Jahon | 08:28 / 08.03.2024
17414
5 daqiqa o‘qiladi

Shvetsiya rasman NATO a’zosi bo‘ldi

Shvetsiya rasman NATOga qo‘shilib, Shimoliy Atlantika alyansining 32-a’zosiga aylandi.

7 mart kuni Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristersson va mamlakat TIV rahbari Tobias Billstryom Vashingtondagi yig‘ilishda ratifikatsiya qilingan hujjatlarni AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenga topshirdi, shundan keyin ushbu mamlakatning alyansga qo‘shilishi bo‘yicha so‘nggi ikki yillikda olib borilgan jarayon yakuniga yetdi.

AQSh Davlat departamenti xabariga ko‘ra, Shvetsiyaning NATO a’zoligiga qabul qilingani haqidagi protokol kuchga kirdi. 

«Yaxshi narsalar uni kutganlarga keladi», — degan Blinken hujjatlarni qabul qilib olar ekan.

Shvetsiya harbiy ittifoqqa qo‘shilgan 32-davlat bo‘ldi. 11 mart kuni ushbu mamlakat bayrog‘i alyansning Bryusseldagi shtab-kvartirasi oldida ko‘tarilishi kutilmoqda. 

Shvetsiya alyansga qabul qilingandan so‘ng, Rossiya uchun muhim neft savdo yo‘llari o‘tadigan va Rossiyaning Boltiq floti joylashgan Boltiq dengizi amalda NATO ichki dengiziga aylandi, deb yozgan Financial Times. 

«Bu tarixiy kun. Endi Shvetsiya NATO muzokaralar stolining alyans siyosati va qarorlarini shakllantirishda teng ovozga ega bo‘lgan munosib o‘rnini egallaydi», — deyiladi NATO bosh kotibi Yyens Stoltenbergning bayonotida.

Shvetsiya o‘tgan yilning aprelida NATOga a’zo bo‘lgan Finlandiya kabi Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bosqinidan keyin neytralitetdan voz kechish hamda alyansga kirishga qaror qilgandi. 

Ikki mamlakat ham bir vaqtda ariza bergandi, ammo Shvetsiyaning a’zoligi NATOning boshqa ikki a’zosi — Turkiya va Vengriyaning pozitsiyasi tufayli kechikdi.

Vengriya parlamenti Shvetsiyaning qo‘shilishini 26 fevral kuni ma’qulladi, shu haftada esa mamlakatning yangi prezidenti Tamash Shuyok uni imzoladi. Turkiya yanvar oyi oxirida rozilik bergandi.

«Shvetsiya — bizning qadriyatlarimiz va dunyoqarashimiz mushtarak bo‘lgan, yuqori samarali qurolli kuchlarga ega bo‘lgan kuchli demokratiyadir. Shvetsiyaning qabul qilinishini AQSh va ittifoqchilarimiz himoyasini yanada kuchaytiradi», — degandi Oq uy fevral oyi oxirida ariza Vengriya parlamenti tomonidan ma’qullanishiga munosabat bildirib.

Vashingtonda payshanba kuni o‘tkazilgan tadbir vaqtida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Shvetsiyaning NATOga qabul qilinishi Rossiya siyosatidagi strategik muvaffaqiyatsizlikni ko‘rsatishini ta’kidladi.

«O‘ylaymanki, agar ortga qarab, uch yil oldin qayerda bo‘lganimizni eslasak, bularning hech biri oldindan aytib  bo‘lmasdi. Putinning Ukrainaga bostirib kirishi Rossiya uchun strategik fiaskoga aylanganiga bugungidek yorqin misol yo‘q», — degan u.

Rossiya hukumati bir necha bor Finlandiya va Shvetsiyaning NATOga a’zo bo‘lishiga javoban choralar ko‘rishini ma’lum qilgandi.

Rossiyaning Stokholmdagi elchixonasi o‘tgan haftada xavfsizlik sohasidagi siyosatni tanlash — Shvetsiyaning suveren ishi ekani, ammo alyansga a’zo bo‘lish Yevropadagi barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishini bildirgandi.

«Rossiya o‘z milliy xavfsizligiga tahdidlarni to‘xtatish uchun siyosiy va harbiy-texnik xarakterdagi javob choralarini ko‘radi. Buning muayyan mazmuni Shvetsiyaning NATOga integratsiyalashuvi shartlariv a ko‘lamliga bog‘liq bo‘ladi», — deyilgan bayonotda.

200 yil mobaynida harbiy ittifoqlarga qo‘shilmagan Shvetsiya Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan ko‘p vaqt o‘tmay, 2022 yil may oyida ariza topshirgandi.

NATO a’zolarining ko‘pchiligi mamlakat a’zoligini tezda ratifikatsiya qildi, ammo Turkiya bu jarayonni cho‘zib yubordi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Shvetsiya a’zoligiga qarshiligi avvaliga Stokholm go‘yoki Anqara terrorchi deb hisoblaydigan kurd guruhlarining a’zolariga boshpana berishi bilan bog‘liq edi.

Bu e’tirozlarga javoban Shvetsiya aksilterrorchilik qonunchilikni qat’iylashtirdi va Erdo‘g‘anning talablarini bajardi.

Keyin turklar yetakchisi AQSh F-16 qiruvchilari partiyasini yetkazib berish bo‘yicha va’dasini bajarmagani haqida ma’lum qildi — bu bo‘yicha qaror Kongressda qarshilikka uchragandi.

Yakunda Vashington 2024 yil yanvar oyida Turkiyaga Shvetsiyaning a’zoligini ratifikatsiya qilishi bilan 23 milliard dollarlik F-16 samolyotlari partiyasini yetkazib berishni ma’qulladi.

Turkiyaning roziligini olgan Shvetsiya yana bir to‘siqqa uchradi — Vengriya.

Vengiya hukumati Stokholmni Vengriyani «tahqirlash» siyosati va mamlakatning qonun ustuvorligi me’yorlaridan chetga chiqishi haqidagi muntazam izohlari uchun qoraladi. Ammo Turkiyaning roziligi ortidan yakuniy qaror qabul qilindi.

Mavzuga oid