Iqtisodiyot | 11:18 / 04.03.2024
23032
3 daqiqa o‘qiladi

«Chinoz neftni qayta ishlash zavodi» xususiylashtirildi

«Chinoz neftni qayta ishlash zavodi» ham yopiq tarzda xususiylashtirilgan. Xaridor – Petroleum Technology Group MChJ. Tashkil etilganiga endigina 5 oy bo‘lgan, ustav kapitali esa 101 mln so‘mni tashkil etuvchi ushbu kompaniyaning qanday qilib nominal kapitali 265 mlrd so‘m bo‘lgan «O‘zbekneftgaz»ga qarashli «zapravka»lar tarmog‘i va nominal kapitali 102 mlrd so‘m bo‘lgan neftni qayta ishlash zavodining egasiga aylangani haqida hech qanday izoh berilgani yo‘q.

Foto: O‘zbekneftgaz

«Chinoz neftni qayta ishlash zavodi» ustav kapitalidagi davlat ulushi xususiylashtirilgan. Xaridor – Petroleum Technology Group MChJ. Bu kompaniya sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli. Unga qarashli kompaniyalar avvalroq MXXning Toshkent markazidagi sobiq binosi va O‘zbekistondagi eng yirik spirt zavodini ham xususiylashtirib olgani bilan jamoatchilik e’tiboriga tushgandi. OAVda Komilovning Rossiyadagi yirik aktivlari haqida ham ma’lumotlar bor.

Ma’lumot uchun, «Chinoz neftni qayta ishlash zavodi» 2016 yil 11 avgust kuni faoliyatini boshlagan. Ustav fondi – 102 mlrd so‘m. Zavodning asosiy vazifasi neftni qayta ishlab benzin, kerosin, mazut, dizel yonilg‘isi va moylarga aylantirishni tashkil etishdan iborat. Ushbu sanoat korxonasi yiliga 120 ming tonnadan ziyod uglevodorod xomashyosini qayta ishlash quvvatiga egaligi keltirilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi 2022 yilda «Chinoz neftni qayta ishlash zavodi»ni sotish jarayoni boshlangani haqida xabar bergandi. 2023 yilning may oyida esa majburiyatga ega bo‘lgan takliflarni (BO) qabul qilish bosqichi 1 oy muddatga uzaytirilgani ma’lum qilingandi. Shundan so‘ng, xususiylashtirishning keyingi taqdiri haqida boshqa axborot taqdim etilmagan.

Avvalroq, Petroleum Technology Group O‘zbekistonda 78 ta «zapravka»ga ega bo‘lgan «UNG Petro» kompaniyasining yangi egasiga aylangani xabar qilingandi. Tashkil etilganiga endigina 5 oy bo‘lgan, ustav kapitali esa 101 mln so‘mni tashkil etuvchi ushbu kompaniyaning qanday qilib nominal kapitali 265 mlrd so‘m bo‘lgan «zapravka»lar tarmog‘i va nominal kapitali 102 mlrd so‘m bo‘lgan neftni qayta ishlash zavodini sotib olgani haqida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan hech qanday izoh berilmagan.

Mavzuga oid