Jahon | 19:01 / 14.03.2024
6535
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston parlamenti «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi 

Qonun andozasi Rossiyadagi xuddi shunday qonundan olingan, u notijorat nodavlat tashkilotlari faoliyatini «keskin murakkablashtiradi». 

Foto: Getty Images

Qirg‘iziston parlamenti (Jogorku Kenesh) «xorijiy agentlar» to‘g‘risidagi qonun loyihasini uchinchi – yakuniy o‘qishda qabul qildi. 

Qayd qilinishicha, qonun loyihasi uchun ovoz berish ikki daqiqa davom etgan, hech qanday muhokama bo‘lmagan. 66 nafar deputat uni yoqlagan, 5 nafari qarshi ovoz bergan. Endi qonunni qabul qilish uchun mamlakat prezidentining imzosi kifoya. 

Qonunning asosiy tashabbuskori deputat Nodira Normatova bo‘lib, ushbu qonun loyihasi Qirg‘iziston uchun zarurligiga ishonchi komil, chunki «xorijiy agentlar» go‘yoki jamoatchilikni «hokimiyat va uning siyosatiga qarshi qo‘zg‘atmoqda». 

Mutaxassislar fikriga ko‘ra, Qirg‘izistonning xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun andozasi Rossiyadagi xuddi shunday qonundan olingan. Bu Qirg‘izistondagi notijorat tashkilotlari, jumladan, jurnalistlar va siyosiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanuvchi nodavlat notijorat tashkilotlari ishini keskin murakkablashtiradi. 

Qonunga ko‘ra, chet eldan mablag‘ oladigan va «siyosiy faoliyat» bilan shug‘ullanuvchi notijorat tashkilotlar «xorijiy agentlar» deb tan olinadi. Ular maxsus reyestrga kiritiladi, qo‘shimcha hisobotlar taqdim etadi va ularda rejadan tashqari tekshiruvlar o‘tkazilishi mumkin. 

Ushbu tashkilotlarning materiallariga maxsus belgi qo‘yilishi, unda material xorijiy vakil sifatida faoliyat yurituvchi notijorat tashkiloti tomonidan yaratilgani ko‘rsatilishi shart. 

Avvalroq, qonun loyihasi bir qator xalqaro inson huquqlari tashkilotlari tomonidan tanqid qilingan va ular Qirg‘iziston hukumatini «xavfli va repressiv qonun loyihasini qaytarib olishga» chaqirgan edi.

 

Mavzuga oid