Sport | 16:16 / 18.03.2024
27058
5 daqiqa o‘qiladi

Turkiya chempionatida yana mushtlashuv. Mezbon fanatlar «Fenerbahche» futbolchilariga hujum qildi

«Trabzonspor» muxlislari mehmon jamoa futbolchilari g‘alabani nishonlashiga chiday olmadi va maydonga tushib ketishdi. Futbolchilar esa tajovuzkorlarga yaxshigina javob qaytarishdi.

Foto: Videodan kadr

Turkiya chempionatida birinchi o‘rin uchun jiddiy kurash kechmoqda, «Fenerbahche» «Galatasaroy»ni ikki ochkolik farq bilan ta’qib etmoqda. Ammo, Superliganing 30-turi futbolga xos bo‘lmagan holat bilan yodda qoldi – fanatlar va futbolchilar maydonda masalaga oydinlik kiritishga kirishishdi.

Trabzonspordagi o‘yin dramatik tus oldi: «Fenerbahche» «MYu»ning sobiq yarimhimoyachisi Fredning dubli evaziga hisobda oldinda bordi, unga ikki golda ham «Ayaks»ning sobiq futbolchisi Dushan Tadich assistentlik qildi. Ammo ikkinchi bo‘limda «Trabzonspor» safida Bardi va Trezege bittadan gol urib hisobni tenglashtirdi. 87-daqiqada esa «Fenerbahche» hujumchisi Mishi Batshuayi («Chelsi»ning sobiq futbolchisi) baribir g‘alaba golini urdi.

O‘yindan keyin «Fenerbahche» futbolchilari maydon markazida to‘planib, muhim g‘alabani nishonlashdi. Shu bilan birga, bu ishni namoyishkorona mezbon fanatlar o‘tirgan tribunaga o‘girilgan holda amalga oshirishdi.

Bunga javoban maydonga niqobli fanatlardan biri yugurib chiqdi va futbolchilar qarshisida tajovuzkorona harakatlar qildi.

«Fenerbahche» futbolchilari esa uni munosib qarshi olishdi. Ayniqsa himoyachi Brayt Osayi-Samuel jonbozlik ko‘rsatdi va bezorini ham, ularni ajratish uchun o‘rtaga tushgan styuardni ham gazonga qulatib, do‘pposlay boshladi.

Bu holat esa tribunadagi boshqa muxlislarni ham maydonga tushishga undadi va fanatlardan biri chopib kelib mehmon jamoa futbolchisiga ortdan zarba berdi.

Xuddi shu vaqtda 90 daqiqa davomida charchamagan Brayt Oseyi-Semyuel maydonga chopib tushganlardan birini bir musht bilan ag‘dardi va tepkilay boshladi.

Mishi Batshuayi esa karatedan ham xabari borligini namoyish etib, o‘ziga yaqinlashib kelayotgan muxlisni sakrab tepdi.

Bu vaqtga kelib maydonga to‘rt tomondan fanatlar yopirilib kela boshlagandi, styuardlarlar maydonda muxlislarni to‘xtatishga urinishi samara bermadi, «Fenerbahche» futbolchilari kiyim almashtirish xonasi tomon chekinishga majbur bo‘lishdi. Stadion xodimlari futbolchilarning barchasi kirib ketganidan keyin tunnelga kirish joyini bloklashdi.

Xabarlarga ko‘ra, muxlislardan eng ko‘p «Fener» darvozaboni Dominik Livakovich aziyat chekkan. Mert Muldurga muxlis burchakdagi bayroqcha bilan hujum qilgan. Fanatlar bilan mushtlashuvda Fred ham faollik ko‘rsatgan.

Va bu hali hammasi emas – o‘yin vaqtida murabbiy ham yaralangan

O‘yinning 15-daqiqasida «Fener» bosh murabbiyi Ismoil Kartalga qarata uloqtirilgan predmet boshiga tekkan – uning shikastlangan joyiga muz qo‘yishga to‘g‘ri kelgan.

Uning o‘yindan keyingi so‘zlari quyidagicha bo‘ldi: «Biz o‘z uyimizda «Trabzonspor»ga yutqazganimizda, ularning futbolchilari baxtiyor edi. Bu ularning huquqi. Va ular tinchgina ketishgandi. Nima uchun biz bu yerda g‘alaba qozonganimizda bunday ishlar bo‘ldi?

Mening boshim ozroq shilingan. Men bunga ko‘nikib ketganman, ko‘chada o‘sganman. Ammo boshqa murabbiylarning labi, iyagi shishib ketgan. O‘g‘limning boshiga zarba berilgan. Buni qanday tuzatamiz?»

Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Erliqoya maydonga yugurib chiqqan shaxslarni aniqlash ishlari boshlangani, hodisa tergov qilinayotganini ma’lum qilgan. Yoshlar va sport vaziri Usmon Ashqin Bak ham tartibsizliklarni qoralagan.

«Trabzonspor» sardori Ugurjan Chaqir fanatlarga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirgan, ammo o‘yindan keyingi voqealarni ma’qullamasligini aytgan. Uning jamoadoshi Enis Bardi shok holatga tushganini bildirgan: «Men bunaqasini hayotimda birinchi bor ko‘rishim».

«Fenerbahche» yarimhimoyachisi Mert Xoqon Yandash shunday deb hisoblaydi: «Jamoa o‘z sha’ni va qadr-qimmati bilan faxrlanadi, biz «Fenerbahche» gerbini yakson etishga yo‘l qo‘ymaymiz».

Hujumchi Serdar Dursun esa kiyim almashtirish xonasida qon dog‘i bor futbolkasini ko‘rsatib suratga tushgan: «Futbolkadagi qon – bizning sharafimiz. «Fenerbahche» – so‘nggi tomchi qon qolgunicha!»

Mavzuga oid