O‘zbekiston | 13:07 / 20.03.2024
13798
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegarasidagi yashirin tunnellardan foydalanib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olindi

Qirg‘iziston fuqarosi tunnel orqali O‘zbekistonga 813 dona mobil telefon vositalarini olib o‘tib, 1 kg 745 gr oltin yombilari va zargarlik buyumlarini olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Tezkor tadbir davom ettirilib, uning sheriklari ham qo‘lga olingan.

Foto: Videodan kadr

O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat chegarasida ikkita yashirin yerosti yo‘li aniqlandi.

Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyat bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida Xonobod shahrining «A.Navoiy» MFY hududini Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Suzoq tumani Bekobod qishlog‘i bilan bog‘lovchi ikkita yashirin yerosti yo‘li aniqlangan.

Ular orqali tovar-moddiy boyliklarni mamlakatga olib o‘tish bilan shug‘ullangan O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolaridan iborat transchegaraviy jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yilgan.

Dastlab Qirg‘iziston fuqarosi yerosti yo‘li orqali O‘zbekistonga 16 ta qopda jami 813 dona mobil telefon vositalarini olib o‘tib, 1 kilogramm 745 gramm miqdoridagi oltin yombilari va zargarlik buyumlarini olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, uning Andijon shahridagi boshqa sheriklari aniqlangan. Ularga tegishli 10 ta manzil ko‘zdan kechirilganida, mazkur yerosti yo‘laklari orqali olib o‘tilgan mobil telefon apparatlari, planshet, noutbuk va ularning aksessuarlari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Qayd etilishicha, har ikki yer osti yo‘li 20 metr chuqurlikda joylashgan, kengligi 70-80 santimetr, balandligi 170-180 santimetrni, birinchisining uzunligi 350 metrni, ikkinchisiniki esa 135 metrni tashkil qiladi.

Tezkor tadbir davomida guruh a’zolaridan dastlabki qiymati 11 mlrd so‘mni tashkil etuvchi jami 3813 dona turli mobil telefon apparatlari, 50 dona planshet, 97 dona noutbuk va 1000 donadan ortiq aksessuarlar, shuningdek 1 kilogramm 745 gramm oltin yombi va zargarlik buyumlari olingan.

Hozirda aniqlangan holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid