Jahon | 12:29 / 08.03.2024
20360
5 daqiqa o‘qiladi

Bayden - Putin va Trampga: biz ittifoqchilarimizni tashlab qo‘ymaymiz

AQSh prezidenti Jo Bayden bo‘lajak saylovlar oldidan o‘zining so‘nggi yillik nutqi bilan chiqish qildi va bu chiqishining boshlanish qismini urush boshlagan Rossiya rahbari Putin, shuningdek Donald Trampning NATO va AQSh ittifoqchilari to‘g‘risidagi bayonotlarini tanqid qilishga bag‘ishladi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden 7 mart kuni kongress qarshisida «Mamlakatdagi holat haqida»gi (State of the Union) yillik murojaatini yo‘lladi. Bir soatdan ortiq cho‘zilgan chiqishi vaqtida prezident Ukrainani qo‘llab-quvvatlash, Vladimir Putinga qarshi kurashish, Yaqin Sharqdagi mojaro hamda AQShning ichki muammolari haqida gapirdi. 

Bayden o‘z murojaatini Ukrainadagi urush mavzusi bilan boshlab, o‘z chiqishi va prezident Franklin Ruzveltning 1941 yil yanvaridagi chiqish o‘rtasida parallellar o‘tkazdi. «Ruzveltning maqsadi kongressni uyg‘otish va Amerika xalqini bu [tarixdagi] oddiy davr emasligidan ogohlantirish edi. Va ha, mening bugungi maqsadim — hozir ham oddiy pallalar emasligiga ishontirishdir», – degan Bayden. 

U o‘z chiqishida Ukraina Rossiya tajovuzini to‘xtatishi mumkinligi, ammo buning uchun Vashington Kiyevga harbiy yordam taqdim etishi lozimligini qayd etib o‘tgan. U erkinlik va demokratiya mamlakat ichkarisida ham, xorijda ham hujum obektiga aylanganini ta’kidlagan. 

«Xorijda Putin Ukrainaga bostirib kirdi va butun Yevropa hamda undan tashqarida tartibsizlik keltirib chiqardi. Agar bu zaldagilardan kimdir Putin to‘xtaydi deb o‘ylayotgan bo‘lsa, sizni ishontirib aytamanki, bunday emas. Ammo Putinni Ukraina to‘xtatishi mumkin, agar biz ularni qo‘llab-quvvatlasak va o‘zini himoya qilishi uchun zarur qurollarni taqdim etsak. Bu Ukraina so‘rayotgan bor narsa. Ular amerikalik askarlarni so‘rayotgani yo‘q, – dedi Bayden. – Ammo hozirda biz dunyodagi o‘z yetakchiligimizdan bosh tortishimizni istayotganlar Ukrainaga yordamni bloklamoqda».

«Biz Putinni to‘xtatishimiz darkor! Agar hozir Qo‘shma Shtatlar ketsa, Ukraina xavf ostida qoladi, Yevropa xavf ostida qoladi, erkin dunyo xavf ostida qoladi», – deya qayd etgan u va kongressni Ukrainaga yordam to‘g‘risidagi qonun loyihasini tezroq ma’qullashga chaqirgan.

Bayden rossiyaliklar prezidentiga yuzlangan: «Men Putinga oddiy bir gapni aytmoqchiman: biz ittifoqchilarimizni tashlab qo‘ymaymiz. Biz ta’zim qilmaymiz. Men bosh egmayman!».

Shawn Thew / AP / Scanpix / LETA

Ukrainani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi so‘zlar nafaqat Demokratik partiya vakili bo‘lgan kongressmenlar va senatorlar tomonidan, balki ayrim respublikachilar tomonidan ham olqishlangan.

Baydenni partiyadoshlari butun nutq davomida deyarli har bir jumladan keyin o‘rnidan turib qarsak chalishgan.

Bayden shuningdek Ukrainaga yordamni bloklayotgan kongressmenlarni qoralab, o‘zidan oldingi prezident Donald Trampni tanqid qildi. «Respublikachi sobiq prezident Putin hushiga kelganini qilishi mumkinligini aytgan. Menimcha, bu ablahona, xavfli va yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat!» – degan Bayden.

Yil oxirida o‘tkaziladigan saylovlarda Baydenga raqiblik qilishi kutilayotgan Donald Tramp yaqinda tarafdorlari bilan uchrashuv chog‘ida go‘yoki o‘z prezidentligi davrida Yevropadagi NATO a’zosi bo‘lgan davlati rahbari bilan suhbati haqida eslagandi. O‘zining aytishicha, Tramp o‘shanda agar bu davlatga Rossiya hujum qilgudek bo‘lsa, Amerika unga yordam bermasligi, chunki bu mamlakat NATOning YaIMning 2 foizini harbiy xarajatlarga ajratish to‘g‘risidagi normativini bajarmaganini bildirgan.

Bayden Trampning o‘sha so‘zlaridan keyin darhol buni «aqlsizlik va mas’uliyatsizlik» deb atagandi.

Donald Tramp bunga o‘z uslubida javob qaytardi.

«U Putinga qarshi turgani yo‘q, u Ukrainani Putinga topshirdi!» – deya yozgan Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida va bu orqali nimani nazarda tutganini ochiqlamasdan.

Tramp keyingi postlarida tafsilotlarga to‘xtalmasdan, Bayden barcha chiqishlarida yolg‘on gapirayotgani, shuningdek u janubiy chegaralar muammosini hal qilishni istamasligi va mamlakatni muhojirlar bilan to‘ldirishni istayotganlikda ayblagan.

Mavzuga oid