O‘zbekiston | 21:39 / 13.03.2024
44938
3 daqiqa o‘qiladi

Qo‘yliq ulgurji bozori faoliyati tugatilgani e’lon qilindi

2024 yil boshida bozor rekonstruksiyaga yopilgani haqida xabar berilgan edi.

Arxiv foto: Google Maps

“Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori” AJ (Qo‘yliq ulgurji bozori nomi bilan tanilgan) faoliyati rasman tugatildi. Korporativ axborotlar yagona portaliga ko‘ra, jamiyat aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishi 29 fevral kuni shunday qarorni qabul qilgan.

AJ rasmiy saytiga 1 mart kuni joylangan axborotga ko‘ra, jamiyat hududida tadbirkorlar faoliyati 5 yanvardan boshlab tugatilgan.

“Shu o‘tgan ikki oy davomida bozor faoliyatini qay tartibda davom ettirish, ta’mirlash, rekonstruksiya qilish bo‘yicha biror bir rasmiy yoki norasmiy ma’lumotlar bugungi kunda mavjud emasligi, bozor faoliyati ikki oydan buyon to‘xtab turgan bo‘lsa-da yer solig‘i, mulk solig‘i hisoblanishi davom etib turganligi, bu holat davom etsa jamiyatning moliyaviy ahvoli qiyinlashib qolishi kutilishi sababli jamiyatni yuridik shaxs sifatida ixtiyoriy tugatish maqsadga muvofiq deb topilgan”, – deyiladi aksiyadorlar qarorida.

Ta’kidlanishicha, agar zaruriyat yuzaga kelganda, davlat idoralari yoki boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan takliflar bildirilsa, jamiyat faoliyatini tugatish ishlarini to‘xtatib, tiklash imkoniyati mavjud

Xususan, hududdan samarali foydalanish bo‘yicha takliflarga asosan, “aholiga manfaatli bo‘lgan biror yo‘nalishda hududda biror samarali faoliyat turi tashkil etilishi mumkinligi” qayd etilgan.

Hujjatga ko‘ra, AJ aksiyalarining 93,2 foizi Toshkent shahar hokimligi, qolgan 6,8 foizi mehnat jamoasiga tegishli. Likvidatsiya haqidagi qarorni qabul qilishda kvorum 94,33 foiz bo‘lgan.

Tugatilayotgan bozor bo‘yicha murojaatlar bu haqda e’lon qilinganidan boshlab ikki oy davomida qabul qilinadi.

2024 yil yanvarida Toshkent shahri hokimligi Qo‘yliq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozorida rekonstruksiya ishlari boshlanishi (bu Qo‘yliq savdo markaziga taalluqli emas) haqida xabar bergan edi.

Hokimlik xabarida aytilgandiki, “bozorga keltirilayotgan mahsulotlar bozor hududiga sig‘may, atrofidagi hududlarda, shu jumladan Chirchiq kanali bo‘yida tartibsiz savdo amalga oshirilmoqda, avtomobil yo‘llarning tirbandligiga asosiy sabab bo‘lmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratmoqda”.

Rekonstruksiya davrida tadbirkorlarga faoliyatini Food City, Tashkent Index va boshqa savdo majmualarida davom ettirish taklif qilingan edi.

  • Ma’lumot uchun, likvidatsiya haqidagi qaror “Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori” AJ (ulgurji bozor) tomonidan qabul qilingan bo‘lib, unga yondosh Qo‘yliq savdo markazi (chakana savdo ham amalga oshiriladi) boshqa bir yuridik shaxs – “Qo‘yliq dehqon bozori” AJga tegishli.

Mavzuga oid