Jahon | 12:50 / 19.03.2024
7651
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistondagi «To‘qto‘g‘ul» suv omborida suv hajmi 7,2 mlrd kub metrgacha kamaydi

Qirg‘iziston hududida joylashgan "To‘qto‘g‘ul" suv omboridagi suv hajmi bugungi kunga kelib 7 milliard 224,54 million kub metrni tashkil qilmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo".

Foto: Dunyo

"Kabar" Qirg‘iziston milliy axborot agentligi "Elektr stansiyalar" OAJ ma’lumotiga tayanib ma’lum qilishicha, suv oqimi sekundiga 165 kub metr, oqim tezligi esa sekundiga 423 kub metrni tashkil qilmoqda. O‘tgan yilning ushbu davrida suv hajmi 7 milliard 898,45 million kub metrni, suv sarfi sekundiga 286 kub metrni, oqim esa 198 kubometrni tashkil etgan edi.

"To‘qto‘g‘ul" suv ombori o‘tgan asrning 70-yillari o‘rtalarida qurilgan bo‘lib, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Tojikiston va Qozog‘istonda suv iste’moliga ta’sir ko‘rsatmoqda. Suv omborining loyihaviy hajmi 19,5 milliard kub metrga teng.

"Kabar" xabariga ko‘ra, avvalroq Qirg‘iziston energetika vazirining o‘rinbosari Talaybek Baygaziyev "To‘qto‘g‘ul" suv omboridagi suv hajmi "o‘lik" darajaga yetishi xavfi haqida ma’lum qilgan. Uning aniqlik kiritishicha, "o‘lik" hajm salkam 6,5 milliard kub metrni tashkil qiladi.

2024 yilda "To‘qto‘g‘ul" suv omboridagi vaziyat so‘nggi 5 yildagi eng og‘ir holatga kelib qolgan. 2 fevral kuni Bishkekdagi issiqlik elektr stansiyasida avariya yuz berdi va Qirg‘izistondagi gidroelektr stansiyalar yukining oshishiga sabab bo‘ldi. Shuningdek, bu mazkur suv omboridan suvning chiqish hajmini keskin orttirdi.

Mavzuga oid