Jahon | 15:50 / 21.03.2024
5003
3 daqiqa o‘qiladi

Kuleba: Makron qo‘shin yuborish haqida gapirib, UQKni tayyorlashni nazarda tutgan

Ukraina hech qachon harbiy xizmatchilarni jo‘natishni so‘ramagan, biroq unga havo hujumidan mudofaa tizimlari, o‘q-dorilar, uchuvchisiz uchoqlar va uzoq masofali raketalar kerak, dedi TIV rahbari.

Foto: Francisco Seco/AP/dpa/picture alliance

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga G‘arb qo‘shinlarini yuborish haqida gapirar ekan, ukrainalik askarlarni tayyorlash uchun instruktorlar jo‘natishni nazarda tutgan. Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 20 mart, chorshanba kuni xorijlik jurnalistlar bilan suhbatda aytib o‘tdi.

«Makron Ukrainaga qo‘shin yuborish haqida gapira boshlaganida, Yevropa yetakchilari vahima qo‘zg‘adi. Makron shunchaki ukrainalik askarlarni hozir bo‘layotganidek - chegaralardan tashqarida emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainada tayyorlash imkoniyati borligini nazarda tutgan edi», - deya Kulebaning so‘zlarini keltiradi La Stampa gazetasi.

TIV rahbarining qo‘shimcha qilishicha, Kiyev hech qachon G‘arbdan Ukrainaga harbiy xizmatchilarni yuborishni so‘ramagan, chunki o‘zining armiyasi bilan faxrlanadi. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina armiyasiga «egallab olingan hududlardagi Rossiya logistikasi va qo‘mondonligini yo‘q qilish», shuningdek, Rossiya hududiga zarbalar berish uchun havo hujumidan mudofaa tizimlari, o‘q-dorilar, uchuvchisiz uchoqlar va uzoq masofali raketalar kerak. 

«Hech kim biz kabi tinchlikni xohlamaydi, lekin biz hech kimga hujum qilmadik va o‘zimizni himoya qilishdan boshqa ilojimiz yo‘q», deb ta’kidladi Kuleba. 

Makronning Ukrainaga qo‘shin yuborish ehtimoli haqidagi bayonotiga munosabat 

Fevral oyi oxirida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash konferensiyasida Makron NATOga a’zo davlatlarning quruqlikdagi kuchlarini Ukrainaga yuborish imkoniyatini istisno etmadi. «Bugungi kunda quruqlikdagi kuchlarni Ukrainaga rasman yuborish masalasida konsensus yo‘q, ammo vaziyat rivojida hech narsani inkor etib bo‘lmaydi», dedi u. 

Keyinroq Makronning aniqlik kiritishicha, hozircha Ukrainaga hech qanday harbiy xizmatchi jo‘natish haqida gap bormayapti, ammo kelajakda biror kontingent yuborilsa, u jangovar harakatlarda qatnashmaydi. 

Fransiya prezidentining nutqidan so‘ng, Ukrainaga qo‘shin yuborish g‘oyasi ko‘plab G‘arb davlatlari, jumladan Germaniya, Bolgariya, Britaniya, Vengriya, Ispaniya, Italiya va Chexiya tomonidan rad etildi. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg NATO Ukrainaga qo‘shin jo‘natish niyatida emasligini ta’kidladi. 

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bu boradagi bahs-munozaralarni to‘xtatishga chaqirgan bo‘lsa, uning finlandiyalik hamkasbi Antti Xyakkyanen Kiyevni qurol-yarog‘, o‘q-dori va pul bilan ta’minlashga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Litva va Latviya Makronning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. 

Mavzuga oid