G‘azoga insonparvarlik yordamlari, sun’iy idrokni cheklayotgan Yevropa va AQShda TikTokni taqiqlashga harakat - kun dayjesti
So‘nggi kun ichida dunyoda sodir bo‘lgan eng muhim voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlar sharhi odatdagidek kundalik dayjestimizda.
Falastindagi vaziyat
Nihoyat ochlik va tashnalik iskanjasida qolgan g‘azoliklarga insonparvarlik yordami kela boshladi. Sutka ichida sektorga insonparvarlik yordami yuklari ortilgan 200 dan ortiq yuk mashinalari kirib kelgan.
AQSh harbiy-havo kuchlari bugun G‘azo sektori aholisiga havo orqali to‘qqizinchi bor insonparvarlik yordami yetkazgani xabar qilindi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Livan poytaxti Bayrut shahrida HAMASning vakillaridan biri Solih al-Aruriyning Isroil kuchlari tomonidan o‘ldirilganini rasman tan oldi:
«Biz HAMASdagi to‘rtinchi raqamli insonni yo‘q qildik. Uchinchi, ikkinchi va birinchi raqamli insonlarga ham hali qo‘limiz yetadi!» — degan Netanyahu.
AQSh Senatining razvedka bo‘yicha maxsus qo‘mitasi raisi G‘azoda bo‘layotgan 140 kunlik urushda Isroil qurolli kuchlari HAMASning 35 foizdan kamroq jangchilarini yo‘qota olishini hech kim xayoliga ham keltirmagan va bu vaziyatdan saboq chiqarish kerakligini aytib o‘tdi.
AQSh va Eron ilk marta husiychilar masalasida muzokara o‘tkazgan, deb xabar bermoqda The Financial Times. Nashrga ko‘ra, Vashington Tehronni yamanlik husiychilar ta’siridan foydalanib, ularni «Qizil dengizda kemalarga hujumini to‘xtatishga ko‘ndirishni so‘ragan. Eron tomoni bunga qanday javob bergani hozircha noma’lum.
Yevropa sun’iy idrokni cheklaydi
Yevropa parlamentida jahonda ilk bor sun’iy idrokni tartibga solish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi
Endi ko‘hna qit’ada sun’iy idrok tizimlari ma’lum bir shaffoflik talablariga javob berishi kerak bo‘ladi. Sun’iy idrok yordamida qayta ishlangan suratlar, audio hamda videoyozuvlar tegishli markirovkaga ega bo‘lishi talab qilinadi.
Real vaqt rejimida yuzni tanib olish tizimlari va boshqa biometrik identifikatsiya tizimlari taqiqlanadi. Huquq-tartibot organlariga undan oldindan kelishilgan favqulodda holatlarda, masalan, yo‘qolgan insonni qidirishda yoki terrorchilik tahdidi chog‘ida foydalanishgagina ruxsat etiladi.
Yangi qonunga ko‘ra, quyidagilar taqiqlanadi: real vaqt rejimida yuzni aniqlash, ish joyi va maktablarda odamlarning his-tuyg‘ularini aniqlash, ijtimoiy reyting va inson xatti-harakatlarini manipulyatsiya qiluvchi yoki zaifliklaridan foydalanuvchi sun’iy idrok texnologiyalari.
Qonun, shuningdek, sun’iy idrokka asoslangan barcha tizim va vositalarni risk darajasiga qarab, past, o‘rta, yuqori va qabul qilib bo‘lmas kabi to‘rt darajaga bo‘ladi.
Hujjat hali Yevropa Kengashi tomonidan tasdiqlanishi kerak. U may oyi oxirida kuchga kirishi kutilmoqda.
AQShda TikTok taqiqlanishi mumkin
AQSh Kongressi Vakillar palatasi Xitoyga tegishli TikTok ijtimoiy tarmog‘ini taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi.
Kongressmenlar ByteDance kompaniyasiga TikTok platformasini Amerikaga sotish uchun besh oy muhlat beradi. Agar bu bajarilmasa, ilova do‘konlari TikTok’ni olib tashlashi kerak bo‘ladi. Ilovani o‘rnatganlar undan foydalanishda davom etishi mumkin, faqat u yangilanmaydi.
Vakillar palatasi TikTok milliy xavfsizlikka tahdid soladi, deb hisoblamoqda, chunki Xitoy hukumati ByteDance kompaniyasini amerikalik foydalanuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarini berishga majburlashi mumkin.
Hali qonun loyihasini AQSh Senati tasdiqlashi kerak. Prezident Jo Bayden esa qonunni parlament ma’qullasa unga jon-jon deb imzo qo‘yishini allaqachon ta’kidlab bo‘lgan. Ayni paytda TikTok ilovasidan AQShdagi 7 million kichik biznes vakili va 170 million fuqaro foydalanadi.
Eslatib o‘tamiz, TikTok — O‘zbekistonda bloklangan yagona ijtimoiy tarmoqligicha qolmoqda.
Rossiyada navbatdagi top-menejyer o‘limi
Rossiyada gaz-neft kompaniyalari top-menejyerlarining sirli o‘limi davom etmoqda. 13 mart kuni «Lukoyl» kompaniyasining 53 yoshli vitse-prezidenti Vitaliy Robertus kutilmagan tarzda vafot etgan. Uning o‘limiga nima sabab bo‘lgani ochiqlanmayapti.
Robertus kompaniyaning so‘nggi ikki yil ichida vafot etgan beshinchi top-menejyeri.
2022 yilning mayida «Lukoyl»ning eks top-menejyeri 44 yoshli Aleksandr Subbotin o‘lgan edi.
2022 yilning sentabrida «Lukoyl» direktorlar kengashi raisi 67 yoshli Ravil Maganov kasalxonada yuqori qavat derazasidan tushib ketib o‘lgan.
2022 yild «Lukoyl»ning eng yirik shu’ba korxonalaridan biri — «Kogalimneftgaz» direktori 48 yoshli Oleg Zatsepin vafot etgan.
2023 yilning oktyabrida Maganovning o‘rniga o‘tirgan direktorlar kengashi raisi, 66 yoshli Vladimir Nekrasov o‘lgan.
2024 yilning martida esa, mana, Robertus bu dunyo bilan xayrlashdi.
Bu faqat davlatga tegishli «Lukoyl» neft kompaniyasi rahbariyatida ro‘y bergan o‘limlar. «Gazprom»ning ham o‘ziga yarasha shunaqa ro‘yxati bor.
Buni tasodif deb bo‘ladimi? Tasodif bo‘lganda ham, Rossiyaning eng yirik neft kompaniyasida 2 yildan kam vaqt ichida u qadar qariyalardan bo‘lmagan besh nafar rahbarlarning o‘limi baribir biroz shubha keltirib chiqaradi.
Ukraina tomoni Vitaliy Robertus Nijyegorod oblasti Kstovo shahridagi neftni qayta ishlash zavodiga dron bilan zarba berilgan chog‘da halok bo‘lganini ta’kidlamoqda. Ammo bu ma’lumot tasdiqlanmagan.
Rossiyaga dronlar zarbasi
Darvoqe, Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga qilgan hujumlari haqida. O‘tgan kuni Ukraina xavfsizlik xizmati Rossiyadagi biryo‘la uchta — Ryazan shahridagi, Kstovo shahridagi va Leningrad oblastidagi Kirishi shahridagi neftni qayta ishlash zavodlariga hujum uyushtirgan.
Hujumga duchor bo‘lgan neftni qayta ishlash zavodlari Rossiyadagi top-5 zavodlar turkumiga kiradi. Bu hujumlardan ko‘zlangan maqsad — Rossiyaning iqtisodiy salohiyatini so‘ndirishdan iborat.
Bloomberg nashrining yozishicha, Rossiyaning neftni qayta ishlash zavodlariga hujum ishlab chiqarish quvvatlarining 12 foiziga ta’sir qilgan.
So‘nggi zarbaga uchragan Ryazan NQZ Moskva uchun motor yoqilg‘isini asosiy yetkazib beruvchisi bo‘lgan. So‘nggi ikki kun ichida zarbaga duchor bo‘lgan Ryazan NQZ va qolgan obektlar RF neftni qayta ishlash quvvatlarining 12 foizini tashkil etadi, deb yozadi nashr.
Ukraina xavfsizlik xizmati mudofaa kuchlari bilan birgalikda Rossiya harbiy havo kuchlarining Buturlinovkadagi aviabazasi va Voronejdagi harbiy aerodromini ham nishonga olgan.
Ukraina yangiliklari
Ukrainaga oid uchta qisqa yangilik bilan tanishtiramiz.
Ukrainalik mahbuslar armiyada xizmat qilish uchun shartnoma imzolashsa, ular jazoni o‘tash muddatidan avval ozod qilinadi. Bu qanday tartibda amalga oshirilishi belgilangan qonun loyihasi Oliy Radaga kiritilgan.
Mamlakat parlamenti Oliy Radaga kiritilgan yana bir qonun loyihasiga ko‘ra, Ukrainada farzand ko‘rganlik uchun qariyb 10 ming AQSh dollari to‘lash rejalashtirilmoqda.
Agar qonun loyihasi ma’qullansa, tug‘ish uchun nafaqa miqdori qariyb 10 barobar oshiriladi — hozirgi 41 ming 280 hrivna (1065 dollar)dan 384,5 ming hrivna (9920 dollar)gacha. Tashabbuskorlarning fikricha, bu mamlakatda tug‘ilish darajasini oshirishi mumkin, chunki so‘nggi marta tug‘ish nafaqasi 2014 yilda oshirilgan.
Yevropa Ittifoqi elchilari Ukrainaga qurol-yarog‘ sotib olish uchun qo‘shimcha 5 mlrd yevro ajratilishini ma’qullashdi.
Mavzuga oid
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024
G‘azodagi harbiy nazorat, Ukraina urushiga 1000 kun va ATACMS bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
14:03 / 19.11.2024