Jahon | 20:55 / 13.03.2024
19088
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukrainaga 2024 yildagi ilk harbiy yordam paketini e’lon qildi

Bu esa, Bayden ham ta’kidlaganidek, Ukraina qurolli kuchlari uchun juda kamlik qiladi.

Foto: The Wall Street Journal

Jo Bayden ma’muriyati 12 mart kuni Ukraina uchun 300 million dollar miqdoridagi yangi harbiy yordam paketini e’lon qildi.

Pentagonning qayd etishicha, bu 2021 yil avgustidan buyon AQSh mudofaa vazirligi zaxiralaridan Kiyevga taqdim etilgan 55-transh hisoblanadi. Yordam paketi artilleriya qurollari, havo hujumidan mudofaa tizimlari va tankka qarshi vositalarni o‘z ichiga oladi:

  • Stinger zenit raketalari;
  • HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi uchun qo‘shimcha o‘q-dorilar;
  • 105 mm va 155 mm kalibrli artilleriya snaryadlari, jumladan parchalanadigan-portlaydigan va ikki maqsadli kassetali o‘q-dorilar;
  • AT-4 tankka qarshi komplekslari;
  • o‘qotar qurollar uchun patronlar;
  • to‘siqlarni olib tashlashda qo‘llanadigan o‘q-dorilar, ehtiyot qismlar va boshqa yordamchi uskunalar.

Bu AQShning Ukrainaga yuboradigan 2024 yil hisobidan ilk harbiy yordami bo‘ladi. Bundan oldingisi — 250 million dollarlik yordam — 2023 yil 27 dekabrida ajratilgandi.

Pentagon press-reliziga ko‘ra, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon AQSh va g‘arbdagi boshqa ittifoqchilar Ukraina qurolli kuchlariga 87 milliard dollardan ortiq hajmdagi yordam yuborishgan.

Pentagon e’lon qilgan ro‘yxatda ATACMS ballistik raketalari bevosita tilga olinmagan (ular yordam paketining bir qismi bo‘lishi haqida avvalroq Politico nashri yozgandi). Ammo bunday raketalar HIMARS tizimlaridan uchirilishi mumkin, AQSh mudofaa vazirligi esa bunday tizimlar uchun o‘q-dorilar yetkazib berilishini ma’lum qilgan.

Seshanba kuni Ukrainaga Daniya ham yangi yordam paketi ajratishini ma’lum qildi: bu mamlakat Kiyevga 336 mln dollarlik snaryadlar va artilleriya tizimlari yetkazib beradi.

AQSh mudofaa vazirligi ajratilgan yordam Ukraina armiyasining jang maydonidagi barcha talablarini qondirish uchun yetarli emasligini ta’kidlagan.

Pentagon ushbu qurollar Ukrainaga yuborilgach, hozircha ularning o‘rnini to‘ldirish uchun vazirlikda pul yo‘qligini ma’lum qilgan.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivanning baholariga ko‘ra, snaryadlarning yangi partiyasi Ukraina qurolli kuchlariga faqat bir necha hafta uchun yetadi.

Ukrainaga yordam to‘g‘risidagi qonun qabul qilinishi nega paysalga solinmoqda?

AQSh prezidenti Jo Bayden ham yordam ajratilgani to‘g‘risida xabar bergan. U Pentagonning oldingi shartnomalarni amalga oshirish vaqtida tejalgan mablag‘lar hisobidan yordam ajratishga muvaffaq bo‘lganini bildirgan.

«Bugun biz ma’qullagan yordam umuman yetarli emas, — degan Bayden Vashingtonda Polsha prezidenti Andjyey Duda hamda polshaliklar bosh vaziri Donald Tusk bilan muzokaralar chog‘ida. — Kongress zudlik bilan Ukrainaga yordamni o‘z ichiga olgan xavfsizlik to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qilishi kerak».

Baydenning ma’muriyati kongressdan Ukrainaga 60 mlrd dollar atrofidagi kattaroq yordamni ma’qullashni so‘ragan.

Ukraina, Isroil va Tayvanga jami 95 mlrd dollarlik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonun loyihasi allaqachon Senat tomonidan ma’qullangan, ammo hamon Vakillar palatasida sobiq prezident Donald Trampning tarafdorlari va ularning yetakchisi Maykl Jonson tomonidan bloklanmoqda.

Ayrim respublikachilar Ukrainaga yordam ko‘rsatishni ma’qullashi uchun AQShning janubiy chegaralarida nazoratni qat’iylashtirish va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurash choralarini kuchaytirishni shart qilib qo‘ygan. Ammo Respublikachilar partiyasida Kiyevga yordam ko‘rsatishga mutlaqo qarshi bo‘lganlar ham bor.

Seshanba kuni Vakillar palatasining ham respublikachilar, ham demokratlarni o‘z ichiga oluvchi guruhi kongressmenlarni Ukrainaga yordam haqidagi qonun qabul qilishga majburlashi mumkin bo‘lgan maxsus petitsiyaga imzo to‘plashga kirishdi. Ammo buning uchun Vakillar palatasining 218 a’zosi, ya’ni mutlaq ko‘pchiligining ovozini to‘plash talab etiladi.

Reuters agentligi qayd etishicha, respublikachi kongressmenlarning mutlaq ko‘pchiligi (70 foizi) agar Jonson qonun loyihasini ovoz berish uchun qo‘ysa, uni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Ammo Respublikachilar partiyasi pozitsiyasiga zid bo‘lgan petitsiya ostida imzo qo‘yish — muhim siyosiy qadam bo‘lib, saylovlar yilida hamma deputatlar ham bunga jazm eta olmaydi, deya qayd etgan agentlik.

O‘q-dorilar yetishmovchiligi

Ukrainadagi va g‘arbdagi rasmiy shaxslar Amerika harbiy yordami ajratilishi kechikishi allaqachon jang maydonida Ukrainaning holatiga zarar yetkazayotganini tan olishadi.

Xususan, Ukraina qurolli kuchlariga snaryadlar yetishmayapti. Shu hafta Amerikaning CNN telekompaniyasi g‘arb razvedkasi ma’lumotlariga asoslanib, hozirda Rossiya kuniga 10 ming atrofida snaryad otayotgani — Ukraina esa kuniga 2 ming snaryaddan foydalanayotganini xabar qildi. Yevropa maxsus xizmatlari xodimlari oldingi chiziqdagi ayrim joylarda vaziyat bundan ham og‘irroq ekanini xabar qilishgan.

Bundan tashqari, Ukraina G‘arb tomonidan yetkazib berilgan harbiy texnikalarning kattagina qismini 2023 yil yozida muvaffaqiyatsizlikka uchragan qarshi hujumi davomida yo‘qotgan va o‘z arsenalini to‘ldirishga muhtoj.

Ukrainada o‘q-dori yetishmovchiligi fonida Rossiya frontning bir qancha uchastkalarida yurish qilmoqda. Fevral oyida RF armiyasi Donetsk oblastining Avdiyivka shahrini egallab oldi, bu rossiyalik harbiylarning so‘nggi oylardagi birinchi muhim muvaffaqiyatiga aylandi.

Tusk va Duda bilan qo‘shma matbuot anjumanida Bayden kongressmenlarni «juda ham kech bo‘lmasidan harakatga kelish»ga chaqirgan. «Hozircha kech emas. Chunki, Polsha eslaganidek, Rossiya Ukrainada to‘xtamaydi. Mening fikrimcha ham, Putin oldinga yurishda davom etib, Yevropaga, AQShga va butun erkin dunyoga tahdid soladi», — degan AQSh prezidenti.

Mavzuga oid