O‘zbekiston | 14:10 / 02.03.2024
4863
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Singapur o‘zaro siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazdi

O‘zbekiston TIV delegatsiyasi Singapurda ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasini o‘tkazdi.

Foto: Dunyo

O‘zbekiston TIV delegatsiyasining Singapurga amalga oshirgan tashrifi doirasida ikki davlat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlar 3-davrasi bo‘lib o‘tdi hamda Sanoat va savdo vazirligi, Singapur Biznes federatsiyasi, Indorama Corporation va Wilmar International kompaniyalarida uchrashuvlar o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

TIV ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Bobur Usmonov va Singapur tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kevin Chok boshchilik qildi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston-Singapur hamkorligining holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. 2023 yilning yanvar oyida Singapurga va may oyida O‘zbekistonga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni mustahkamlash uchun mavjud salmoqli salohiyatni ro‘yobga chiqarishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekani tasdiqlandi. Ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. Parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish umumiy kun tartibidagi barcha sohalardagi aloqalarni faollashtirishga xizmat qilishi qayd etildi. Madaniy-gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini jadallashtirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

BMT va boshqa xalqaro institutlar doirasida o‘zaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Savdo va sanoat vazirligi hamda Singapur Biznes federatsiyasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, jumladan, milliy mahsulotlar ko‘rgazmalari, seminarlar va iqtisodiy salohiyat taqdimotlari tashkil etish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rishga kelishib olindi.

Mavzuga oid