Jahon | 13:42 / 04.03.2024
5661
3 daqiqa o‘qiladi

WSJ: Rossiya maxsus xizmatlari safarbarlik vaqtida xorijdagi tarmoqlarini kengaytirdi

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi paytida ko‘plab G‘arb davlatlari yuzlab rossiyalik diplomatlarni josuslikda ayblab chiqarib yubordi, biroq Rossiya maxsus xizmatlari xorijliklardan foydalanyapti, deb yozadi WSJ. 

Foto: Maxim Shemetov/File Photo/REUTERS

Safarbarlikdan qochish uchun Rossiyadan emigratsiya mamlakat maxsus xizmatlariga chet eldagi agentlar tarmog‘ini tiklashga imkon berdi. Bu haqda 3 mart, yakshanba kuni Amerikaning The Wall Street Journal (WSJ) nashri nomi oshkor etilmagan yevropalik rasmiylarga tayanib yozmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, maxfiy razvedka xodimlari Rossiya Federatsiyasidan chiqib ketayotgan odamlarga qo‘shilgan.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi boshlanganidan beri ko‘plab G‘arb davlatlari jami 400 ga yaqin rossiyalik diplomatni josuslikda ayblab, mamlakatdan chiqarib yuborgan, deya ta’kidlaydi gazeta. Biroq, bu vaqt ichida Rossiya maxsus xizmatlari ham qo‘l qovushtirib o‘tirmadi, dedi Amerika va Yevropa razvedka xizmatlari vakillari WSJ’ga.

Nashr suhbatdoshlari ta’kidlashicha, Rossiyaning uchta asosiy razvedka xizmati - Federal xavfsizlik xizmati, Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi Bosh boshqarmasi harbiy razvedkasi va Tashqi razvedka xizmati o‘rtasidagi chegaralar tobora yo‘qolib bormoqda. Xususan, «FSB»ning harbiy kontrrazvedka boshqarmasi Ukrainada urush boshlanganidan beri kuchayib, razvedka xizmati eng yirik bo‘linmasiga aylandi, deydi xavfsizlik bo‘yicha tahlilchilar. Shu tariqa, muayyan operatsiya uchun aynan kim javobgar ekanligini aniqlash qiyinlashadi, deb yozadi WSJ. 

WSJ: Rossiya razvedkasi xorijliklardan foydalanyapti 

Bundan tashqari, Rossiya maxsus xizmatlari o‘z amaliyotida xorijiy fuqarolardan tobora ko‘proq foydalanmoqda, deya qo‘shimcha qildi nashr suhbatdoshlari. Shu tariqa, 2023 yil aprel oyida Krasnoyarsk o‘lkasi sobiq gubernatori Aleksandr Ussning o‘g‘li Artem Italiyada uy qamog‘idan serb jinoiy guruhi yordami bilan qochib ketdi va AQShga ekstraditsiyadan qutulib qoldi. Kichik Uss Rossiyaga qarshi sanksiyalarni buzganlikda ayblanib, hibsda saqlangan. 

Shu yili Britaniya huquq-tartibot idoralari Moskva foydasiga josuslikda, jumladan, Londonda Rossiyadan kelgan siyosiy muhojirlarni kuzatganlikda ayblangan besh bolgarni hibsga oldi. Ular ustidan sud oktyabr oyida bo‘lib o‘tadi. 

Ispaniyadagi tergov uchuvchi Kuzminov o‘limiga Kreml aloqadorligini ko‘rmoqda 

Fevral oyi o‘rtalarida Ispaniyada harbiy uchuvchi Maksim Kuzminovning o‘ldirilishi jurnalistlar tomonidan e’tibordan chetda qolmadi. 2023 yilda uchuvchi Ukrainaga Mi-8 vertolyotini olib qochdi. Ispaniya rasmiylari hozircha jinoyatda gumonlanuvchi shaxsni aniqlamadi. Tergov Kuzminovni o‘ldirish buyrug‘i Kremldan kelgan, deb hisoblamoqda, dedi WSJ’ga tergovda ishtirok etayotgan rasmiy. 

Mavzuga oid