Jahon | 19:25 / 05.03.2024
18944
8 daqiqa o‘qiladi

Qrim yaqinida «Sergey Kotov» kemasiga hujum. Bu haqda nimalar ma’lum?

Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi 5 martga o‘tar kechasi Qrim sohillari yaqinida dengiz dronlari Rossiyaning «Sergey Kotov» nomli patrul kemasiga hujum qilgani va cho‘ktirib yuborgani haqida ma’lum qildi.

Foto: Videodan kadr

«Dushman anchadan buyon bu patrul kemaning iziga tushgandi»

Rossiyalik harbiy blogerlar ham «Sergey Kotov» kemasiga hujum haqida xabar bergan va portlash videosini tarqatgan. Rossiya mudofaa vazirligi va boshqa rasmiy manbalar vaziyat yuzasidan izoh bermayapti. Tunda Qrim ko‘prigi bo‘ylab harakat sakkiz soatga to‘xtatilgan.

«Dushmanning „Sergey Kotov“ kemasi yakson etildi», — deyiladi Ukraina mudofaa vazirligi bosh razvedka boshqarmasi telegram-kanalida joylashtirilgan bayonotda. Ukrain harbiylari buning isboti sifatida kemaga hujum jarayoni aks etgan videoni namoyish etgan.

Ukrain razvedkasiga ko‘ra, 5 martga o‘tar kechasi boshqarmaning Group 13 nomli maxsus bo‘linmasi ukrain harbiy-havo kuchlari bilan hamkorlikda va Ukraina raqamli transformatsiyalar vazirligi «ko‘magida» Qora dengiz floti patrul kemasiga hujum qilgan.

Boshqarmaning tasdiqlashicha, Magura V5 dengiz dronlari borib urilishi oqibatida rossiyaliklarning 22160 proyekti bo‘yicha ishlab chiqarilgan «Sergey Kotov» kemasining quyruq qismi, shuningdek o‘ng va chap bortlari shikastlangan. Press-relizga ko‘ra, hujum «Kerch bo‘g‘ozi yaqinida» o‘tkazilgan.

Hujum haqida rossiyalik «harbiy muxbirlar» ham xabar qildi. Xususan, Aleksandr Kots telegram kanalida, «dushman ushbu patrul kemani anchadan buyon ta’qib qilib kelgani» — «rasmiy hisobotlarning o‘zida unga kamida uch marta ekipajsiz katerlar bilan hujum qilingani» haqida ma’lumotlar qayd etilganini aytgan.

Kotsning ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil sentabrida «Sergey Kotov» patrul kemasi ukrainlarning beshta ekipajsiz katerlari (BEK) hujumini qaytargandi. «Ammo, afsuski, dushman ham evolyutsiya qilmoqda. Xabar qilishlaricha, o‘tgan tunda yana BEKlarga qarshi jang qilgan. Ekipaj qahramonlarcha oxiriga qadar kurashgan. Buni e’lon qilingan videodan ham ko‘rish mumkin. Ammo bu safar heppi end bo‘lmadi», — deya yozgan u. Kemadagi portlash videosi boshqa bir harbiylashgan kanal «Pozdnyakov 3.0»da e’lon qilindi.

Rossiya tomonidagi «Dva mayora» telegram-kanali tasdiqlashicha, «Sergey Kotov»ga Qora dengiz hududida, Feodosiya yaqinida hujum qilingan.

Hujum oqibatida halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor, degan razvedka boshqarmasi rasmiysi Andrey Yusov. «Qurbonlar va yaralanganlar bor. Ammo katta ehtimol bilan, ekipajning bir qismi evakuatsiya qilingan. Dushman o‘ndan ortiq tez yordam karetalarini sohilga olib kelgani ma’lum. Ya’ni baribir evakuatsiya operatsiyasi o‘tkazilgan», — degan u «Ozodlik radiosi» efirida.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, kema ekipaji a’zolaridan 7 kishi halok bo‘lib, 6 kishi yaralangan, 52 kishi evakuatsiya qilingan.

Yusov rossiyalik harbiylar «Sergey Kotov»ga zenit-raketa komplekslarini joylashtirmoqchi bo‘lgani haqida ham gapirgan. «Bunday kemalar qancha kam bo‘lsa, ularda joylashtirilgan zenit-raketa komplekslari ham shunchalik kam  bo‘ladi, bu esa ukrain xavfsizlik va mudofaa kuchlari uchun imkoniyatlar ko‘proq bo‘lishini anglatadi», — deya qayd etgan u.

Razvedka boshqarmasi rossiyalik harbiylarning kemaga hujum haqidagi yozib olingan so‘zlashuvi audiosini ham taqdim etgan (idora bunday yozuvlarni tez-tez e’lon qilib turadi, ammo ularning haqiqiyligi mustaqil manbalar orqali tasdiqlanmagan). Bu yozuvda bo‘ysunivida «Sergey Kotov» ham bo‘lgan, Novorossiysk harbiy-dengiz bazasi akvatoriyasini qo‘riqlovchi 184-brigada komandiri hisoboti aks etgani aytilgan. Yozuvda gapirgan odam kemaga beshta ekipajsiz kater hujum qilgani, uning palubasida Ka-29 vertolyoti ham bo‘lganini aytgan.

Ukraina harbiy-dengiz kuchlari rasmiy vakili Dmitro Pletenchuk «Sergey Kotov» kemasi mamlakat hududiy suvlaridagi Kerch bo‘g‘ozini qo‘riqlash bilan shug‘ullanganini aytgan. «Darvoqe, dengizning bu uchastkasi kemalar qatnovi uchun bu bo‘yicha ogohlantirish berish huquqiga ega bo‘lgan Ukraina tomonidan rasman yopilgan. Ya’ni biz o‘tgan yiliyoq bu yerda harakatlanish kerak emasligi haqida ogohlantirgandik», — deya qo‘shimcha qilgan u.

«Rossiya Qora dengiz floti — bu okkupatsiya ramzi. U Ukraina Qrimida bo‘lishi mumkin emas», — degan Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andriy Yermak.

14 fevral kuni Ukraina bosh shtabi Qora dengizda Rossiyaning «Tsezar Kunikov» yirik desant kemasiga hujum qilingani haqida xabar bergandi. Rossiya mudofaa vazirligi ukrain harbiylarining ushbu kema cho‘ktirib yuborilgani haqidagi xabariga munosabat bildirmagan, Kreml bundan bosh tortib, savollarni mudofaa vazirligiga berish kerakligini bildirgandi.

Kema haqida nimalar ma’lum?

«Agenstvo»ning yozishicha, 22160 proyektidagi «Sergey Kotov» patrul kemasi 2021 yil yanvarida suvga tushirilgan, 2022 yil mayida RF Qora dengiz floti tarkibiga kirgan. Birinchi kanal «Sergey Kotov»ni «eng zamonaviy» patrul kema deb atagan. «Maxsus konstruksiya va qoplama uni amalda dushman radarlari uchun ko‘rinmas qiladi», — deyilgan kanalning 2022 yilgi reportajida. 

RF mudofaa vazirligi kamida uch bor Ukraina qurolli kuchlari tomonidan «Sergey Kotov»ga hujum qilingani to‘g‘risida xabar bergan  — 2023 yilning iyul, avgust va sentabr oylarida. Har safar kater dengiz dronlarining hujumlarini muvaffaqiyat bilan qaytargani ma’lum qilingan. 22160 proyektidagi boshqa bir kema «Pavel Derjavin»ga esa dengiz dronlari 2023 yil oktyabrida hujum qilgan.

Qora dengiz flotida 22160 proyekti bo‘yicha ishlab chiqarilgan jami to‘rtta patrul kema bor. Ular asosan tinchlik davrida hududiy suvlarni himoya qilish, harbiy harakatlar chog‘ida kemalar, qayiqlar va harbiy bazalarni qo‘riqlashga mo‘ljalangan.

22160 proyektidagi kemalar ekipaji 40 nafargacha bo‘ladi, radiotexnik va gidroakustik qurollar, shuningdek radioelektron kurash vositalari bilan jihozlangan. Kemaning asosiy kalibri — AK-176MA universal artilleriya qurilmasi hisoblanadi. Unga «Kalibr» va «Oniks» raketa komplekslari, «Gibka» yoki «Shtil-1» zenit-raketa komplekslarini o‘rnatish ham mumkin. Shu bilan birga, bu proyektdagi kemalar dengizda suzishga yetarli darajada yaroqli emasligi va jangovar samaradorligi pastligi uchun tanqid ham qilingan.

Mavzuga oid