Jahon | 21:24 / 04.03.2024
36596
9 daqiqa o‘qiladi

Simonyan nemis harbiylarining Ukrainaga Taurus raketalarini yetkazish va Qrim ko‘prigiga zarba muhokama qilingan suhbatini e’lon qildi

Nemis nashrlari audioyozuv haqiqiyligini yozmoqda. Olaf Shols axborot sizib chiqishini «juda jiddiy masala» deb atagan. Rossiya tushuntirish talab qilmoqda.

Foto: AP / Scanpix / LETA

RT bosh muharriri, propagandachi Margarita Simonyan 1 mart kuni ertalab «pogonli o‘rtoqlar» unga bundesverning (Germaniya qurolli kuchlari) yuqori martabali zobitlari go‘yoki «Qrim ko‘prigini qanday bombardimon qilishlari»ni muhokama qilgani haqidagi audioyozuvni yetkazgani haqida yozdi. U Shols Rossiya bilan munosabatlarda eskalatsiyadan qochish zarurligi haqida gapirayotgan vaqtda, bundesver ofitserlari bu mojaroda anchadan buyon ishtirok etayotganini yashirmayotganini ta’kidlagan. «Rossiya oldingi safar rus ko‘priklarini portlatish Germaniya uchun qanday tugaganini eslatib qo‘yishining vaqti kelmadimi», deya savol qo‘ygan Simonyan. 

Keyinroq u audio rasshifrovkasini (rus tilida) hamda 38 daqiqalik audioning o‘zini e’lon qildi, unda muloqot ishtirokchilari bir-biri bilan nemis tilida so‘zlashgan. RT bosh muharririning aytishicha, bu muloqot 19 fevral kuni o‘tkazilgan. Simonyanning tasdiqlashicha, audiodagi suhbat bundesver harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligining amaliyotlar va mashg‘ulotlar bo‘limi boshlig‘i Frank Grefe, harbiy-havo kuchlari inspektori Ingo Gerharts va bundesver kosmik qo‘mondonligi havo amaliyotlari markazi xodimlari Shtefan Fenske va Froshtedte (uning ismi keltirilmagan) ishtirokida kechgan.

Rasshifrovkaga ko‘ra, muloqot qatnashchilari Ukrainaga Taurus rusumli uzoq masofaga harakatlanuvchi qanotli raketalar yetkazib berish ehtimolini muhokama qilishgan. Ulardan biri «mudofaa vaziri [Boris] Pistorius Ukrainaga Taurus raketalarini yetkazib berish masalasini diqqat bilan ko‘rib chiqmoqchiligi» haqida aytgan.

Bundan tashqari, ular Germaniya kansleri Olaf Shols tegishli qarorni qabul qilgudek bo‘lsa, Taurus raketalarini qancha muddatda yetkazib berish mumkinligi haqida gaplashishgan. Rasshifrovkada ukrain harbiylari Taurus tizimlaridan foydalanish uchun o‘qitilishi zarurligi aytiladi. Suhbatdoshlar o‘quv mashg‘ulotlari qayerda o‘tkazilishi mumkinligi va Germaniya qurolli kuchlari bunga qanday shaklda jalb etilishini muhokama qilishgan.

Ularning fikricha, agar yetkazib berish to‘g‘risida qaror qabul qilinsa ham, raketalarni faqat sakkiz oydan keyin qo‘llashni boshlash mumkin bo‘ladi.

Harbiylar shuningdek, ukrainlar Taurus yordamida hujum qilishi mumkin bo‘lgan turli nishonlarni muhokama qilishgan, jumladan o‘q-dori omborlari va «sharqdagi ko‘prik»ni tilga olishgan — katta ehtimol bilan, gap Qrim ko‘prigi haqida borgan. «Ko‘prikni yo‘q qilish masalasida yana bir gapni aytmoqchiman. Biz bu masalani chuqur o‘rganib chiqdik, afsuski, ko‘prik o‘z kattaligi bilan uchish-qo‘nish polosasiga o‘xshash degan xulosaga keldik. Shu tufayli unga 10 va hatto 20 ta raketa yetarli bo‘lmasligi mumkin», — degan suhbat ishtirokchilaridan biri. Unga javob bergan kishi esa «agar Taurus fransuzlarning Dassault Rafale qiruvchisidan uchirilsa, maqsadga erishish mumkinligi» haqida qarash borligini aytadi. 

Rasshifrovkaga ko‘ra, suhbatdoshlardan biri «bunda mojaro taraflaridan biriga aylanib qolmaslik muhimligi»ni ta’kidlaydi.

Simonyan o‘z postida ofitserlar Qrim ko‘prigini «qanday bombardimon qilish»ni muhokama qilishganini aytadi. Der Spiegel nashri esa, aslida suhbatda agar Germaniya baribir Taurus raketalarini yetkazib berishga qaror qilsa, Ukraina ulardan qanday foydalanishi haqida kechgan.

Germaniya kansleri Olaf Shols bir necha bor Taurus raketalari yetkazib berilishiga qarshi ekanini aytgandi. Fevral oyi oxirida ham u bu masala «kun tartibida turmagani»ni ma’lum qildi. Uning fikricha, Ukrainaga birinchi navbatda o‘q-dorilar yetishmayapti, Taurus raketalarini yetkazib berish masalasi esa «hal qiluvchi ahamiyatga ega emas». Keyinroq u Ukrainaga Taurus raketalarini yetkazib berishga qarshiligi, chunki ularning harakatlanish masofasi (500 km) Moskvadagi nishonlarni urishga imkon berishini aytib chiqdi.

Yozuvning haqiqiyligi

Yozuvning dastlabki tahlili shuni ko‘rsatdiki, u haqiqiy bo‘lishi mumkin, deb yozadi Der Spiegel. Nashr zobitlarning onlayn-uchrashuvi himoyalangan liniya bo‘yicha emas, «eshitish nisbatan oson bo‘lgan» WebEx platformasida o‘tkazilganini qayd etgan. Suhbat ishtirokchilaridan biri Singapurda bo‘lgan va katta ehtimol bilan, unda mobil telefon orqali qatnashgan. Spiegel bu holat bunday muhokamalarda faqat shifrlangan aloqa liniyasidan foydalanishni talab qiladigan bundesver qoidalarini buzish hisoblanishini qayd etgan. 

Spiegel bundesverdagi ko‘p virtual uchrashuvlar WebEx platformasida o‘tkazilishi, chunki shifrlangan aloqa vositalaridan foydalanish «ancha qiyin» ekanini ta’kidlagan.

Germaniya mudofaa vazirligi vakili 2 mart kuni mamlakat qurolli kuchlarining maxfiy muloqoti chindan ham eshitilganini tasdiqladi. «Ayni vaqtda biz ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan, yozib olingan yoki rasshifrovka qilingan versiyaga o‘zgartirishlar kiritilgani yoki yo‘qligini aniq ayta olmaymiz», — degan vazirlik vakili. 

Germaniyadagi reaksiya

Germaniya mudofaa vazirligi tekshiruv boshlanganini e’lon qildi. DW nashri yozishicha, vazirlik Germaniya harbiy-havo kuchlarining yuqori martabali ofitserlarining «onlayn-konferensiyasi noqonuniy tarzda tinglanishi ehtimoli haqidagi xabar»ni tekshirmoqda. «Federal harbiy aksilrazvedka idorasi (BAMAD) barcha zarur choralarni ko‘radi», — deyilgan vazirlik xabarida. 

«Agar bu voqea tasdiqlansa, bu juda muammoli holat bo‘ladi. Bu bir martalik hodisami yoki xavfsizlikdagi tizimli muammomi, degan savol tug‘iladi», — degan bundestagning maxsus xizmatlar faoliyati bo‘yicha qo‘mitasi raisi Konstantin fon Nots Redaktionsnetzwerk Deutschland (RND) nashriga. 

Yakshanba kuni Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bu audioyozuvni rossiyaliklarning «axboriy urushi» va «gibrid dezinformatsiyasi»ning bir qismi ekanini aytdi. «Bu hodisa — shunchaki muloqotni tinglash va nashr etishdan kattaroq narsa. Bu Putin olib borayotgan axborot urushining bir qismidir», — deya Pistoriusdan iqtibos keltirgan Reuters agentligi.

«Bu gibrid dezinformatsiya hujumi. Gap bo‘lishga, bizning birligimizni parchalashga urinish haqida ketmoqda», — degan Germaniya mudofaa vaziri.

Germaniya kansleri Olaf Shols ham Simonyanning postiga munosabat bildirdi. U bu hodisa — «juda jiddiy masala» ekanini ta’kidlagan. «Va aynan shuning uchun hozir ishning tafsilotlarini juda ehtiyotkorlik bilan, juda intensiv va juda tez aniqlash kerak. Buni albatta qilish lozim», — dedi u 2 mart kuni Vatikanga tashrifi chog‘ida. 

Rossiyadagi reaksiya

Germaniyaning Moskvadagi elchisi Aleksandr Lambsdorff Rossiya TIVga chaqirilgan

Rossiya TIV Germaniyadan «tushuntirish» talab qildi. «Rasmiy Berlin buni zudlik bilan taqdim etishi kerak. Savollarga javobdan qochishga urinish aybni tan olish sifatida ko‘riladi», — degan vazirlik rasmiysi Mariya Zaxarova.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Moskva NATO harbiy xizmatchilari Ukrainadagi urushda ishtirok etayotganidan «to‘la» xabardor ekani, ular «yollanma jangchilar yoki alyans qurolli kuchlariga mansub bo‘lmagan kishilar sifatida niqoblangani»ni ta’kidlagan. «Buni nima deb atashni bilmayman, ammo bizning natochi hamkasblarimizning yuzida barchasi ko‘rinib turibdi. Ko‘ramiz, ular buni o‘z aholisiga qanday tushuntirar ekan», — degan Lavrov.  

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov nemis ofitserlarining muloqoti bundesverdagilar «Rossiya bo‘ylab zarba berish rejalarini batafsil muhokama qilishi»dan dalolat ekanini aytgan.

Rossiya TIV Germaniya elchisi Aleksandr Lambsdorffga demarsh e’lon qilgan va bundesver ofitserlarining Taurus raketalarini Qrim ko‘prigiga zarba berish uchun qo‘llash haqidagi muloqoti yuzasidan tushuntirish talab qilgan.

Mavzuga oid