Jahon | 08:53 / 13.05.2024
5293
3 daqiqa o‘qiladi

Devid Kemeron: Rossiyaning Xarkiv yaqinidagi harakatlari «o‘ta xavfli»

«Biz ukrainaliklarga yordam berish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak», dedi Britaniya tashqi ishlar vaziri Kemeron Rossiya qurolli kuchlarining Xarkiv yaqinida oldinga siljishini izohlar ekan.

Foto: Thomas Peter/PA Wire/empics/picture alliance

Rossiya qo‘shinlarining Xarkiv yaqinida oldinga siljishi Rossiya Ukrainaga qarshi urushi rivojidagi «o‘ta xavfli» lahzadir. Bunday fikrni Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron 12 may, yakshanba kuni Sky News telekanaliga bergan intervyusida bildirdi.

«Bu faqat RFning mustaqil, suveren davlatga asossiz, noqonuniy hujumi ekanligini ta’kidlaydi», dedi Britaniya diplomatiyasi rahbari boshlovchining tegishli kirish so‘zini izohlar ekan.

«Biz ukrainaliklarga yordam berish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak», deb davom etdi Kemeron. Shu bilan birga, u London uchun Ukrainaga har yili 3 milliard funt sterling (taxminan 3,47 milliard yevro) ajratishni nazarda tutuvchi yordam paketini kelishib olish qanchalik muhimligini ta’kidladi. Britaniya tashqi ishlar vaziri boshqa davlatlarni ham bundan o‘rnak olishga chaqirdi. 

U shuningdek, Britaniya «amerikaliklarni yordam paketi bilan oldinga siljishga undash» uchun juda ko‘p ishlarni amalga oshirganini eslatdi. «Bunchalik uzoqqa cho‘zilgani achinarli, ammo bu o‘zgarishlar beradi», dedi Devid Kemeron. 

Britaniyaning Ukrainaga yordami 

3 may kuni Reuters agentligi Devid Kemeronning Britaniya Kiyevga har yili uch milliard funt sterling harbiy yordam ko‘rsatishi haqidagi bayonoti aks etgan videoni chop etdi. 

Shu bilan birga, Kemeron ukrainaliklarning o‘zlari ularga berilgan qurollardan qanday foydalanishni hal qilish huquqiga ega ekanligini, agar ular Rossiya hududidagi nishonlarga zarba berish uchun foydalanilsa, London bunga qarshi chiqmasligini aniq ta’kidladi.

Rossiyaning Xarkiv yaqinida olg‘a siljishi 

Rossiya Mudofaa vazirligi 12 may kuni Rossiya Qurolli kuchlari Xarkiv viloyatidagi yana to‘rtta aholi punkti, xususan: Gatishche, Krasnoye, Moroxovets va Oleynikovoni qo‘lga kiritganini ma’lum qildi. Harbiy vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya armiyasi Ukrainaning Volchansk, Degtyarniy va Lopan yaqinidagi pozitsiyalariga zarbalar bergan.

Mavzuga oid