Bir yilda 10 million avtomobil sotib rekord o‘rnatgan kompaniya – Toyota muzeyiga sayohat
Yaponiyaga safari davomida Kun.uz ijodiy guruhi Toyota Memorial sanoat va texnologiya muzeyida bo‘ldi. Muzey bo‘ylab ekskursiya haqidagi katta ko‘rsatuvni e’tiboringizga havola qilamiz. Bizga gid vazifasini Nagoya iqtisodiyot universiteti professori Alisher Umirdinov o‘tab berdi.
Muzeyga sayohat bilan videoshaklda tanishing. Quyida Alisher Umirdinov aytib o‘tgan ma’lumotlar qisqartirilgan holda matn shaklida keltirib o‘tiladi.
— Bu joy aslida ilmiy tadqiqotlar va texnologiyalar yaratish uchun mo‘ljallangan, Toyota'ning ilk laboratoriyasi desa ham bo‘ladi. 1911 yilda Sakichi Toyoda tomonidan tashkil etilgan, Nagoyaning Sako tumanida joylashgan.
1906 yilda Sakichi Toyoda yarim avtomat shakldagi ip yigiruv texnologiyasini yaratadi. Yaponiya dunyoga ochilishni boshlaganda birinchi bo‘lib yengil sanoatga, asosan tekstil sohasiga kuch tashlagan. Yengil sanoatni mexanizatsiyalashtirish aynan Sakichi Toyoda tomonidan boshlangan. 1924 yilda eng birinchi avtomatlashgan ip yigiruv dastgohi ixtiro qilinadi. Sakichi Toyoda duradgorning o‘g‘li edi.
Yaponiyada 1885 yilda patentlarni monopoliyalash to‘g‘risida qonun qabul qilinadi, shu narsa Sakichi Toyodaga turtki bo‘ladi. U ixtiro qilib, patentlasa, yaxshi pul kelishini tushunadi. Shunday keyin avtomatlashtirish ustida ishlaydi. Uning 1924 yildagi avtomatlashtirilgan ip yigiruv dastgohi 1929 yilda Angliyaning Platt Brothers and Co kompaniyasiga 100 ming funt sterlingga sotiladi. Sakichi Toyodaning o‘g‘li Kiichiro Toyoda bu pullarni avtomabil ishlab chiqarishga tikadi. Ammo tekstil ham to‘xtab qolmagan, doimiy rivojlanib borgan.
Kompaniya avtomobil ishlab chiqarish soxasiga o‘tayotganda eng katta muammolaridan biri motor ishlab chiqarish bo‘lgan. Keyinchalik buni ham yo‘lga qo‘yib olishgan.
Toyota muzeyiga Xitoydan keluvchi sayyohlar ko‘p, chunki oxirgi yillarda Xitoydagi iqtisodiy o‘sish sabab turli sohalarga qiziqish ortgan, Yaponiyadan turli narsalarni o‘rganishadi.
Kiichiro Toyoda Angliyaga borganida bir vaqtlar gullab-yashnagan tekstil shaharchalarning inqirozini ko‘radi. Shu sababli o‘zining kompaniyasi bu sohada yetakchi bo‘lib, yuqori darajada bo‘lsa ham, biznesni diversifikatsiya qilish kerakligini tushunadi va avtomobil ishlab chiqarish sohasiga o‘tishga qaror qiladi.
1933 yilda Toyota avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha tashkiliy guruhga “Toyota Boshoku” tekstil kompaniyasidan bittagina xona ajratiladi va loyihalar o‘sha yerdan boshlanadi. Kiichiro Toyoda eng yaxshi texnologlarni yig‘adi va avtomobil ishlab chiqarish ustida ishlay boshlaydi.
Kompaniya o‘z mashinalarini yaratishda Chevrolet mashinalarida ko‘chirma olgan. Motor ishlab chiqarish texnologiyasini yaratish qiyin bo‘lgan. Motor silindriga qoliplarni yaratish qiyinchilik tug‘dirgan. 1933 yildan 1935 yilgacha muvaffaqiyatsiz o‘rinishlar bo‘lgan. Oxir-oqibat Chevrolet motoridan ham kuchli motor yaratishgan.
Bundan keyin mashinaning tashqi ko‘rinishi qanday bo‘ladi, degan masala o‘rtaga chiqqan. Texnologiyalari bo‘lmagani uchun ilk bor yog‘ochdan mashina (karkasini) yasashadi va ustiga metal qoplab chiqishadi. Bu boradagi g‘arb texnologiyalari patentlangan edi, sotib olish esa juda katta mablag‘ talab qilardi. Shu sababli barcha ishlarni o‘zlari qilishgan.
Mashina ishlab chiqarila boshlagach, kompaniya birinchi o‘rinda servis xizmatlariga urg‘u bergan. Chunki ilk mashinalarda kamchiliklar yetarli edi, shu sababli mijozlarga servis xizmatlari ko‘rsatish keng yo‘lga qo‘yilgan. Kiichiro Toyodaning o‘zi ham servis ishlarida qatnashib, kamchiliklar uchun mijozlardan uzr so‘ragani aytiladi.
6 rasm
Kiichiro Toyodaning otasi Sakichi Toyoda yangi texnologiyalar yaratishga insayd olish uchun juda ko‘p safarlar qilgani aytiladi, u yerdagi dastgohlar bilan tanishgan. Bu an’ana keyinchalik ham davom etgan. Toyota vakillari Ford kompaniyasiga borib, ko‘plab insaydlar olishgan. Yana bir jihat shuki, ular o‘zlarining texnologiyalarini jahonga ochishdan qo‘rqishmaydi, chunki ichkarida ko‘plab qo‘shimcha loyihalar, texnologiyalari bor. Raqobatdan qo‘rqishmaydi.
Toyota boshidan jahon bozorini, xususan, AQSh avtomobil bozorini ko‘zlab ish tutadi. Uning muvaffaqiyati ham shunda bo‘lgan. Boshida AQSh bozoriga kirishga harakatlar muvaffaqiyatsiz bo‘lgan, keyinchalik o‘z ustida ishlagan kompaniya AQShga kirib boradi. Kompaniyada iqtisodiy muammolar bo‘lgan. Kompaniya muammolar ustida ishlab, ularni yecha oladi, Toyota muvaffaqiyati siri ham shunda. Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh o‘z bozorini to‘la ochgan, JST me’yorlariga ko‘ra, Toyota esa bundan unumli foydalangan. Lekin Yaponiyaning o‘zi 1970 yillargacha o‘z bozorini dunyo uchun u darajada ochmagan, lekin AQShning ochiq bozoridan yaxshi foydalangan.
Shu bilan birga, Yaponiya ichki bozorida ham raqobat kuchli bo‘lgan. Masalan, Yaponiyada Toyota'dan oldin katta miqdorda avtomobil ishlab chiqargan kompaniya Nissan kompaniyasi hisoblanadi. Lekin keyinchalik Toyota ishlab chiqarish hajmi, mashina turlari ko‘pligi, chet elda kompaniya filiallarini ochish bo‘yicha boshqalardan o‘zib ketgan. Nissan'da tanlov kam, Toyota'da esa ko‘p. Yaponiya proteksionizmi maqsadli bo‘lgan, ichki bozordagi raqobat orqali kompaniyalarni kuchaytirib olgan va ularni dunyoga chiqargan, raqobatbardosh bo‘lgandan so‘ng, o‘zi ham bozorini ochgan.
Yaponiyada ishlab chiqaruvchilar, davlat ma’muriyati, universitetlar — uchalasi doim birga ishlaydi. Davlat ishlab chiqaruvchilar uchun bitimlar tuzadi, xorijiy bozorlarni ochadi, sanoatchilar pul tikada, ilmiy tadqiqotlar qiladi, patentlar oladi, universitetlar esa yaxshi kadrlar yetishtiradi. Shu konsepsiya asosida rivojlanadi Yaponiya sanoati. Bu tizim raqobatsiz ishlamaydi, minglab korxonalar bor, 800 ga yaqin universitetlar bor. Hatto viloyatlar orasida raqobat bor.
Yaponiya JST va chuqurlashtirilgan erkin savdo bitimlariga qo‘shilgani uchun eksportni qo‘llash uchun “qizil” subsidiyalar ajrata olmaydi. Chunki subsidiyalar baradigan bo‘lsa, Yaponiya xalqaro sanksiyalarga duchor bo‘lishi mumkin. O‘zbekiston ham JSTga kiradigan bo‘lsa, eksportga yo‘naltirilgan va boshqa ishlab chiqaruvchilarni bozordan chiqarib yuboradigan subsidiyalarni berolmaydi. Faqat ilmiy tadqiqot, yangi texnologiyalar va patentlar uchun subsidiya berish mumkin, bular «yashil subsidiyalar» deyiladi.
Bozorni yopib olib, eksport qilish – o‘tmaydi. Yaponiya 600-700 mlrd dollar eksport qiladigan bo‘lsa, kerak bo‘lsa, shundan ko‘p miqdorda import ham qiladi, yaponlar importdan qo‘rqmaydi.
Proteksionizmning chegarasi – tugaydigan nuqtalari borligini yaponlar yaxshi anglashadi.
Proteksionizm – soliq to‘lovchilar hisobidan bo‘ladigan tadbir. Hukumat esa xalq oldida javobgar – soliq daromadlari bo‘yicha ular doimiy ravishda xalqqa izohlar beradi. Qaysi sohaga pul yo‘naltirilsa, hukumat izohlab berishi kerak bo‘ladi. Buning yuki og‘ir.
Yaponiyadagi mashinasozlik kompaniyalarining shahar tashqarisida sinov maydonlari bo‘ladi. U yerda mashinalarning turli holatlardagi harakati, xavfsizlik darajalari tekshiriladi. Umuman, Yaponiyada xavfsizlikka qattiq qaraladi. Avtomobilda harakatlanayotganda xavfsizlik kamarlarini orqa o‘rindiqdagilar ham taqishi kerak bo‘ladi.
Yaponiyada atrof-muhit, atmosfera havosi tozaligiga qattiq e’tibor beriladi. 1960 yillarda Tokioda avtomobillardan chiqayotgan zaharli gazlar miqdori ortib ketgan. Shundan keyin hukumat qat’iy choralar ko‘rgan va 70 yillar o‘rtalarida havo ifloslanishi 100% dan 12%ga tushgan, hozirda esa 2-3%ga tushgan. Avtomobil ishlab chiqaruvchilar ham shunga yarasha harakat qilib, zararli gazlarni ushlab qoluvchi filtrlar o‘rnatgan.
Toyota boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilardan farqli ravishda gibrid, vodorod bilan yuruvchi, elektromobillarga ham bir xilda investitsiya qilayotgan kompaniya hisoblanadi. Lekin elektromobil sohasida ortda qolyapti biroz, Yaponiyaga BYD kompaniyasi ham kirib keldi, bu Toyota'ga chaqiriq hisoblanadi.
Kompaniya avtomatlashgan tizimga o‘z-o‘zidan kelib qolmagan, albatta, bosqichma-bosqich o‘tib kelgan. Toyota kompaniyasi yiliga 10 mln avtomobil ishlab chiqargan birinchi avtokonsern hisoblanadi. Kompaniya bir necha yuz ming insonni ish bilan ta’minlagan, 300 mlrd atrofida aylanmaga ega. Yaponiya iqtisodiy rivojida katta o‘rin tutadi, butun dunyo bo‘ylab zavodlar tarmog‘i ham bor.
Toyota'ga boshqa ko‘plab ehtiyot qismlar yetkazib beruvchi kompaniyalar bog‘lanib turadi. 10 dan oshiq avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bor. Yapon kompaniyalari, xususan, Toyota ham brend ichida yana brendlar yaratadi, ya’ni kompaniya ichida ham raqobat bo‘ladi.
Shokir Sharipov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
13:07 / 18.11.2024
Piskent poligonidagi navbat elektron shaklga o‘tkazildi
21:47 / 17.11.2024
Yaponiya qirg‘oqlarida 6,2 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi
12:06 / 16.11.2024
“Biz to‘g‘ridan to‘g‘ri zavod bilan ishlaymiz”: Toshkentda 16 kunlik firma odamlarni “halol lizing”ga mashina olib berishga ishontirmoqda
09:52 / 15.11.2024