Jahon | 09:50 / 22.03.2024
5699
4 daqiqa o‘qiladi

BMT Xavfsizlik kengashida - G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha rezolyutsiya

Rezolyutsiyada Rafahning tinch aholisi taqdiridan xavotir bildirilgan va gumanitar yordam ko‘rsatish uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish zarurligi haqida so‘z boradi.

Foto: AP

BMT Xavfsizlik kengashi 22 mart, juma kuni AQSh tomonidan G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kiritilgan rezolyutsiya loyihasi yuzasidan ovoz berishni o‘tkazadi, deb xabar bermoqda dpa axborot agentligi diplomatik doiralardagi manbalarga tayanib. Rezolyutsiya loyihasida «tinch aholini har tomondan himoya qilish, muhim gumanitar yordam ko‘rsatish va insonlar azobini yengillashtirish uchun zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish zarurligi» ta’kidlangan. «Xavfsizlik kengashi barcha garovga olinganlarni ozod qilish bilan bir qatorda, shunday otashkesimga erishish bo‘yicha olib borilayotgan xalqaro sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi», - deya hujjat matnidan iqtibos keltiradi dpa

Ushbu rezolyutsiya qabul qilinishi Isroil davlatining 2023 yil oktyabr oyida unga hujum qilgan HAMAS tashkilotiga qarshi harbiy operatsiyasi boshlanganidan beri, BMT Xavfsizlik kengashi bu mojaroda doimiy otashkesim tarafdori ekanini bildirganidan beri birinchi marta sodir bo‘ladi.

G‘azo sektoridagi urush bo‘yicha AQSh kursining o‘zgarishi 

Qo‘shma Shtatlar taklif qilgan hujjat Vashingtonning kursi o‘zgarganini bildiradi. 2023 yil oktyabr oyidan beri Isroilning yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar BMT Xavfsizlik kengashida o‘t ochishni to‘xtatish rezolyutsiyalariga uch marta veto qo‘ygan. Biroq, G‘azo sektorida tinch aholi qurbonlari soni ortib borayotgani va ocharchilik tahdidi fonida u Isroilga bosimni kuchaytirmoqda, deya qayd etadi dpa.

Hujjatda, jumladan, 2 milliondan ortiq falastinliklar boshpana topgan Rafah shahriga Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) tomonidan hujum uyushtirilgan taqdirda tinch aholi taqdiridan xavotir bildirilgan. Rezolyutsiya mualliflari, shuningdek, Yaqin Sharqda ikki davlat konsepsiyasi ustida ishlashni davom ettirishga chaqirmoqda.

Ta’kidlanishicha, BMTdagi rossiyalik diplomatlar Amerika rezolyutsiyasini tanqid qilgan, chunki ularning fikricha, unda o‘t ochishni to‘xtatishga aniq chaqiriq yo‘q. 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashi tomonidan rezolyutsiya qabul qilinishi uchun Xavfsizlik kengashining doimiy a’zolari - AQSh, Rossiya, Fransiya, Britaniya va Xitoy tomonidan veto qo‘yilmagan taqdirda, uning 15 a’zosidan kamida to‘qqiztasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi kerak. BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyalari xalqaro huquq nuqtayi nazaridan majburiydir. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 31 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid