HAMAS yetakchilaridan biri Marvon Iso Isroil zarbasidan halok bo‘lgani ma’lum qilindi
Isroillik harbiylar o‘tgan haftada HAMAS harakati harbiy qanoti yetakchilaridan biri bo‘lgan Marvon Isoni o‘ldirishgan, deb xabar berdi Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan. Avvalroq Isroil Issa G‘azo sektoridagi zarba nishoni bo‘lganini ma’lum qilgandi, ammo uning o‘limini tasdiqlamagandi.
«HAMAS iyerarxiyasidagi uchinchi shaxs Marvon Iso isroilliklarning o‘tgan haftadagi amaliyoti natijasida o‘ldirildi. Qolgan yetakchi rahbarlar katta ehtimol bilan HAMAS tunnellar tarmog‘ida chuqur yashiringan, ammo adolat ularga ham yetib boradi», — degan Sallivan brifing chog‘ida.
U shuningdek AQSh prezidenti Jo Bayden dushanba kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali muloqot o‘tkazganini aytgan.
HAMAS vakillari Isoning o‘limi to‘g‘risidagi xabarlarga izoh bermagan.
11 mart kuni isroillik harbiylar G‘azo markazidagi Nuseyrat qochqinlar lageri hududidagi yerosti kompleksi bo‘ylab aviazarba yo‘llangani, aynan Iso zarba nishoni bo‘lganini xabar qilishgandi. U HAMASning Isroilga 7 oktyabr kuni amalga oshirilgan hujumi tashkilotchilaridan biri ekani aytiladi.
Iso HAMASning harbiylashgan qanoti — «Izz ad-Din al-Qassam» brigadasi bosh qo‘mondoni Muhammad Deyfning o‘ng qo‘li sanalardi.
Isroil mudofaa armiyasi rasmiy vakili Daniel Hagari o‘shanda amaliyot chog‘ida Iso o‘ldirilganiga oydinlik kiritmagandi: «Biz hali zarba oqibatlarini o‘rganmoqdamiz va hozircha yakuniy tasdiq olinmadi».
Sallivanning so‘zlariga ko‘ra, Bayden Netanyahu bilan muloqot chog‘ida Isroilni qo‘llab-quvvatlashga sodiqligini yana bir bor tasdiqlagan, ammo isroillik harbiylar urush paytida millionga yaqin qochqinlar kelib jyoylashgan G‘azo janubidagi Rafah shahriga bostirib kirishi xato bo‘lishini qayd etgan.
«Bu begunoh tinch aholi vakillari orasida yanada ko‘proq qurbonlarga olib kelgan va shusiz ham og‘ir gumanitar vaziyatni yanada chuqurlashtirgan, G‘azodagi anarxiyani kuchaytirgan va Isroilni xalqaro maydonda yanada yakkalantirgan bo‘lardi», — degan u jurnalistlarga.
Sallivan shuningdek Bayden muloqot chog‘ida Netanyahuga G‘azoda «aniq strategik maqsad» zarurligi haqida gapirganini aytgan.
«Prezident bosh vazirga yana bir bor aytdiki, biz HAMASni to‘liq tor-mor etish maqsadiga qo‘shilamiz, ammo buning uchun izchil va barqaror strategiya zarur deb hisoblaymiz», — deya qo‘shimcha qilgan Sallivan.
Jo Bayden Isroil yetakchisini yaqin kunlarda Vashingtonga harbiylar, razvedkachilar va gumanitar tashkilotlar vakillaridan iborat bo‘lgan idoralararo guruh yuborishga hamda AQShning Rafahdagi amaliyot yuzasidan muhokama o‘tkazilishiga ko‘ndirgan.
Netanyahu tvitterdagi sahifasida Bayden bilan «urushdagi so‘nggi voqealar», shuningdek Isroilning mojarodagi maqsadlarini muhokama qilganini yozgan.
«HAMAS yo‘q qilinishi, garovdagi barcha fuqarolarimiz ozod etilishi va G‘azo hech qachon Isroil uchun tahdid solmasligini ta’minlash — shu bilan bir vaqtda bu maqsadlarga yordam beradigan zarur insonparvarlik yordami taqdim etilishi».
Mavzuga oid
10:30 / 23.11.2024
Xalqaro sud qarori: Netanyahu va Gallant hibsga olinsa nima bo‘ladi?
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
14:54 / 22.11.2024
Bayden XJSning Netanyahuni hibsga olishga order berishiga munosabat bildirdi
17:37 / 21.11.2024