O‘zbekiston | 12:59 / 10.03.2024
49448
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkda xotiniga jarohat yetkazgan va politsiyaga pichoq bilan tashlangan o‘zbekistonlik otib tashlandi

Oilaga yaqin bo‘lgan odamlar erkakda ruhiy tomondan muammolar bo‘lganini aytishgan.

Nyu-York shahrida xotiniga pichoq o‘qtalib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan o‘zbekistonlik erkak politsiya xodimlari tomonidan otib tashlangan. Bu haqda The New York Post nashri xabar bermoqda.

Hodisa 2024 yil 8 mart kuni sodir bo‘lgan. Nyu-Yorkning Kvins dahasida uyushtirilgan tadbirda samarqandlik ekani aytilayotgan er-xotin Jamshid Ne’matov va Amira Ne’matova janjallashib qolgan.

Janjal asnosida erkak xotiniga pichoq bilan zarba bergan va uni og‘ir jarohatlagan.

Voqea joyiga yetib kelgan Nyu-York politsiyasi xodimlari jahl otiga mingan erkakdan qo‘lidagi pichoqni tashlashni talab qilgan. Oila boshlig‘i talabga bo‘ysunmagach, politsiya xodimlari unga o‘q uzishga majbur bo‘lgan.

Oqibatda asli o‘zbekistonlik bo‘lgan Jamshid Ne’matov halok bo‘lgan. Uning jarohatlangan xotinida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, er-xotin uzoq yillardan buyon birga yashab kelgan va ularning 4 nafar farzandi bo‘lgan. Farzandlaridan to‘ng‘ich qizi 23, ikkinchi qizi 20, o‘g‘illari 17 va 14 yoshda ekani aytilmoqda.

Mavzuga oid