Jahon | 09:16 / 05.03.2024
5477
3 daqiqa o‘qiladi

43 davlat Navalniy bo‘yicha xalqaro tergov o‘tkazilishini talab qilmoqda

Yevropa Ittifoqi davlatlari, AQSh, Britaniya, Kanada va boshqa davlatlar Rossiya Federatsiyasini Aleksey Navalniyning «to‘satdan va hayratlanarli» o‘limi bo‘yicha mustaqil tergov o‘tkazish imkoniyatini ta’minlashga chaqirdi.

Foto: AFP

Rossiya muxolifatchi siyosatchisi Aleksey Navalniy koloniyada vafot etgach, 40 dan ortiq davlat fojia holatlarini mustaqil tekshirishga chaqirdi. Rossiya hukumati uning to‘satdan o‘limi yuzasidan mustaqil va shaffof xalqaro tergov o‘tkazish imkoniyatini ta’minlashi kerak, dedi 4 mart, dushanba kuni YeIning Jyenevadagi xalqaro tashkilotlarda vakili Lotte Knudsen.

BMT Inson huquqlari kengashida so‘zlagan u Navalniyning o‘limi uchun asosiy javobgarlikni Rossiya rahbariyati zimmasiga yukladi. «Rossiyadagi muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyning o‘limidan g‘azabdamiz, buning uchun asosiy mas’uliyat Rossiya rahbariyati zimmasiga tushadi», — dedi Knudsen 43 davlat, jumladan, Yevropa Ittifoqi, AQSh, Britaniya, Ukraina, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Kanada va Norvegiya nomidan gapirar ekan.

Diplomat so‘zlariga ko‘ra, «Navalniyning kutilmagan va hayratlanarli o‘limi Rossiyada kuchaygan va tizimli repressiyalar yana bir belgisidir». U «fuqarolik jamiyatining tizimli ravishda bostirilishi», shuningdek, Rossiyada va xorijda siyosiy muxolifat repressiya qilinishidan chuqur xavotir bildirdi. 

Aleksey Navalniyning o‘limi 

Uzoq muddatli qamoq jazosiga hukm qilingan Aleksey Navalniy 16 fevral kuni Yamal-Nenets avtonom okrugi Xarp qishlog‘idagi «Polyarnyy volk» maxsus rejimli koloniyasida vafot etdi. Uning o‘limi haqidagi hisobotda aytilishicha, 47 yoshli siyosatchi «tabiiy sabablar» tufayli vafot etgan. FBK yaratuvchisining tarafdorlari u o‘ldirilgan deb hisoblayapti. Navalniy qamoqda o‘tirgan vaqtida 27 marta jazo kamerasiga jo‘natilgan. 

Aleksey Navalniyning jasadi onasi Lyudmila Ivanovnaga faqat 24 fevral kuni berildi. Bundan oldin u Navalniy bilan xayrlashmasdan yashirin dafn marosimiga rozilik berishni talab qilgan Tergov qo‘mitasining ultimatumidan shikoyat qilgan. Lyudmila Navalnaya bu talabni bajarishdan bosh tortdi.

Navalniyning dafn marosimi 1 mart kuni Moskvada, Borisov qabristonida bo‘lib o‘tdi. Hibsga olish tahdidlariga qaramay, minglab odamlar siyosatchi bilan xayrlashish uchun kelgan. Dafn marosimidan bir necha kun o‘tgach ham odamlar siyosatchining qabri oldiga gul qo‘yish va u bilan xayrlashish uchun navbatda turibdi.

Mavzuga oid