Kupyansk atrofidagi janglar va Belgorod o‘qqa tutilishi oqibatlari. Urush suratlari
Ukrainadagi urushning 750-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- RF mudofaa vazirligi va Rosgvardiya Belgorod va Kursk oblastlarining Ukraina bilan chegaradosh hududlarida diversantlarga qarshi janglar haqida xabar berdi.
- FXX Peterburgda to‘rt kishi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Ular «frontdagi rossiyalik harbiylarni zaharlashga va shaharda teraktlar uyushtirishga tayyorlanish»da gumonlanmoqda.
- Ukraina qurolli kuchlari Rossiya qo‘shini Ukrainaga 36 dron bilan hujum qilgani, shundan 22 tasi urib tushirilgani haqida xabar berdi.
- Bosh qo‘mondon Oleksandr Sirskiy Ukraina qurolli kuchlarida oldingi chiziqdagi harbiylarni rotatsiya qilish jarayoni yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi.
- Le Monde nashri tasdiqlashicha, Fransiya 2023 yil yozida Ukrainaga o‘z qo‘shinini yuborish imkoniyatlarini ko‘rib chiqa boshlagan.
- Belgorod oblasti o‘qqa tutilishi oqibatida ikki kishi halok bo‘lib, kamida 19 kishi jarohatlandi.
Anneksiya qilingan Donetskda Rossiya prezidentligi saylovida ovoz berish
Rossiyada 15 mart kuni — uch kunlik prezidentlik saylovlarining birinchi kuni. Rossiya hukumati anneksiya qilingan hududlarda ham ovoz berish jarayonini yo‘lga qo‘ygan, bu hududlarda saylov uchastkalariga kelmasdan muddatidan oldin ovoz berishda qatnashish mumkin edi. DXR rahbari Denis Pushilin o‘zini o‘zi e’lon qilgan respublikadagi saylovchilarning yarmidan ortig‘i muddatidan ilgari ovoz berganini ma’lum qildi. «Donbass aholisi o‘z tanlovini allaqachon amalga oshirgan va hozirda buni yana bir bor tasdiqlamoqda. Odamlar o‘z mamlakati kelajagi uchun ishtiyoq bilan ovoz berishadi!» — deya yozgan u.
Rossiya markaziy saylov komissiyasi prezidentlik saylovlaridan oldin Ukrainaning anneksiya qilingan hududlarida 4,5 milliondan ortiq saylovchi borligini ma’lum qilgandi. Ammo «Vajniye istorii» bilan gaplashgan rossiyalik demograf anonimlik sharti bilan MSK keltirgan raqamlar qariyb ikki barobar oshirib ko‘rsatilganini aytgan.
Belgorod zarba ostida
Belgorod shahri va Belgorod oblasti 14 mart kuni bir necha barobar artilleriyadan o‘qqa tutildi. Shaharga samolyot tipidagi dronlar hujum qilgani va raketalar to‘xtatilgani xabar qilingan. Turar joy binolari va ma’muriy binolar, o‘nlab avtomobillar shikastlangan. Belgorod oblasti rahbari Vyacheslav Gladkov snaryad kelib tushgan avtomobillarda bo‘lgan ikki kishi halok bo‘lgani, kamida 19 kishi yaralangani haqida xabar bergan.
Kupyansk atrofidagi jang maydonida rossiyalik askarlarning jasadlari
Xarkiv oblastining Kupyansk rayonida ukrain mudofaa chiziqlaridan biri joylashgan, u boshqa istehkomlar qatori tankka qarshi o‘ralar, blindajlar, «ajdaho tishlari» tipidagi to‘siqlarni ham o‘z ichiga oladi. RF qo‘shini uzoq vaqtdan buyon ushbu yo‘nalishda hujum qilishga, xususan Sinkovka qishlog‘i va unga yondosh Kupyansk o‘rmonini egallashga urinmoqda. Kupyansk atrofida mudofaalanayotgan ukrain bo‘linmalari qatorida tog‘-o‘rmonzor sharoitida jang qilishga ixtisoslashgan «Edelveys» nomli 10-alohida tog‘-shturm brigadasi ham bor. Quyidagi dron orqali olingan tasvirlarda Sinkovkaga navbatdagi hujum vaqtida halok bo‘lgan rossiyalik askarlar va ularning jang maydonida qolgan texnikalari aks etgan.
Ukrainlarning Avdiyivka yaqinidagi pozitsiyasida portlamay qolgan bomba
Rossiya qo‘shini fevralda Donetsk oblastining Avdiyivka shahrini egalladi va yurish qilishda davom etmoqda. 11 mart kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy fransuzlarning BFM telekanaliga bergan intervyusida sharqdagi yurishni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lingani va frontning bu uchastkasidagi vaziyat «so‘nggi uch oylikdagidan ancha yaxshiroqligi»ni aytdi. Shu bilan birga, u agar Ukraina g‘arblik ittifoqchilar va’da qilgan harbiy yordam, birinchi navbatda snaryadlar yetib kelmasa, barchasi yomon tomonga o‘zgarishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan. Rossiya qo‘shini esa ukrain pozitsiyalarini o‘qqa tutishda o‘q-dorilarni ayamayapti.
Mavzuga oid
21:05 / 10.11.2024
Frontdagi vaziyat: Rossiya harbiylari Kursk oblastida qarshi hujumga tayyorlanmoqda
20:11 / 10.11.2024
Rossiya Kursk oblastiga hujum uchun 50 ming kishilik qo‘shin to‘pladi - NYT
19:02 / 10.11.2024
The Guardian: Buyuk Britaniya hukumat almashganidan keyin Ukrainaga raketalar yetkazishni to‘xtatdi
13:30 / 10.11.2024