Jahon | 12:59 / 12.03.2024
8187
10 daqiqa o‘qiladi

AQSh G‘azoda port qurmoqchi. Bu falastinliklarga yordammi yoki Isroilga?

G‘azo xalqi uchun bemisl kulfatlarning 6-oyi boshlandi. Hatto Ramazon oyi ham qamalni yumshatish va otashkesim uchun sabab bo‘lolmayapti. Isroil blokadani davom ettirarkan, AQSh gumanitar yordam yetkazish uchun G‘azo sohillarida ko‘chma port qurishini e’lon qildi.

Xo‘sh, bu loyihaga Isroil va xalqaro hamjamiyatning munosabati qanday bo‘ladi? “Geosiyosat” mavzu yuzasidan savollar bilan Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha ekspert Shavkat Ikromovga yuzlandi.

AQShning G‘azo sohillarida vaqtinchalik port qurish qarorini Isroilning anklavga yordamni to‘sib qo‘yish siyosatiga qanday munosabat sifatida qabul qilish kerak?

— G‘azo – Isroil ichida joylashgan anklav hudud, faqatgina janubda 12 km uzunlikda Misr bilan chegaradosh. G‘azoga kirib chiqish uchun 3 ta yo‘lak bor hozir: janubda Misr tomondan Rafaq o‘tish yo‘lagi va 2 ta Isroil tomondagi yo‘lak. Lekin ayni paytda bu 3 yo‘lak ham to‘la quvvat bilan ishlamaydi.

G‘azoning 40 kilometrli O‘rtayer bilan qirg‘oq chegarasi ham bor. Ko‘chma port ayni mana shu qirg‘oq chegarada qurilishi rejalashtirilyapti, bu qirg‘oqlar nisbatan Kiprga yaqin joylashgan. Bu qirg‘oq chegarasi ham 2009 yildan beri Isroil tomonidan nazorat qilinadi.

Baydenning ko‘chma port qilish qarorini kamida 3 ta rakursda tahlil qilish mumkin. Birinchisi, AQShning o‘zidagi ichki siyosiy vaziyat bilan bog‘lab tahlil qilish mumkin. AQSh Isroilni qo‘llayotgan davlat sifatida Isroilning G‘azodagi barcha jinoyatlariga teng sherik sifatida ko‘rsatilmoqda. Bu esa AQSh aholisining katta qismida hukumatga nisbatan norozilikni vujudga keltirgan. Demokratlar ichidagi guruhlar ham Bayden ma’muriyatini chora ko‘rmayotganlikda ayblayapti, respublikachilar esa Bayden hukumatini qattiq siquvga olgan. AQShda saylov yaqinlashyapti, saylov kompaniyalar qattiq ishlayapti, mana shunday paytda Bayden tomonidan taktik yurish deb baholash mumkin bo‘ladi.

G‘azodagi holat logistik emas, siyosiy muammo, deyapti tahlilchilar. Siyosiy muammo deydigan bo‘lsak, Bayden ma’muriyati Isroilni ko‘ndirishi mumkin edi, lekin bunday qilolgani yo‘q hali.

Ikkinchisi — urush fonida Bayden rejasini tahlil qilsak. Urush boshlangandan beri Bayden ma’muriyati Isroilni tinch aholi qurbon bo‘lishining oldini olish uchun samarali choralar ko‘rmayotganlikda ayblayapti, oxirgi vaqtlar qattiq tanqidiy ruhda yangrayapti bu. Yaqinda 112 nafar tinch aholi o‘limiga sabab bo‘lgan “un qirg‘ini” bu notani yanada oshirdi, ya’ni humanitar yordamni olayotgan tinch aholiga isroilliklar hujum qilgani aytilmoqda, hozir tekshirilyapti bu. Umuman, Isroilning humanitar yordamni to‘sib qo‘ygani vaziyatni og‘irlashtiryapti. Bayden ma’muriyati esa quruqlikdagi yo‘laklarni ochish bo‘yicha Isroil bilan kelisholmayapti.

Uchinchi tomoni esa xalqaro bosim masalasi. Ya’ni AQShning hamkorlari bugun undan norozi ekanini ochiq bildiryapti. Qurbonlarning oshib borayotgani, humanitar inqiroz kuchayayotgani sabab Yevropa xalqi ham hukumatlarga nisbatan norozilik bildiryapti, arab davlatlarida ham hukumatga nisbatan norozilik o‘sib boryapti. Yevropaliklar ham, arab davlatlari ham AQShdan nimadir qilishni talab qilyapti. Mana shu nuqtai nazardan nimadir qilayotganini ko‘rsatish uchun ham shu rejani amalga oshiryapti deyish ham mumkin.

Yana bir xavotirli taxmin ham bor, buni bir qancha ekspertlar ham aytyapti. Bu ish orqali Isroilga G‘azoda HAMASga qarshi urush kengligini yaratib beryapti. Ya’ni humanitar yordam boradi, go‘yoki ocharchilik oldi olinadi, lekin ichkarida urush harakatlari davom etaveradi, degan qarashlar bor.

Nima bo‘lganda ham, bu reja quruqlikdagi yo‘laklarga alternativ emas. Yevropadagi va arab davlatlaridagi tahlilchilar ham aytyaptiki: bu port yaxshi loyiha, lekin ko‘p vaqt va mablag‘ talab qiladi, bundan ko‘ra quruqlikdagi yo‘laklarni ochishga ko‘ndirish to‘g‘ri bo‘lardi, deyishyapti. AQSh o‘z qudrati va Isroilning yaqin homiy hamkori bo‘lsa ham, unga bu borada gapi o‘tmayotgani, endi undan hafsalasi pir bo‘lgani, tanqid qilayotganini shu yo‘l bilan ichki va xalqaro jamoatchilikka ko‘rsatyapti, deyish ham mumkin. Yaqinda Qohirada Ramazon oyi munosabati bilan 6 haftalik sulhga erishmoqchi bo‘ldi Misr, Qatar, AQSh, lekin bu amalga oshmadi. Ikki tomon ham bir-birining shartlarini qabul qilmadi. Bu vaziyatda Netanyahudan hafsalasi pir bo‘lganini ochiq aytdi Bayden.

Bu port bo‘yicha HAMAS qanday pozitsiyada?

— Hozircha HAMAS hech qanday munosabat bildirgani yo‘q. Lekin Pentagon agar HAMAS G‘azo xalqi uchun kurashayotgan bo‘lsa, port loyihasini qo‘llab, hamkorlik ham qiladi, deb hisoblashini bildirgan. Lekin Isroilni qo‘llovchi Yevropadagi ba’zi guruhlar bu port kelajakda HAMAS harakatlari uchun bo‘ladi, degan xavotirni ham bildiradi. Bundan tashqari, HAMAS port qurish davomida AQShliklarga hujum qilishi mumkin, degan xavotirlar ham bor, lekin HAMAS g‘azoliklar uchun kurashayotgan bo‘lsa, bunday qilmaydi.

AQSh G‘azoda qurilayotgan portni xavfsizlik va logistik jihatdan qanday ta’minlaydi?

— Bayden bu qarorni e’lon qilgach, Pentagon sharh berib o‘tdi, chunki qurish ishlari Pentagonga yuklatilgan. 60 kun, ya’ni 2 oy vaqt kerak bo‘ladi, deyildi. Qurilishga mingdan ortiq AQSh askarlari jalb etiladi. Tahlilchilar 60 kun ham deyishyapti.

Umuman, bu loyiha mutlaqo yangi loyiha emas. 2000 yillarda ham bunday port qurish masalasi ko‘tarilib, qurilish boshlangandi, lekin Isroilning qarshiligi sabab to‘xtatilgandi. 2023 yil noyabr oyida AQSh va Yevropa davlatlari tinchlik o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar boshlagan paytda Kipr tomonidan shunday taklif berilgandi. Kipr YeI ichidagi Yaqin Sharqqa eng yaqin davlatlardan biri, xususan, G‘azoga. Baydenning bu rejasini Yevropa OAVlari Kipr tashabbusi sifatida yorityapti. Kipr taklifiga ko‘ra, Kiprdagi portda yuklar yig‘iladi va Isroil tomonidan tekshiriladi, keraksiz deb topilgan yuklar olib tashlanadi, AQSh kemalari kuzatib boradi yuklarni. Lekin yuklar yetib borgach, nima bo‘lishi haqida aniq rejalar aytilgani yo‘q. Bundan tashqari, port aynan qayerda qurilishi bo‘yicha ham ma’lumotlar yo‘q. Yetib borgan yuk qanday tarqatiladi, qanday himoya qilinadi — noma’lum, Bayden birorta AQSh askari G‘azo hududiga oyoq qo‘ymaydi, faqat yukni yetkazadi, dedi. Hamkorlar ishtirok etishi aytilgan, bular Isroil yoki arab davlatlari bo‘lishi mumkin. Yoki xususiy kompaniyalar jalb qilinishi ham mumkin.

Bu jarayonga Isroil qarshilik qiladimi, agar shunday bo‘lsa qanday uslubda?

— Bayden bu rejani e’lon qilmasdan oldin bu haqida xabarlar paydo bo‘lganda Isroil bu rejani qabul qilgan edi, Bayden e’lon qilgach ham qo‘llashini aytgan. Negaki, bunday vaziyatda Isroilga urush uchun sharoit paydo bo‘ladi. Port qurishga 2 oy vaqt ketadi, Isroil esa vaqtni cho‘zmoqchi imkon qadar. Isroilga ko‘proq vaqt va aholini, xalqaro hamjamiyatni chalg‘itadigan taktik qarorlar kerak.

Shu vaqt davomida boshqa davlatlar kutib turadimi, real harakatlar bo‘lmaydimi?

— Arab davlatlari ham, Turkiya, Eron ham kutib turadi. Nega arab davlatlari aralashmayapti, degan ma’nodagi savollarga bir xil javob bo‘ladi doim: arab davlatlari o‘z manfaatlarini mustaqil tarzda himoya qilolmaydi.

Oxirgi tahlillarga ko‘ra, Isroil juda faol tarzda urushga AQSh va Eronni to‘g‘ridan to‘g‘ri jalb qilish ustida ishlayapti. Aslida Eron va AQSh bilvosita ishtirokchi, Isroil esa bevosita urushga olib kirmoqchi. Agar shunday bo‘lsa, birinchi katta zarbani Fors ko‘rfazi arab davlatlari va Iroq qabul qiladi. Chunki bu davlatlarda AQShning mintaqadagi harbiy bazalari joylashgan va ular Eronning nishoniga aylanadi. Masalan, Qatardagi AQShning mintaqadagi eng katta bazasiga hujum qilinadi, bu esa kichkinagina Qatarga katta muammolar olib keladi. Ko‘rfaz arab davlatlari katta iqtisodiy loyihalar ustida ishlashyapti, shuning uchun ular urushning mavjud doiradan tashqariga chiqib ketishini istashmaydi.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid