Josuslik urushi: MRB Ukraina maxsus xizmatlariga qachondan yordam bera boshlagandi?
Ukrain razvedkasi MRB ko‘magida Rossiya bilan chegara hududlarda 12 ta maxfiy baza tashkil etgan. NYT AQSh va Ukraina maxsus xizmatlari hamkorligi qanday boshlangani haqidagi surishtiruv e’lon qildi. Tramp davrida bu hamkorlik faqat kuchaygan.
The New York Times Rossiya tajovuzini qaytarishda muhim rol o‘ynagan Amerika va Ukraina maxsus xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlik qanday rivojlangani haqidagi katta surishtiruvni e’lon qildi. Jurnalistlarning aniqlashicha, Amerika razvedkasi ukrainalik hamkasblari bilan 2014 yilda, Ukrainaning o‘sha vaqtdagi prezidenti Viktor Yanukovich Rossiyaga qochib ketganidan keyin yaqindan ishlay boshlagan. Shu bilan birga, NYT manbalari aytishicha, AQSh avvaliga bunday hamkorlikka u qadar qiziqish bildirmagan va ukrain maxsus xizmatlari ularni buning zarurligiga ishontirishiga to‘g‘ri kelgan. «Meduza» The New York Times matnidan asosiy joylarini keltirdi.
Amerika va Ukraina maxsus xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlik 10 yil muqaddam hozirgi ko‘rinishda shakllana boshlagan, deya yozadi jurnalistlari amerikalik, ukrainalik va yevropalik mulozimlar bilan 200 dan ortiq intervyu uyushtirgan The New York Times. 2014 yil fevralida prezident Viktor Yanukovich Ukrainadan qochib ketadi, Oliy rada esa Valentin Nalivaychenkoni Ukraina xavfsizlik xizmati rahbarligiga tayinlaydi. U 2006–2010 yillarda ham bu lavozimda ishlagan va Amerika maxsus xizmatlari bilan aloqani yo‘lga qo‘yishga harakat qilgan, ammo Ukraina Yanukovich boshqaruvi davrida Rossiya bilan yaqinlasha boshlagach, bu hamkorlik uzilib qolgandi, deya yozadi nashr.
Oliy rada spiker Oleksandr Turchinov Ukraina prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi bo‘lgach, Nalivaychenko Ukraina xavfsizlik xizmati shtab-kvartirasiga keladi. Hovlida u yonayotgan hujjatlar uyumi ustidan chiqadi, ichkarida esa — barcha ma’lumotlar o‘chirib yuborilgan ko‘plab kompyuterni ko‘radi. «U yer bo‘m-bo‘sh edi. Na tok, na rahbariyat bor edi. U yerda hech kim yo‘q edi», — deya hikoya qiladi Nalivaychenko.
Ukraina xavfsizlik xizmatining yangi rahbari darhol Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) va Britaniyaning MI6 razvedka xizmatiga uch tomonlama hamkorlik taklif etadi, shuningdek Ukraina maxsus xizmatlarini noldan tiklashda yordam ko‘rsatishni so‘raydi. «Barchasi shunday boshlangandi», — deya qo‘shimcha qiladi Nalivaychenko.
Ko‘p o‘tmay Rossiya Qrimga qo‘shin kiritadi, Donbassda esa Donetsk xalq respublikasi e’lon qilinadi. Nalivaychenko Ukraina muhofazasi uchun razvedka ma’lumotlarini taqdim etishni so‘rab, MRBga murojaat qiladi, shundan keyin tashkilot direktori Jon Brennan Kiyevga tashrif buyuradi.
UXX rahbari bilan uchrashuvda u AQSh munosabatlarni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini tasdiqlaydi, ammo bu MRB uchun qulay sur’atlarda bo‘lishi kerak edi. Shu bilan birga, NYT nashri qayd etishicha, Amerika razvedkisi uchun o‘shanda Nalivaychenko o‘z lavozimida qancha vaqt qolishi va Ukrainaning yangi rahbariyati inqirozni yengib o‘tishga qanchalik qodirligi masalasi muhim edi.
Markaziy razvedka boshqarmasida oldinroq UXX bilan hamorlik borasida omadsiz tajriba bo‘lgani tufayli, Brennan Nalivaychenkoni ukrain maxsus xizmatlari AQShga qimmatli ma’lumotlarni taqdim etishga qodirligini isbotlashi kerakligi haqida ogohlantiradi. MRB rahbari shuningdek, Ukraina xavfsizlik xizmati rossiyalik josuslardan tozalanishi lozimligini uqtiradi. Ukraina maxsus xizmatlari bu shartlarga rozilik bildiradi.
The New York Times nashri yozishicha, AQShning o‘sha vaqtdagi prezidenti Barak Obamaning ma’muriyati maxsus xizmatlarning hamkorligi tufayli Kreml bilan mojaro kelib chiqishi mumkinligidan xavotir olgan, shuning uchun Oq uy MRB va UXX uchun qator qoidalarni belgilab bergan, ulardan biri bu hamkorlik odamlar o‘limiga olib kelmasligi bo‘yicha edi. UXXdagilar Obama ma’muriyatining talablariga rozi bo‘lmagan, ammo maxsus xizmatlar yakunda muayyan balansga erisha olgan. NYT jurnalistlari qayd etishicha, ularning hamkorligi doimiy keskinlik sharoitida kechgan, chunki Oq uy hech qachon barcha «qizil chiziqlar»ni aniq belgilab bermagan.
Maxsus xizmatlar o‘rtasidagi munosabatlar rivojiga 2014 yil yozida Ukraina hududida malayziyaliklar Boeing yo‘lovchi samolyoti qulashi jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. O‘shanda Ukraina xavfsizlik xizmati aksilrazvedka departamentining Beshinchi boshqarmasi ushbu halokatga «DXR» qurolli tuzilmalari ishtirok etganini tasdiqlovchi qimmatli ma’lumotlarni yig‘ishga muvaffaq bo‘ladi.
Amalga oshirilgan ishlar MRBda yaxshi taassurot qoldiradi, shuning uchun Amerika razvedkasi o‘zining ilk jiddiy majburiyatini bajaradi — ukrain maxsus xizmatlariga xavfsiz aloqa vositalari taqdim etiladi, shuningdek Beshinchi boshqarma hamda UXXning ikkita elita bo‘linmasi a’zolari maxsus tayyorgarlikdan o‘tkazilishi ta’minlanadi.
«Ukrainlarga baliq [ya’ni razvedka ma’lumotlari] kerak edi, biz esa siyosiy sabablarga ko‘ra uni bera olmasdik. Ammo biz ularga baliq ovlashni o‘rgatish va ularni qarmoq bilan ta’minlashdan mamnun edik», — degan jurnalistlarga amerikalik mulozimlardan biri.
Ammo 2015 yildayoq UXX va MRB munosabatlari yana zaiflashadigandek ko‘rina boshlaydi, chunki Nalivaychenko lavozimdan olinadi. Boshqa tomondan, bu yangi imkoniyatlar eshigini ochadi, deya yozadi The New York Times. O‘shanda UXX aksilrazvedka departamenti rahbari Valeriy Kondratyuk Ukraina mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi (GUR)boshlig‘i lavozimini egallaydi.
Avvaliga AQSh razvedka boshqarmasi bilan aloqalarni kuchaytirishni istamaydi, chunki ukrain harbiy razvedkasi qimmatli ma’lumot bera olishiga ishonqiramaydi, ammo Kondratyuk buning aksini isbotlashga kirishadi. Xususan, u AQSh mudofaa vazirligi Razvedka boshqarmasi vakili bilan uchrashuv uyushtiradi hamda unga rossiyaliklarning maxfiy hujjatlari to‘plamini topshiradi. Amerika razvedka boshqarmasi rahbariyati bunga shubha bilan qaraydi va Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi bilan hamkorlik qilmaslikka qaror qiladi.
O‘shanda Kondratyuk atom suvosti kemalari loyihalari haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi Rossiya Shimoliy floti haqidagi maxfiy hujjatlarni Amerika razvedkasiga berish orqali MRB bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishga qaror qiladi. MRB tahlilchilari hujjatlarning haqiqiyligini tasdiqlashgach, «Amerika maxsus xizmatlari doimiy ravishda Bosh razvedka boshqarmasi ofisini hujjatlarga to‘la ryukzaklar bilan tark eta boshlaydi», deb yozadi The New York Times.
Ikki idora ham hamkorlikni o‘zaro manfaatli deb hisoblagan. Kondratyuk Amerika maxsus xizmatlari boshqarmani mustahkamlashga yordam berishiga ishonchi komil bo‘lgan, bu vaqtda esa MRB ukrain harbiy razvedkasi Rossiyada josuslarni yollashda yordam berishiga umid qilgan.
«Rossiyaliklar uchun amerikaliklarga yollanish — mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan, oliy darajadagi xiyonat va sotqinlik. Ammo rossiyalikni ukrainalik yollashi — bu shunchaki bir krujka ustidagi do‘stlar suhbatidir», — deya izohlagan Kondratyuk.
Vaqt o‘tib Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i hamda ukrain maxsus xizmatlari xodimlari tomonidan Santa-Klaus laqabini olgan MRBning Kiyevdagi qarorgohi boshlig‘i (The New York Times uning shaxsini ochiqlamagan), yaqinlasha boshlaydi, idoralar o‘rtasidagi munosabatlar esa faol rivojlanadi.
Kondratyukning 2016 yil yanvarida Vashingtonga qilgan tashrifi burilish pallasi bo‘ladi. O‘shanda MRB Bosh razvedka boshqarmasiga rossiyalik harbiylarning xabarlarini tutib olish tizimini takomillashtirishga yordam berishga rozi bo‘ladi. Buning evaziga Ukraina idorasi rahbari qayta ishlanmagan barcha razvedka ma’lumotlarini amerikaliklar bilan bo‘lishishga rozilik bildiradi.
Ko‘p o‘tmay MRB ukrainalik hamkasblarga jihozlarni yubora boshlaydi, ukrainlar esa Rossiya bilan chegaralar bo‘ylab 12 ta maxfiy obektni ham o‘z ichiga oluvchi josuslik bazalari tarmog‘ini barpo etishga kirishadi. Taxminan shu vaqtlarda ukrain maxsus xizmatlari xodimlarini o‘qitish dasturi ishga tushiriladi, bu jarayon Yevropaning ikki shahrida o‘tkaziladi. Dastur «„Oltin baliq“ operatsiyasi» nomini oladi, uning bitiruvchilari chegara bo‘ylab joylashgan 12 ta operativ bazaga jo‘natiladi, bu yerda ular Rossiya ichkarisida razvedka ma’lumotlari yig‘uvchi josuslar tarmog‘ini boshqaradi, degan Kondratyuk jurnalistlarga.
Gazetaning qayd etishicha, odatda MRB boshqa mamlakatlarning maxsus xizmatlari bilan qo‘shma amaliyotlar o‘tkazish darajasida o‘zaro ishonchga ega bo‘lishi uchun yillar talab etiladi, ammo ukrainlar bilan bog‘liq holatda buning uchun yarim yildan kamroq vaqt yetarli bo‘lgan (Kondratyuk Vashington borgan vaqtdan boshlab).
Shunga qaramay, «qizil chiziqlar» hech qayerga yo‘qolmagandi, maxsus xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlik esa ma’lumotlar yig‘ish bilan cheklanardi. Bundan tashqari, MRB hatto Bosh razvedka boshqarmasini rus qo‘shini hujum qilgan holatlar uchun Rossiya hududidagi temiryo‘llarga diversiya uyushtirishni rejalashtirishni ham o‘z ichiga oluvchi amaliyot o‘tkazishdan qaytaradi. Bu holatdan keyin Kondratyuk amerikalik hamkasblarga bunday amaliyotlar haqida xabar bermaslikka qaror qiladi.
2016 yilda ukrain razvedkasi rossiyalik harbiylar anneksiya qilingan Qrim hududiga aerodromga vertolyotlar olib kelayotgani haqida xabar topgach, bosh razvedka boshqarmasi jangchilari MRB tayyorgarligini o‘tagan «2245-otryad»ga aerodromga portlovchi moddalar joylashtirish bo‘yicha topshiriq beradi. Ushbu missiyani bajarish uchun yuborilganlar safida boshqarmaning hozirgi rahbari Kirill Budanov ham bor edi.
Operatsiya barbod bo‘ladi, chunki ukrain razvedkachilari rossiyalik harbiylar bilan to‘qnashadi. Otishma yuzaga keladi va bir necha kishi halok bo‘ladi. Yakunda ukrainlar chekinishiga to‘g‘ri keladi.
Bu hodisa yuzasidan Vladimir Putin shunday degandi: «Biz, albatta, bunday ishlarga ko‘z yuma olmaymiz». Barak Obamaning maslahatchilaridan biri MRBning ukrain maxsus xizmatlari bilan hamkorligini to‘xtatishni talab qilgan, ammo boshqarma rahbari o‘shanda ularni bunday qilish xato bo‘lishiga ishontirgan: MRB Rossiyaning AQShdagi prezidentlik saylovlariga aralashuvini tekshirayotgandi, ukrainlar esa qimmatli ma’lumotlarni uzatayotgandi.
Brennan Kondratyuk bilan aloqaga chiqadi va yana «qizil chiziqlar»ni belgilab beradi, ammo shundan ko‘p o‘tmay Ukraina bosh razvedka boshqarmasi lavozimidan olinadi. Keyin suiqasdlar seriyasi amalga oshiriladi, uning natijasida Donbassdagi ayirmachilarning «Sparta» bo‘linmasi komandiri Arsen Pavlov (Motorola) va «Somali»batalyoni komandiri Mixail Tolstix (Givi) kabilar o‘ldiriladi. Obamaning maslahatchilari bu holatlardan «g‘azab otiga mingandi», ammo ular hech narsa qila olishmaydi, chunki AQShdagi prezidentlik saylovlariga bir necha hafta qolgandi, deya yozadi The New York Times. Saylovlarda esa Donald Tramp g‘alaba qozonadi.
«Tramp Putinni maqtaydi va rossiyaliklarning saylovlarga aralashuvini rad etadi», — deyiladi NYT maqolasida. Ammo u o‘z ma’muriyatidagi muhim lavozimlarga «qirg‘iylar»ni tayinlaydi. MRBga Mayk Pompeo direktor bo‘ladi, Jon Bolton prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi etib tayinlanadi. «Tramp nima deyishi va qilishidan qat’i nazar, uning ma’muriyati ko‘pincha boshqa yo‘nalishda harakatlanardi», — deya yozadi The New York Times. Natijada AQSh va Ukraina maxsus xizmatlari hamkorligi faqat kengayadi. Xususan, ukrainalik mutaxassislarni o‘qitishning yangi dasturlari joriy etiladi.
Qo‘shma amaliyotlardan birida Bosh razvedka boshqarmasi guruhi topgan ma’lumot MRBga 2016 yil AQSh prezidentligi saylovlari arafasidagi kiberhujumlarda ishtirok etgan Fancy Bear hakerlar guruhi va Rossiya hukumati o‘rtasidagi aloqadorlikni aniqlash imkonini beradi.
Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov o‘sha davr haqida gapirarkan, maxsus xizmatlarning hamkorligi tobora mustahkamlangani va tobora kengayganini qayd etadi. The New York Times yozishicha, hamkorlik shu qadar muvaffaqiyatli bo‘lganki, MRB uni Yevropa maxsus xizmatlariga ham kengaytirishga qaror qilgan. Yakunda Rossiyaga qarshi butun bir koalitsiya yuzaga kelgan, bunda ukrain maxsus xizmatlari muhim rol o‘ynagan, deya qayd etadi gazeta.
Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin MRB xodimlarining kichik guruhi Ukrainada qoladi. Ularning razvedka ma’lumotlari va hamkorlardan olingan ma’lumotlar Ukrainaga urushning dastlabki ikki oyidan o‘tishda yordam beradi. Xususan, MRB ma’lumotlari ukrain maxsus xizmatlariga prezident Volodimir Zelenskiyga qarshi tayyorlangan suiqasdlardan birining oldini olishga imkon beradi.
Urush boshlangach, Oq uy MRBning ukrain maxsus xizmatlari bilan hamkorligiga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashladi hamda Amerika razvedkasiga Ukraina hududidagi Rossiya kuchlariga qarshi amaliyotlar o‘tkazish uchun ukrainlarni barcha zarur yordamlarni ko‘rsatishga ruxsat berdi.
MRB va GURning birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan Ukrainada xabarlarni tutib olish uchun yana ikkita maxfiy baza quriladi, ukrain maxsus xizmatlari esa yanada ko‘proq razvedka ma’lumotlari yig‘a boshlaydi. Ushbu bazalar tarmog‘idagi obektlardan birini boshqaradigan general Sergey Dvoretskiy The New York Times uchun izohida shunday deydi: «Bunday ma’lumotlarni hech qayerdan ololmaysiz — faqat hozir va shu yerda».
Mavzuga oid
14:17
Vengriya Ukraina bilan chegarada HMM tizimlarini o‘rnatish niyatida
09:12
Britaniya Ukrainadagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi
22:23 / 21.11.2024
Rossiya «Rubej»ni ishga soldi. Bu raketa yadroviy kallakni ham olib ucha oladi
21:52 / 21.11.2024