Jahon | 13:33 / 08.03.2024
6339
3 daqiqa o‘qiladi

Kemeron Germaniyani Kiyevga uzoq masofali raketalar yetkazib berishga chaqirdi

Britaniya tashqi ishlar vaziri TAURUS yetkazib berish Ukrainadagi urushning kuchayishiga olib kelmasligiga ishonch bildirmoqda. Agar siz mamlakatga noqonuniy tajovuzni qaytarishda yordam bermoqchi bo‘lsangiz, unda ikkilanish o‘rinsiz, deydi Devid Kemeron. 

Foto: Reuters

Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron Germaniyaga tashrifi chog‘ida Ukrainaga uzoq masofali raketalar yetkazib berishga chaqirdi. «Uzoq masofaga uchuvchi qurollar haqida gap ketganda, Britaniya tajribasidan shuni aytishim mumkinki, bunday qurollar Ukrainaga noqonuniy tajovuzni qaytarishda samarali yordam bergan», dedi u 7 mart, payshanba kuni Berlinda nemis hamkasbi Annalena Berbok bilan uchrashuvdan so‘ng

London, boshqa qurollar qatorida, Ukrainani uzoq masofaga uchuvchi Storm Shadow raketalari bilan ta’minlaydi. Shu bilan birga, Germaniya kansleri Olaf Shols uzoq masofaga uchuvchi TAURUS raketalarini Kiyevga topshirishga rozi emas, chunki Germaniya urushga tortilishi mumkin. Kemeron Ukrainaga yangi qurol tizimlarini yetkazib berish urushning avj olishiga olib kelishi mumkinligi haqidagi fikrni keskin rad etdi. 

«Bunday bahslar ikki yil avval Rossiya hujumidan keyin ko‘p bo‘lib o‘tgan. Masalan: «Agar siz Ukrainani tankka qarshi qurol bilan ta’minlasangiz, eskalatsiya bo‘ladi», deyishdi. Yo‘q, bunday bo‘lmadi. Ular agar siz Ukrainaga tank bersangiz, eskalatsiya bo‘ladi, Ukrainaga uzoq masofali artilleriya yoki uzoq masofali raketalarni bersangiz, eskalatsiya bo‘ladi, dedi. Yo‘q, hech narsa bo‘lmadi», dedi Kemeron. 

Kemeron: Vaziyat kuchayishidan qo‘rqish asossiz 

«Agar biz mamlakatni noqonuniy va mutlaqo asossiz tajovuzdan himoya qilishda yordam berish haqida gapiradigan bo‘lsak, unda hech qanday to‘siq bo‘lmasligi kerak. Biz NATO askari rossiyalik askarni o‘ldirgan vaziyatga tushib qolmagunimizcha vaziyatni keskinlashtirishga hissa qo‘shmaymiz, ammo Ukrainaga o‘zini himoya qilishga yordam beramiz», — deya qo‘shimcha qildi Britaniya vaziri. 

Rossiyaning nemis harbiy ofitserlari telefonlarini tinglashi bilan bog‘liq janjal fonida Kemeron va Berbok NATO hamjihatligini ta’kidladi. «Rossiya prezidenti Vladimir Putin ittifoqqa ixtilof solib, bizning demokratiyamizga ataylab putur yetkazmoqchi, biroq qat’iyatimiz va birdamligimiz bilan bunga qarshi turamiz va Putinning bizni qo‘rqitishiga yo‘l qo‘ymaymiz», dedi Annalena Berbok. 

Mavzuga oid