Guliston tumani sobiq hokimi 300 ming dollarga yer sotish bilan bog‘liq ishga aloqadorligi aniqlandi
Guruh a’zolari bir sotixni 8 ming dollarga baholab, oldindan 50 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Foto: Videodan kadr
Sirdaryo, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida yer maydonlarining noqonuniy sotilishi bilan bog‘liq holatlarga chek qo‘yildi.
Guliston shahrida yashovchi, 1964 va 1976 yillarda tug‘ilgan ikki shaxs o‘zaro til biriktirib, hozirda Guliston tumani hokimiyati zaxirasida bo‘lgan 38 sotix yer maydonini tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga olib berish hamda ushbu yer maydonida ko‘p qavatli uy-joy qurish uchun mansabdor tanishlari orqali tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 300 ming AQSh dollari talab qilishgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda Guliston shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda ular oldindan 50 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida ushbu noqonuniy ishga 2018-2021 yillarda Guliston tumani hokimi lavozimida ishlagan shaxs ham aloqador ekani aniqlangan.
- Ma’lumot uchun, 2018 yil 18 oktyabrdan 2021 yil 12 avgustiga qadar Shavkat G‘ofurov Guliston tuman hokimi lavozimida ishlagan, uning o‘rniga tayinlangan Saydimqul Begimqulov esa 2023 yil iyulida ishdan olingandi.

Shuningdek, Samarqand viloyati Nurobod tumanidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi rahbari va hisobchisi o‘zaro til biriktirib, mazkur xo‘jalikka 49 yil muddatga ijaraga berilgan 3 gektar yer maydonini xaridorga 70 ming dollarga sotishga kelishib, oldindan 35 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.
DXXning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham boshqa huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar o‘tkazgan.
Jumladan, Qamashi tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari mazkur tumandagi klasterga tegishli 66,32 gektar yaylov yerlaridan ikkilamchi ijara shartnomasi asosida foydalanib kelayotgan bo‘lsa-da, ushbu shartnomani bekor qilib, klaster rahbarlari orqali 57 gektar yaylovni xaridor nomiga ijara asosida rasmiylashtirib berish evaziga 500 mln so‘m talab qiladi. Ammo, u so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 20 ming AQSh dollari va 100 mln so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Shahrisabz tumanidagi agrofirma rahbari tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 50 gektar sug‘oriladigan yer maydonini mansabdor tanishlari orqali xaridorga bir yil muddatga tegishli hujjatlarsiz foydalanish uchun olib berish evaziga 500 mln so‘m talab qilib, shundan 100 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan. Tergovga qadar tekshiruv davomida u mazkur pul mablag‘ining bir qismini o‘zining jinoiy sherigi bo‘lgan, paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaligi rahbariga berishi kerak bo‘lgani aniqlanib, ushbu shaxs ham 20 mln so‘m olgan vaqtida ushlangan. Agrofirma rahbari ham, klaster rahbari ham muqaddam sudlangan bo‘lgan.
Surxondaryo viloyati Qiziriq tumanida yashovchi 1975 yilda tug‘ilgan fuqaro o‘z turmush o‘rtog‘iga tuman hokimining 2010 yildagi qarori ostida dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun 49 yil muddatga ijaraga berilgan 30 sotix yer maydonini 40 sotix deb ko‘rsatib, xaridorga 280 mln so‘mga sotishga kelishadi. Huquq-tartibot organlari o‘tkazgan tezkor tadbir vaqtida u so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda yuqoridagi holatlar bo‘yicha jinoyat ishlari ochilgan.
Tavsiya etamiz
Importga cheklovlar: mas’ul va faollar o‘rtasida qizg‘in tortishuv
O‘zbekiston | 22:40 / 08.04.2025
Toshkentdagi qahvaxonada til bilan bog‘liq holat muhokamalarni keltirib chiqardi
O‘zbekiston | 23:03 / 07.04.2025
Xitoylik tadqiqotchilar Osiyoda yangi zilzilalar kuzatilishidan ogohlantirdi
Jahon | 21:46 / 06.04.2025
Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz bo‘yicha kompensatsiya beriladi
O‘zbekiston | 14:32 / 06.04.2025
Mavzuga oid

19:06 / 18.03.2025
Bo‘stonliqda 20 sotix yerni 230 ming dollarga sotishga uringan shaxslar ushlandi

23:32 / 15.03.2025
Toshkent viloyatida 1 mln dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

17:39 / 28.02.2025
Sirdaryo va Oqoltin tumanlariga yangi hokim tayinlandi

13:45 / 26.02.2025