Jahon | 12:22 / 12.03.2024
3074
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada ayol Ukraina qurolli kuchlari haqidagi posti uchun koloniyaga jo‘natildi

Tula viloyati sudi 2022 yilda Facebook’da Ukraina qurolli kuchlari ehtiyojlari uchun mablag‘ yig‘ishda ishtirok etish chaqirig‘ini boshqa nom bilan joylashtirgan Yuliya Tishchenkoni 4 yillik qamoq jazosiga hukm qildi.

Foto: Jonathan Raa/NurPhoto/picture alliance

Tula viloyatida ijtimoiy tarmoqlar orqali Ukraina qurolli kuchlari (UQK)ni moliyalashtirishga chaqirgan mahalliy fuqaroga nisbatan hukm chiqarildi. 13 dekabr kuni Aleksinskiy tumanlararo sudi Yuliya Tishchenkoni davlat xavfsizligiga qarshi qaratilgan harakatlarga internet orqali chaqirganligi uchun 4 yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qildi, deya xabar beradi «OVD-Info» inson huquqlari loyihasi 11 mart, dushanba kuni. 

Ayol avgust oyida qo‘lga olingan 

Sud veb-saytida e’lon qilingan hukmda Tishchenkoga shuningdek, uch yilga veb-saytlar, elektron va axborot-telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish taqiqlangani aytiladi. Hujjatda qayd etilishicha, sudlanuvchi 2023 yil 30 avgustdan beri hibsda saqlanmoqda, u o‘z aybini to‘liq tan oldi. 

Ukrainada 10 yil yashab kelgan Tishchenkoga nisbatan ish uning Facebook’da Ukraina qurolli kuchlari uchun ratsiya va teplovizorlarga mablag‘ yig‘ish haqida 2022 yilda Yulianna Mixaylenko taxallusi ostida e’lon qilingan posti tufayli ochilgan. Unda ayol ushbu maqsadlar uchun 30 ming grivnadan ko‘proq yig‘ilganini, biroq bu miqdor yetarli emasligini bildirib, ma’lumotni tarqatishni so‘ragan. 

Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli hujumi boshlanganidan beri Rossiya Federatsiyasida rasmiylarning harakatlariga qarshi bo‘lganlarni jinoiy ta’qib qilish keskin oshdi. «OVD-Info» ma’lumotlariga ko‘ra, «urushga qarshi» moddalar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlarga 850 dan ortiq kishi jalb qilingan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid