Jahon | 19:26 / 19.03.2024
7413
9 daqiqa o‘qiladi

G‘azoda kasalxonaga zarba, jangga hozirlanayotgan husiychilar va NATOning yangi harbiy bazasi - kun dayjesti

Kun davomida dunyoda sodir bo‘lgan voqea-hodisalarning qisqacha tafsilotlari odatdagidek kundalik dayjestimizda. 

G‘azodagi vaziyat

Isroil G‘azodagi «Ash-Shifo» kasalxonasiga zarba bergani ma’lum qilinmoqda. Bungacha Isroil harbiylari 30 ming kishi boshpana saqlayotgan «Ash-Shifo» kasalxonasini to‘liq o‘rab olgan va uning yaqinida to‘plangan aholini evakuatsiya qilishni buyurgan, deb xabar beradi CNN.

Kasalxona 30 mingdan ziyod inson uchun boshpana bo‘lib kelgani xabar qilinmoqda. Tel-Avivdan kelgan buyruq bilan ularni Falastin eksklavining janubiy qismi — Rafah tomondagi «Al-Mavasiy» humanitar zonasiga ko‘chirish haqida ma’lum qilingan.

Xabarlarga ko‘ra, qamal qilingan kasalxona ichida yong‘in yuzaga kelgan. Hudud snayper va harbiy samolyotlar nishoniga aylanib qolgan. Kasalxonani tark etishga uringan har qanday odamga o‘lim bilan tahdid qilinmoqda.

G‘azoda kamida 1,1 mln insonning oziq-ovqat zaxiralari tugagan va ular halokatli ocharchilik tahdidi ostida qolgan, degan BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Bosh kotibga ko‘ra, oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha ekspertlar G‘azo shimolidagi ocharchilikning oldini olish endi imkonsiz ekanini ma’lum qilishgan. Bu yerda insonlarning 70 foizi falokatli ochlikka ro‘baro‘ kelgani qayd etilgan.

Isroil harbiylari HAMASning jangovar qanoti yetakchilaridan biri — Marvon Isoni o‘ldirgani xabar qilinmoqda.

«HAMAS shajarasidagi uchinchi odam bo‘lgan Marvon Iso o‘tgan hafta Isroil operatsiyasida o‘ldirilgan. Qolgan yuqori martabali rahbarlar HAMAS tunnellari tarmog‘ida yashiringan bo‘lishi ehtimoli katta», — degan Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan.

Marvon Iso HAMASning harbiylashtirilgan qanoti Al-Qassam brigadalarini boshqaradigan Muhammad Deyfning o‘rinbosari edi. 

Isroildan yangiliklar

AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali 45 daqiqa muloqot qilgan. Muloqot davomida Bayden Isroilni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan, ammo urush paytida millionga yaqin qochqinlar ko‘chib o‘tgan Rafahga isroillik harbiylarning bostirib kirishi xato bo‘lishini ham ta’kidlagan.

«Bu yanada ko‘proq begunoh fuqarolarning o‘limiga olib keladi, humanitar inqirozni yanada battarlashtiradi, G‘azoda boshboshdoqlikni kuchaytiradi va Isroilni xalqaro miqyosda izolyatsiya qiladi», — deya Baydenning so‘zlarini keltirgan Sallivan.

Bayden Netanyahuga HAMASni yengish borasida sherik ekanliklari, biroq bu uchun izchil va barqaror strategiya kerak deb hisoblashini ham aytgan.

AQSh xususiy tarkibida Isroil yetarli ma’lumotlarga ega bo‘lmasdan G‘azodagi binolarni harbiy nishon o‘laroq muntazam bombalab kelganini tan olgan. Bu haqda Washington Post gazetasi o‘z manbalariga tayanib yozgan.

«Bayden jamoasidagi yuqori martabali mulozimlar bu haqda Oq uyda yig‘ilgan kichikroq guruh oldida ma’lum qilgan», — deyiladi nashr xabarida.

Gazetaning manbalariga ko‘ra, bu guruh Bayden administratsiyasining tashqi siyosat bog‘liq mulozimlardan iborat bo‘lgan. Manbaga ko‘ra, ular Isroilda HAMASni yakson qilish bo‘yicha aniq reja yo‘qligini ham muhokama qilishgan. 

Qizil dengizdagi vaziyat

Isroil va unga yordam berayotgan g‘arb koalitsiyasiga qarshi qattiq kurashga tayyorligini ta’kidlab kelayotgan yamanlik husiychilar Sano shahrida harbiy mashqlar o‘tkazishda davom etishmoqda. Ular amerika-britan qo‘shinlarining ehtimolli bostirib kirishini bartaraf etish yuzasida amaliy mashqlar o‘tkazishmoqda.

Avvalroq husiychilar 500 ming kishilik armiyasi janglarga tayyor ekanini ta’kidlab o‘tgan edi.

Darvoqe, husiychilar ham Vladimir Putinga Rossiya prezidenti etib qayta saylangani uchun tabrik jo‘natishgan. Husiychilar tomonidan tuzilgan Yamanning oliy siyosiy kengashi a’zosi Sulton as-Samiy Putinga tabrik yo‘llagan.

«Vladimir Putinning qayta saylanishi — butun dunyoda urush va mojarolar olovini yoqayotgan, mustamlakalashtirish va xalqlarni qashshoqlashtirish siyosatini yuritayotgan bir qutbli dunyo tizimiga qarshi kurashayotgan BRICS guruhining katta g‘alabasidir», — degan as-Samiy. 

Ukrainadagi urush

Rossiyaning Yevropadagi muzlatilgan aktivlarini Ukrainani tiklash uchun emas, uning mudofaasi uchun sarflagan durustroq, degan Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy.

«Men agressor o‘z agressiyasi oqibatlari uchun to‘lov qilishi kerak deb hisoblayman. Toki Rossiya Ukrainaga reparatsiya to‘lamaguncha bu pullarni qaytarib ololmasligini bilib turgan ekanmiz, bu pullarni Ukrainani tiklash uchun emas, agressiya oqibatlarini bartaraf etish yo‘naltirgan yaxshiroq», — degan Sikorskiy

Ruminiya prezidenti Klaus Yohannis ukrainalik uchuvchilarni F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishni o‘rganishga ruxsat berdi.

Buning uchun ukrainalik 50 ga yaqin harbiy uchuvchilar yozda Ruminiyaga kelishadi. Bundan tashqari, Klaus Yohannis Finlandiyadan Ukrainaga harbiy yordamni dengiz va quruqlik orqali tranzit qilib yetkazish uchun ham ruxsat berdi. 

Rossiyaga iqtisodiy zarba

Ukraina tomonidan eng yirik neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlar uyushtirilgach, Rossiya yoqilg‘i ishlab chiqarish quvvatlarining 10 foizidan ayrilgan.

Ayni paytga kelib, Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlaridagi yig‘indi quvvatlarning 13 foizi to‘xtab qolgan, deb yozadi Reuters sohadagi manbalariga tayanib.

Agar benzin va dizel yonilg‘isi ishlab chiqariladigan neft zavodlari hisobga olinsa, iqtisodiyot ishlab chiqarishning 9 foizi yoki sutkasiga 77,4 ming tonna yoqilg‘idan ayrilgan.

Pilotsiz parvoz qurilmalari vositasida berilgan zarbalar tufayli Neftni qayta ishlash zavodlarining avariyaviy to‘xtab qolishidan yig‘ilib qolgan yoqilg‘i yo‘qotishlari 3,5 mln tonnaga yetgan, bu esa urushning avvalgi ikki yilidagi jami ko‘rsatkichdan 10 barobar ko‘p. Bu holatda neftni qayta ishlash sohasining ziyon ko‘rgan qurilmalari soni uch barobarga oshgan va mart oyining o‘rtalariga kelib, avariyaviy to‘xtash hajmi rejali ta’mirlarga nisbatan 1,4 barobarga oshgan.

Ishlab chiqarishning pasayishi Rossiyada allaqachon yoqilg‘i narxlariga ham ta’sir ko‘rsata boshlagan. AI-95 benzin narxi birjada 12 foizga ko‘tarilgan. AI-92 benzini oktyabrdan buyon, dizel yoqilg‘isi narxi esa noyabrdan buyon o‘zining maksimum narxlarini namoyish etgan. 

NATOning yangi bazasi

Saylovdan keyingi matbuot anjumanida Rossiya prezidenti Vladimir Putin NATO bilan urush boshlanishi mumkinligi ehtimolini soqit etmadi.

«Rossiya NATO bilan keng ko‘lamli harbiy mojaroda to‘qnashishi mumkin, shundan so‘ng dunyo keng miqyosli Uchinchi jahon urushidan bir qadam narida bo‘lib qoladi», degan Putin.

NATO esa Rossiya bilan potensial urush bo‘ladigan bo‘lsa, nafaqat Boltiq dengizi, Qora dengiz ustidan ham nazoratni to‘liq o‘z qo‘liga oladi.

Chunki Ruminiyada NATOning eng yirik harbiy bazasini barpo etishga kirishildi. U Qora dengiz sohiliga yaqin joyda quriladi. Unda samolyotlar uchib qo‘nadigan yo‘laklar, angarlar, harbiylarning bolalari uchun maktablar, bolalar bog‘chasi, do‘konlar va kasalxona ham bo‘ladi. Chunki bazada 10 ming harbiy o‘z oilalari bilan kelib joylashishi kutilmoqda.

Ruminiya strategik muhim nuqtada joylagan. Bu baza esa Ukrainadagi urush yaqinida doimiy harbiy infratuzilma yaratish imkonini beradi. Loyihaga ko‘ra, aviabaza har qanday turdagi samolyotni qabul qila oladi. Bazada qiruvchi va bombardimonchi samolyotlar joylashtiriladi.

Agar Rossiya bilan ehtimolli to‘qnashuv yuz beradigan bo‘lsa, alyans Rossiyaning Qora dengiz sohillariga zarba bera oladi va Qora dengizdagi o‘z pozitsiyalarini keskin kuchaytira oladi. Baza, shuningdek, qo‘shinlarni boshqarish uchun qo‘mondonlik punkti bo‘lib ham xizmat qila oladi.

Baza AQSh harbiy havo kuchlarining Germaniyadagi tayanch punkti — «Ramshtayn» aviabazasidan ham yirikroq bo‘lishi rejalashtirilmoqda.

Mavzuga oid