Netanyahuni tanqid qilgan senator, Makronning bayonotlari va Tik-Tok himoyasiga chiqqan Xitoy - kun dayjesti
So‘nggi kun ichida dunyoda sodir bo‘lgan eng muhim voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlar sharhi odatdagidek kundalik dayjestimizda.
Yaqin Sharqdagi vaziyat
HAMAS Isroil bilan muzokaralarda G‘azo sektorida bo‘lajak sulh shartnomasi qanday bo‘lishi kerakligi to‘g‘risida o‘z takliflarini bildirdi. Unga G‘azoda «agressiyaning tugatilishi», insonparvarlik yordamlari yetkazilishi va majburan ko‘chirilgan odamlarni o‘z turarjoylariga qaytarish kiradi.
G‘azoda tinchlik o‘rnatish uchun muzokaralar olib borilayotgani bilan o‘t ochish bir zum to‘xtagani yo‘q. So‘nggi sutka ichida 69 kishi o‘ldirilgan va 110 kishi yarador qilingan. Urushning 160-kuniga kelib, qamalda qolgan eksklavda qurbonlar soni 31 ming 341 kishiga yetgan. 73 ming 134 kishi turli darajada yarador qilingan.
G‘arbiy sohil va Quddusda norozilik uchun Isroil tomonidan hibsga olingan falastinliklar soni 7585 nafarga yetgan.
AQSh Senatida ko‘pchilik bo‘lgan demokratlar yetakchisi Chak Shumer Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning G‘azoda olib borayotgan urushga munosabatini tanqid ostiga olib, Isroilda yangi saylovlar o‘tkazishga chaqirgan.
Chak Shumer Netanyahuning G‘azodagi urushga yondashuvini keskin tanqid ostiga olib, uni «tinchlik yo‘liga to‘siq» deb atagan.
Shumerning qo‘shimcha qilishicha, Netanyahu G‘azodagi tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlarga panja orasidan qaragan, bu esa Isroilning dunyoda dastaklanish darajasini tarixiy past darajaga tushiradi. Isroil agar e’tibordan qolsa, yashab qololmaydi, degan Chak Shumer.
«Netanyahuning koalitsiyasi 7 oktyabrdan keyin Isroilning talablariga ortiq javob bera olmaydi. Dunyo tubdan o‘zgardi, Isroil xalqi esa miyasi o‘tmishda qotib qolgan hukmron koalitsiya tomonidan ezilmoqda», — degan senator.
Shumerga ko‘ra, mojaroni hal qilishning yagona usuli ikkita davlat tashkil qilish.
«Isroil bilan yonma-yon, xavfsiz, gullab-yashnab va teng sharoitlarda yashovchi qurolsizlantirilgan Falastin davlati bo‘lishi kerak», — degan Shumer. Senatorning qayd etishicha, Netanyahu Falastin davlatchiligi g‘oyasini rad etib, Isroilning ham kelajagini xavf ostida qoldirmoqda.
Makronning bayonotlari
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron France 2 telekanaliga intervyu berar ekan, G‘arb davlatlari Rossiyaning Ukrainada g‘alaba qozonishiga yo‘l qo‘ymasligi kerakligini ta’kidlab o‘tgan.
«Agar Rossiya urushda g‘alaba qozonsa Yevropaning obro‘si bir pul bo‘ladi. Gaz narxi oshishi, iqtisodiyotimizdagi vaziyat, donli mahsulotlar narxi oshishi va buning ortidan kelgan iqtisodiy larzalar — bularning barchasi Rossiya boshlagan urush tufayli», — degan Fransiya prezidenti.
Shuningdek, Makron Fransiya Ukrainadagi harbiy harakatlarda tashabbusni hech qachon o‘z qo‘liga olmasligini ta’kidlagan.
Makron Ukrainaning qarshi hujumi so‘nggi bir necha oy ichida kutilganidek ketmayotgani, frontdagi vaziyat o‘ta mo‘rtligini ta’kidlagan.
«Bugun biz Ukrainaga qo‘shin jo‘natish lozim bo‘lgan vaziyatda emasmiz, biroq kelgusida bunday ssenariy ro‘y berishini inkor etmaymiz», — degan Makron.
Ukraina harbiy sanoati
Germaniyaning Rheinmetall qurol konserni Ukrainada kamida to‘rtta zavod ochish rejasini e’lon qildi. Kompaniya so‘nggi oylarda o‘q-dorilar taqchilligidan qiynalayotgan Ukrainadagi zavodlar snaryadlar, jangovar mashinalar va havo hujumidan mudofaa tizimlarini ishlab chiqarishga mo‘ljallanadi.
«Ukraina biz uchun muhim hamkorga aylandi va biz yiliga 2-3 milliard yevrogacha ehtimoliy daromadni ko‘zlayapmiz», dedi Rheinmetall bosh direktori Armin Papperger.
Qayd etilishicha, Ukrainadagi urush Germaniya qurol sanoatining o‘sishiga yordam bergan.
Dyusseldorfda joylashgan, shuningdek, Leopard tanklari uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqaradigan konsern o‘tgan yili rekord darajadagi 7,2 milliard yevro daromad oldi. 2024 yilda bu ko‘rsatkichni 10 milliard yevroga yetkazishni rejalashtirgan.
Fevral oyida Rheinmetall Ukraina kompaniyasi bilan mamlakatda artilleriya snaryadlarini ishlab chiqarish bo‘yicha shartnoma tuzdi. Ukrainada kompaniya allaqachon harbiy texnikani ta’mirlash bo‘yicha qo‘shma korxonaga ega.
Ozarboyjon va Armaniston munosabatlari
Baku va Yerevan sulh tuzishga nihoyatda yaqin kelgan. Ilhom Aliyev Armaniston bilan tinchlik jarayoniga o‘ta nekbin kayfiyatda. U tinchlik jarayonida katta ilgarilash ro‘y berganini ta’kidlab, Armaniston bilan munosabatlar tinchlik sari yo‘l tutganini qayd etgan.
«Biz hozir Armaniston bilan tinchlikka har qachongidan ham yaqinmiz», degan Ozarboyjon yetakchisi «Bo‘lingan dunyoni tiklash» masalalariga bag‘ishlangan IX global Boku forumi ochilish marosimida.
Aliyev har ikki davlat tashqi ishlar vazirlari darajasida tinchlik muloqoti boshlanganiga ishora qilib, bu muloqotni davom ettirishga tayyorligini bildirgan.
«Biz tinchlikka erishsa bo‘ladi, deb hisoblaymiz. Bu biz istagan narsa. Biz tarixiy adolat va xalqaro huquqni tikladik. Endi mintaqamizda adovatga chek qo‘yish fursati yetdi», — degan Aliyev.
Xitoy TikTok himoyasiga chiqdi
O‘zida Amerikaning jamiki ijtimoiy tarmoqlari, qidiruv tizimlari va messenjerlarini bloklagan Xitoy TikTok himoyasiga chiqib, AQSh Kongressining uni bloklash to‘g‘risidagi qarorini tanqid ostiga oldi.
Xitoy Tashqi ishlar vazirligi TikTokʼning AQShda ehtimolli bloklanishiga qarshi chiqib, Vashingtonni milliy xavfsizlik bahonasida «gangstercha» usullardan foydalanayotgani haqida bayonot berdi.
«Amerika milliy xavfsizlik bahonasida boshqa davlatlarning muvaffaqiyatli loyihalariga to‘siq qo‘yishida hech qanday halollik va adolat yo‘q», — deya XXR Tashqi ishlar vazirligi vakili Vang Venbinning so‘zlarini keltiradi Global Times nashri.
Vang Venbinga ko‘ra, AQShning bu xatti-harakatlari «qoidalarga asoslangan tartib» faqat Vashington foydasi uchun xizmat qilishini ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, Xitoy tijorat vazirligi rasmiy vakili He Yadung TikTok bloklansa, bunga qarshi chora, albatta, qo‘llanishi bilan tahdid qilgan. Xitoyda Amerikaning bloklanmagan hech qanday ijtimoiy tarmog‘i qolmagan. Qiziq, qanday chora qo‘llashar ekan-a?
Mavzuga oid
13:50 / 22.11.2024
G‘azodagi misli yo‘q zulm, Netanyahu hibsi uchun order va Putinning tahdidli chiqishi - kun dayjesti
13:54 / 21.11.2024
G‘azo masalasiga veto qo‘ygan AQSh, Baydenning ruxsatini ma’qullamagan Erdo‘g‘an va Storm Shadowʼlar bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
13:54 / 20.11.2024
G‘azodagi harbiy nazorat, Ukraina urushiga 1000 kun va ATACMS bilan Rossiyaga ilk zarba - kun dayjesti
14:03 / 19.11.2024