Jahon | 13:24 / 20.03.2024
3966
3 daqiqa o‘qiladi

Estoniya bosh vaziri hamkorlarni mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi

Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas NATO hamkorlarini Rossiyani zaifligi bilan hujumga chorlamaslik uchun mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi. Kallas Berlinda Valter Ratenau mukofotini oldi.

Kaya Kallas Foto: FinnishGovernment

Estoniya bosh vaziri Kaya Kallas Yevropa va NATOdagi hamkorlarni Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urushiga javoban mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirdi. Estoniyaning o‘zi allaqachon yalpi ichki mahsuloti 3,2 foizdan ortig‘ini mudofaaga sarflamoqda, dedi Kallas 19 mart, seshanba kuni Berlinda. 

Estoniya bosh vaziriga ko‘ra, Shimoliy Atlantika alyansining boshqa a’zolari ham shunday qilishi kerak – aks holda ular o‘z kuchsizligi bilan Rossiyani hujumga chorlashi xavfi bor. «Agar u (Rossiya) g‘alaba qozonishi mumkin deb o‘ylasa, unda harakat qilishni boshlashi mumkin. Agar u bizning yetarlicha kuchli ekanligimizni tushunsa, NATOga qarshi qadam tashlamaydi. Va shuning uchun biz bu jamoaviy sa’y-harakatlarni birgalikda qilishimiz kerak». - dedi Kaya Kallas. 

U Estoniyadan ko‘ra tinchroq qo‘shnilari bo‘lgan mamlakatlar aholisiga nega mudofaa xarajatlarini oshirishi kerakligini tushuntirish qiyin bo‘lishi mumkinligini tan oldi. «Ammo bu nima uchun kerakligini chindan ham his qilganingizda, juda kech bo‘ladi. Bu mudofaa muammosi», - deya estoniyalik siyosatchining so‘zlarini keltiradi dpa agentligi. 

Germaniya parlamenti fraksiyasi rahbari Rolf Myutsenix tomonidan ilgari surilgan Ukrainadagi urushni «muzlatish» bo‘yicha takliflarni sharhlar ekan, Kallas shunday dedi: «Zo‘ravonlikka to‘la dunyoda patsifizm, oddiy qilib aytganda, o‘z joniga qasd qilishdir».

Kallas Valter Ratenau mukofotiga sazovor bo‘ldi

19 mart kuni Berlinda Kaya Kallas Valter Ratenau mukofotini ham oldi. 1922 yilda o‘ng qanot jangarilar tomonidan o‘ldirilgan Germaniya tashqi ishlar vaziri nomi bilan atalgan ushbu mukofot tashqi siyosatdagi ulkan yutuqlarni e’tirof etadi. Kallas ushbu mukofotga «Yevropa davlatlari o‘rtasida o‘zaro tushunishni mustahkamlashdagi xizmatlari va Rossiyaning Ukrainadagi urushiga nisbatan aniq pozitsiyasi uchun» loyiq ko‘rildi. Estoniya bosh vaziriga mukofotni Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok topshirdi.

Marosimdagi nutqida Kallas Ukrainani Rossiyadan himoya qilishda qo‘llab-quvvatlash muhimligi haqida gapirdi. «Bu safar qurbonlar ukrainaliklar bo‘ldi, ertaga u boshqa birov bo‘lishi mumkin», dedi u.

Mavzuga oid