Iqtisodiyot | 17:42 / 01.03.2024
57521
4 daqiqa o‘qiladi

UNG Petro AYoQShlar tarmog‘i egaligi Doniyor Komilovga o‘tdi

“O‘zbekneftgaz”ga tegishli benzin shoxobchalari egaligi sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘liga tegishli kompaniyaga o‘tdi. Yagona ta’sischisi Doniyor Komilov bo‘lgan “Petroleum Technology Group” UNG Petro tarmog‘ini qachon va qancha narxga sotib olgani noma’lum.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistondagi eng yirik benzin shoxobchalari tarmog‘i – “O‘zbekneftgaz”ga qarashli UNG Petro MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushi xususiylashtirilgan.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, ayni paytda “UNG Petro” MChJning 100 foiz ulushi “Petroleum Technology Group” MChJga o‘tgan. Bu kompaniyaning yagona ta’sischisi - Komilov Doniyor Abdulazizovich.

Mazkur kompaniya 2023 yil 4 oktyabrda Toshkentda ro‘yxatga olingan. Joriy ustav fondi – 101 mln so‘m. Faoliyat yo‘nalishi – tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish.

O‘tgan yilning 31 may kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xususiylashtirish bo‘yicha professional konsalting kompaniyasini jalb etish yuzasidan tanlov e’lon qilgandi. Shundan so‘ng, jamoatchilikka bu borada hech qanday qo‘shimcha ma’lumot berilgani yo‘q. “Petroleum Technology Group”ning qachon va qancha narxga UNG Petro AYoQShlar tarmog‘iga o‘tkazilgani noma’lum.

Doniyor Komilov kim?

Doniyor Komilov – O‘zbekistondagi ko‘zga ko‘ringan siyosatchilardan biri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li. Uzoq yillar tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlagan Abdulaziz Komilov hozirda prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibining tashqi siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hisoblanadi.

2021 yilda yagona ta’sischisi Doniyor Komilov bo‘lgan “Metropol Group” MChJ Toshkent shahri Sayilgoh ko‘chasida joylashgan sobiq MXX binosini 210 milliard so‘mga sotib olgandi. Keyinchalik 2023 yilning bahorida Radisson Hotel Group kompaniyasi “Metropol Group” bilan mazkur bino o‘rnida mehmonxona qurish bo‘yicha bitim imzolagani ma’lum bo‘ldi.

2023 yilning fevral oyida Komilov egalik qiladigan “First Premium Alliance” MChJ O‘zbekistondagi eng yirik spirt zavodi – “Qo‘qon biokimyo” AJni sotib olingani ham ma’lum qilingandi. Shuningdek, u “Delta Global Dynamics”, “Progressgortech-Asia”, “Toshkent qog‘ozi” kabi kompaniyalarda ham 100 foiz ulushga ega.

Doniyor Komilov Moskvada ro‘yxatdan o‘tgan: qimmatli qog‘ozlar sohasida faoliyat yurituvchi “Selena” MChJ, moliyaviy xizmatlar sohasida faoliyat yurituvchi “Ks” MChJ, ko‘chmas mulk sohasida faoliyat olib boruvchi “Glomaks” MChJ, mashina va uskunalar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi “VLK” MChJ va “Holding Invest” kabi bir nechta korxonalarning ham ta’sischisi bo‘lgan.

O‘tgan yilning yozida kichik Komilov Rossiyadagi eng yirik mis ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri – Ural kon-metallurgiya kompaniyasining ham benefitsiar egasiga aylangani ma’lum qilingandi.

U 2010-2014 yillarda Gazprombankning “Upravlyayushchaya kompaniya – Strategicheskiye aktivy” YoAJ tuzilmasi rahbari bo‘lgan. Shuningdek, 2015-2016 yillarda “Uralmashzavod” direktorlar kengashiga a’zo bo‘lgan.

Mavzuga oid