Jahon | 15:21 / 05.03.2024
24692
5 daqiqa o‘qiladi

«Chekinish buyrug‘i oldinroq berilishi kerak edi». WP oxirgi soatlargacha Avdiyivkani mudofaa qilgan ukrain harbiylari bilan gaplashdi

Foto: Inna Varenytsia / Reuters / Scanpix / LETA

2024 yil 17 fevral kuni, bir necha oylik qonli janglardan keyin Rossiya armiyasi Donetsk oblastida 2015 yildan buyon  Ukraina qurolli kuchlari uchun muhim istehkom vazifasii o‘tagan Avdiyivka shahrini egalladi. Ukrain qo‘shinining chekinishi shoshilinch tarzda amalga oshirildi va uning davomida ma’lum miqdordagi harbiy xizmatchilar bedarak yo‘qoldi yoki asirga tushdi. The Washington Post gazetasi Ukraina qurolli kuchlarining Avdiyivkadan oxirgi lahzalarda chiqqan yetti nafar jangchisi bilan gaplashdi.

The Washington Post material qahramonlarining nomlarini keltirmagan, ammo ularning chaqiruv belgilari, yoshi va fotosuratlarini (faqat «Bandit» laqabli jangchi yuzini yashirgan). Gazeta Avdiyivkadan chekinishni «vahima va tartibsizlik» deb ta’riflagan; harbiy xizmatchilarning hikoyalari «Ukrainaning jang maydonidagi holati og‘irligini namoyish etishi», bu yerda jangchilar G‘arb yordami va qo‘shimcha kuchlar kelishiga muhtojligini yozgan.

Nashr suhbatdoshlaridan biri, Ukraina qurolli kuchlari 3-alohida shturm brigadasining «Mayor» laqabli jangchisi 21 yoshda. U Avdiyivkaga fevral oyining ikkinchi haftasida kelgan, talabalarning ikki qavatli yotoqxonasiga joylashgan va uning pozitsiyasiga rossiyalik harbiy xizmatchilar guruhi hujum qilganida mo‘jiza tufayli asirga tushmay qolgan.

Uning bo‘linmasi chekinish to‘g‘risida buyruq olganida «Mayor» komandirga aylanadi — bu vaqtga kelib «undan kattaroq hech kim qolmagandi». Chunki ko‘plab quroldoshlar yaralangandi, deydi uning o‘zi. Shahardan chekinish vaqtida uning guruhidan oldinroqda harakatlangan kolonna artilleriya zarbasiga uchraydi. «Eng yaxshilardan iborat kolonna. Ko‘z o‘ngimizda uni artilleriya yo‘q qildi, — deydi „Mayor“. — [Bu] odamlar meng tengi, 20 dan 30 yoshgacha bo‘lgan odamlar edi».

«Kavkaz» chaqiruv belgisiga ega 20 yoshli askar o‘z bo‘linmasi bilan Avdiyivka kokskimyo zavodida himoyalangan. Uning baholariga ko‘ra, u qarshi turishiga to‘g‘ri kelgan rossiyalik harbiylarning to‘rtdan uch qismi «munosib» harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan, faqat to‘rtdan bir qismi «shunchaki esankirab qolgan» harbiylar edi. «Kavkaz»ning quroldoshlaridan faqat yarmidan ko‘prog‘i qandaydir jangovar tajribaga ega bo‘lgan.

«Kavkaz» 3-alohida shturm brigadasida xizmat qilgan; u uning otryadi chekinishga tayyorgarlik ko‘rayotganida qo‘mondonlik bilan aloqani yo‘qotgan va chekinish haqida buyruq bo‘lganidan bexabar bo‘lgan prezident brigadasining adashib qolgan jangchilariga duch kelganini eslaydi.

«Kavkaz»ning otryadi ertalabki soat 4:30 da chekinishi belgilangandi, ammo adashib qolgan harbiylar shahardan birinchi bo‘lib chiqishiga imkon berish uchun buni bir soatgacha kechiktirishga to‘g‘ri keladi. «Bu biz uchun katta tavakkalchilik edi, — deydi „Kavkaz“ The Washington Post muxbiriga. — [Chekinish to‘g‘risidagi] buyruq oldinroq berilishi kerak edi. Hatto besh soat oldinroq berilganida — barchasi butunlay boshqacha bo‘lardi».

«Bandit» chaqiruv belgili jangchi — Kanadada ukrainlar oilasida tug‘ilgan pulemyotchi — chekinish to‘g‘risidagi buyruq kelganida shahardan chiqayotgan kuchlarni himoya qilib turish uchun daraxtzor yoqasidagi pozitsiyani egallab turganini eslaydi. Komandir ularga evakuatsiya uchun transport kutishdan ma’no yo‘qligini aytgan va ular piyoda chekinishiga to‘g‘ri kelgan. Yo‘lda ular ortida atigi 500 metr masofada fosforli snaryadlar portlayotganiga guvoh bo‘lishgan.

«Shved» chaqiruv belgili mergan, o‘zining aytshicha, o‘zi o‘ldirgan rossiyalik askarlar soni 10 dan oshgach, hisoblashni to‘xtatgan. Avdiyivka mudofaasi vaqtida «Shved» uch bor kontuziyaga uchragan — uning so‘zlariga ko‘ra, bu «kimdir boshiga kastryulka kiydirib, unga beysbol bitasi bilan urishi, keyin boshiga musht tushirib, oyoq bilan tepishidek» his qilinadi.

Komandir shifokorlar bilan maslahatlashib, «Shved»ni evakuatsiya qilishga qaror qilgan. Mergan va yana uch nafar yarador shahardan olib chiqilayotganida ularning mashinasiga dron kelib urilgan. Barcha omon qolgan. «Shved» to‘rtinchi bor kontuziya bo‘lgan.

Mavzuga oid