867 yilda duradgor oilasida tug‘ilgan. U bolaligidan ixtirochi bo‘lishni orzu qilardi. Ammo u oilada katta farzand edi va an’ana bo‘yicha ota kasbni davom ettirishi kerak edi. Shu bilan birga, bu paytga kelib mamlakatda katta o‘zgarishlar ro‘y berayotgandi va an’analardan chekinish boshlangandi. Natijada Sakichi o‘z orzusini amalga oshirishiga imkon tug‘iladi. U to‘quv dastgohlari yasash bilan mashg‘ul bo‘ladi va qolgan umrini shunga bag‘ishlaydi.
1894 yilda uning o‘g‘li – Kiichiro dunyoga keladi. 20 yil o‘tib u otasiga avtomatik to‘quv dastgohini yaratishga yordam beradi. 1930 yilda Sakichi vafot etadi. Rivoyatga ko‘ra, Sakichining bolalik orzusi – avtomobil yaratish bo‘lgan va vafotidan oldin shu ish bilan mashg‘ul bo‘lishni o‘g‘li Kiichiroga vasiyat qilgan.
Shunday bo‘lganmi yoki yo‘q – noma’lum. Ammo fakt shuki, ota-bola Toyodalar yaratgan avtomatik to‘quv dastgohiga olingan patent Platt brothers & co nomli ingliz kompaniyasiga 100 ming funt sterlingga sotiladi va bu pullarni Kiichiro birinchi avtomobilini yaratish uchun sarflaydi.
Va birinchi avtomobil yaratildi – «Model A 1». Va birinchi yuk tashuvchi avtomobil ham – «Model G1».
«Model A 1» 1936 yilda konveyerga qo‘yildi. O‘sha yildayoq eksport qilina boshlandi. 1937 yilda avtomobil ishlab chiqarish departamenti asosiy kompaniyadan ajralib chiqdi, u Toyota Motor Co deb nomlandi.
Orqaroqqa qaytamiz. Toyota o‘z avtomobilini noldan ishlab chiqarmadi – kompaniya tarixi Amerika mashinalaridan nusxa ko‘chirishdan boshlangan. Ammo bu ham oson kechmagan – muhandislar u yoki bu vazifani uzoq vaqt bajara olmay yurishar edi. 1936 yilda Toyota A avtomobili yuzaga keldi. U Amerikada ishlab chiqarilgan Chrysler Airflow avtomashinasining ko‘chirmasi edi. Quyma kuzov, o‘rta to‘siqsiz peshoyna, diskalar, spitsasiz g‘ildirak – hammasi sifatli qilib chiqarilgandi. Ammo avtomobil qimmatga tushgani bois atigi 1404 dona sotilgan.
Avvalboshdan Toyodalar kompaniyasi innovatsion yondashuvlarni qo‘llaydi. Hali to‘quv dastgohlari ishlab chiqarilgan paytdayoq bir xodimning ishida muammo paydo bo‘lsa, butun ishlab chiqarish to‘xtatilar edi. Shu tarzda sifatsiz mahsulot ishlab chiqarish ehtimoli pasaytirilardi. Bu tajriba avtomashina ishlab chiqarishda ham samarali qo‘llanadi.
1937 yilda Kiichiro avtomobil ishlab chiqaruvchi bo‘linmani ajratib olib, alohida kompaniya tuzadi – Toyota Motor Company. Nega avvalgi Gap shundaki, D harfini ifodalovchi iyeroglifni yozish uchun qalam bilan to‘qqizta chiziq tortish kerak, to‘qqiz raqamini esa yaponlar «baxtsiz» deb biladi...
1937 yilda kompaniyaning omadi chopadi – hukumat 3000 dona yuk tashuvchi mashinaga buyurtma beradi. Bu keyingi izlanishlar uchun naqd pul degani edi – toyotachilar hamisha G‘arb mashinalaridan nusxa ko‘chirish niyatida emasdi. 1938 yilda kompaniyaga tegishli, xossatan avtomobil ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan zavod paydo bo‘ldi. Zavod atrofida shahar paydo bo‘ladi. Hozirda u Toyota deb nom olgan.
Yangi asrga kelib kompaniya bir yilda 10 million avtomobil sotib, bu borada jahon rekordini qayd etdi.
Rivojlanish zamirida harakat yotadi deyishadi. Olimlar katta-katta kitoblar yozgan... xalqlar qanday qilib o‘z-o‘zini o‘nglagani, rivojlangani haqida. Butun boshli ilmiy yo‘nalishlar bu haqda gapiradi, katta institutlar buni o‘rganadi. Hamma «biz bilamiz» deydi, rivojanish omillarini bilishini aytadi.
Ha, olimlar iqtisodiy, ijtimoiy yuksalish omillarini yaxshi o‘rgangan, buni yoddan aytib beradiganlar ham bor. Biroq...
Biroq hech bir ilmiy lug‘atda «orzu» so‘zi yo‘q. Chunki orzu bu nozik materiya bo‘lib, uning manbasini – qayerdan kelishini hech kim bilmaydi, orzu qilishni hech qayerda o‘rgatishmaydi va... orzuni chaqirib olib ham bo‘lmaydi.
Go‘yo orzu samoni kezib, kimning boshiga qo‘nishni o‘zi tanlaydi. Va bunda u go‘yo toza qalblarni izlaydi va topolmaganidan bola qalbini tanlaydi.
Va orzu o‘z tanlovini qilgandan keyin, ajib ishlar sodir bo‘ladi... Bu go‘yo qish tugab, qorlar erib, erta bahorda yog‘gan yomg‘irdan unib chiqadigan o‘simlikka o‘xshaydi, hayot qo‘zg‘alishiga o‘xshaydi. Zero, orzu kuchi grandioz ichki safarbarlikni keltirib chiqaradi va shunda orzu kuchi bilan yuzaga kelgan ishlar ko‘zimizga uchi ko‘rinmaydigan tog‘ bo‘lib ko‘rinadi. Holbuki, hammasi bir bolaning orzusidan boshlangan edi.
Shokir Sharipov
Mavzuga oid
20:03 / 08.11.2024
Nissan savdolar tushib ketgani tufayli minglab xodimlarini ishdan bo‘shatadi
18:37 / 08.11.2024
Fuji tog‘iga birinchi qor yog‘di - bu 130 yildan beri kuzatilgan eng kech sana
17:26 / 07.11.2024
Osiyodagi eng katta kruiz layneri Yaponiyada buzilib qoldi
18:00 / 06.11.2024