Jahon | 12:48 / 24.03.2024
37395
18 daqiqa o‘qiladi

Versiyalar, ogohlantirishlar va guvohlarning hikoyalari. «Krokus»ga hujum oqibatlari haqida hozirgacha nimalar ma’lum?

Rossiyalik propagandachilar va harbiy muxbirlar «Krokus Siti Holl»ga hujumda «ukrainlar izi»ni qidirdi. Putin va FXXning bayonotlarida ham Ukraina tilga olingan. Ukraina teraktga aloqadorligini qat’iyan rad etgan.

Foto: AFP / Scanpix / LETA

Moskva yaqinidagi «Krokus Siti Holl»ga qurolli hujum oqibatida halok bo‘lganlar soni rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra 130 kishidan oshgan, qurbonlar orasida bolalar ham bor. «112» telegram-kanali esa manbaga asoslangan holda 150 qurbon haqida yozgan.

Avvalroq Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobev qurbonlar soni oshishi haqida aytgandi.

Ayni vaqtda favqulodda xizmatlar tomoshabinlar zalida xarobalarni tozalashda davom etmoqda. Gubernatorning so‘zlariga ko‘ra, qutqaruvchilar zalga ertalabki soat 6.30 da kirishga muvaffaq bo‘lgan, u bu yerdagi vaziyatni «o‘ta og‘ir» deb atagan.

Tom binosi tundagi hujumdan keyin boshlangan yong‘in oqibatida qulab tushgan.

24 mart Rossiyada motam kuni deb e’lon qilindi.

Noma’lum shaxslar 22 mart kuni Moskva vaqti bilan soat 20:00 atrofida Moskva oblastida «Piknik» guruhining konserti o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Krokus Siti Holl»da odamlarga o‘t ochdi.

FXX hujum qilganlar to‘rt nafar bo‘lganini ma’lum qilgan. Ular asosiy kirish joyi orqali o‘tishgan va foyedagi odamlarni o‘qqa tuta boshlagan, keyin esa tomoshabinlar zaliga kirishgan. Hujum vaqtida yong‘in boshlanib, katta hududni qamrab olgan.

Terakt vaqtida chiqqan yong‘in tufayli «Krokus Siti Holl» tomi to‘liq qulab tushgan. Foto: Rossiya FVV

Kreml matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Rossiya FXX direktori Aleksandr Bortnikov prezident Putinga ushbu hodisaga aloqador bo‘lgan 11 kishi, jumladan hujumda qatnashgan to‘rt terrorchi qo‘lga olingani haqida hisobot bergan.

FXX ma’lumotiga ko‘ra, ushbu shaxslar Bryansk oblastida ushlangan. Ular «bir necha soat farqi bilan qo‘lga olingan», — deya idora bayonotidan iqtibos keltirgan RIA Novosti.

Internetda qo‘lga olish jarayoni videoyozuvlari tarqalgan. So‘roq qilinganlardan biri videoda noma’lum shaxslar orqali telegramda yollangani va hujum uchun unga yarim million rubl atrofida mablag‘ va’da qilinganini aytadi.

Versiyalar

Hodisaga Ukraina aloqadorligi to‘g‘risidagi ilk taxminlar 22 mart kuniyoq paydo bo‘lgandi. «Kommersant»ning bir qancha manbalari hujum qilganlar «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» a’zolari bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgandi.

Ukraina razvedkasi, mamlakat tashqi ishlar vazirligi va prezident ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak ukrain kuchlarining «Krokus Siti Holl»ga aloqadorligini darhol rad etishdi. Ammo keyingi kuni ham ko‘plab rossiyalik harbiy blogerlar va boshqa taniqli shaxslar rus nashrlari orqali Ukraina tomonini teraktga aloqadorlikda ayblashda davom etdi.

RF prezidenti huzuridagi Inson huquqlari kengashi a’zosi, harbiy muxbir Aleksandr Kotsning postlaridan biriga «Terrorchilik hujumi ortida Ukraina turganining asosiy belgilari» sarlavhasi qo‘yilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, teraktdan keyin «internet-hamjamiyati bu qonli jinoyatni Ukrainaga bu qadar tezlik bilan bog‘laganidan biroz hayratda qolgan». Ammo hujum qilganlar, deb yozadi Kots, «klassik terrorchilar» kabi emas, balki ko‘proq yollanma qotillarga o‘xshab harakatlangan. Kots Kiyevdagilar «„o‘zini o‘zi otish“ janrida yangi rekord o‘rnatgach», unda «so‘nggi shubhalar» ham barham topganini aytgan. «Terakt ortida ukrain maxsus xizmatlari turibdi. Va ularning ortida turganlar», — deya xulosa qiladi u.

Yarim milliondan ortiq obunachiga ega bo‘lgan «Starshe Eddi» harbiy telegram-kanali muallifi teraktni Rossiya qo‘shini harakatlariga «javob berishga urinish» deb ataydi. «Biz dushman armiyasi va infratuzilmasini yakson etdik, ular bunga javoban tinch shaharlarga hujum qilib, tinch odamlarni o‘ldirmoqda», — deya yozadi u.

Moskva shahar dumasi vitse-spikeri hamda VGTRK korrespondenti Andrey Medvedev «Ukraina bosh razvedka boshqarmasiga homiylik qiluvchi» Britaniyaning MI-6 razvedka xizmati va Ukraina bosh razvedka boshqarmasining o‘zi «Moskvadagi dahshatli teraktni ijro etishda nima uchun aynan migrantlarni tanlagani»ni muhokama qiladi. Uning versiyasiga ko‘ra, ukrain maxsus xizmatlari «o‘n besh yillardan buyon islomiy radikallar bilan keng hamkorlik qilib keladi».

RT bosh muharriri Margarita Simonyan «ahmoq dunyo hamjamiyati [terakt ortida] IShID turganiga ishonishi uchun» terakt ijrochilari shunday tanlab olinganini aytgan. «Demak, shunday. Bu hech qanaqa IShID emas. Bu xoxollar», — deya yozgan Simonyan.

Rasmiylardan esa senator Viktor Bondarev «Krokus Siti Holl»dagi hodisani «Ukraina tomonidan terakt va diversiya» deb baholagan. Dumaning mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov teraktdan «asosiy manfaatdor» tomon «Ukraina va uning homiylari» ekanini bildirgan.

Rossiya TIV o‘z bayonotida to‘g‘ridan to‘g‘ri Ukrainani ayblamagan, ammo «Kiyev rejimi» so‘nggi yillarda «Rossiya fuqarolariga qarshi faol va tizimli terrorchilik faoliyati olib borayotgani» haqida yozgan. TIV turar joy kvartallari o‘qqa tutilishi, fuqarolik infratuzilmalariga hujumlar hamda Rossiyada jamoat arboblari va jurnalistlarga suiqasdlarni eslatib o‘tgan.

TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova terrorchilar go‘yoki Ukrainada yashirinishga uringanini aytgan. Zaxarova Ukraina «g‘arbdagi liberal rejimlar qo‘li bilan o‘n yil ichida Yevropadagi terrorizm tarqalish markaziga aylanib, ekstremistik zaharlanishda hatto Kosovoni ortda qoldirgani»ni ta’kidlagan.

Terrorchilar qayerga ketishgan?

Baza telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, terrorchilar yashirinishga uringan avtomobil Bryansk oblastida, Belarus bilan chegaradan bir necha kilometr masofadagi Tepliy posyolkasida to‘xtatilgan. Belarusning Rossiyadagi elchisi belarus maxsus xizmatlari «terrorchilar umumiy chegara orqali chiqib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka yordam bergani»ni ma’lum qildi.

Ammo keyinroq Davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn mashina Bryansk oblastining Karachevskiy rayonida, Ukraina tomonga olib boruvchi trassa bo‘yida joylashgan Xatsun qishlog‘ida to‘xtatilganini ma’lum qildi, ammo bu hududdan Ukraina chegarasigacha bo‘lgan masofa Tepliydan Belarus chegarasigacha bo‘lgan masofadan ancha kattaroq.

Rossiya FXX avtomobil Bryansk oblastida to‘xtatilgani, terrorchilar esa Rossiya-Ukraina chegarasini kesib o‘tmoqchi bo‘lgani haqida ma’lum qilgan, ammo muayyan aholi yashash punkti nomi keltirilmagan. «Meduza» terrorchilardan biri qo‘lga olingan video geolokatsiyasi orqali u qo‘lga olingan Xatsun qishlog‘i Ukraina bilan chegaradan taxminan 140 masofada joylashganini aniqlagan.

FXX «Krokus Siti Holl»ga hujum qilganlar RF va Ukraina chegarasini kesib o‘tishni niyat qilgani va ular go‘yoki Ukrainada «tegishli kontaktlar»ga ega bo‘lgani haqida ma’lum qildi. Ammo internetda tarqalgan videoyozuvlardagi qo‘lga olinganlar bu haqda gapirmaydi.

Bundan tashqari, Rossiya maxsus xizmatlari bayonotida Ukrainadagi qandaydir shaxs hujumni tashkillashtirishda ishtirok etgani to‘g‘risida bevosita ayblov yo‘q.

Hodisadan 19 soat o‘tib rossiyaliklarga murojaat qilgan Vladimir Putin ham teraktning barcha to‘rt ijrochisi Ukraina hududida yashirinishga harakat qilgani haqida gapirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «ular uchun Ukraina tomonida chegaradan o‘tish uchun tuynuk tayyorlangan». O‘z navbatida, Putinning murojaatida ham Ukraina hukumati hujumga aloqadorlikda to‘g‘ridan to‘g‘ri ayblanmagan.

Ukraina razvedka boshqarmasi teraktdan keyingi kuni ham ukrain maxsus xizmatlarining «Krokus»ga hujumga aloqadorligini yana bir bor rad etib chiqdi. Ukraina razvedkasi spikeri Andrey Yusov Putinning Ukraina tomonidagi «tuynuk» haqidagi versiyasi «tanqidga dosh bermasligi»ni aytadi. «Ikki yildan ortiq vaqt davomida keng ko‘lamli urush ketmoqda, chegara hududlar dushman qo‘shinlari, maxsus agentlar, maxsus xizmatlar xodimlari va boshqa kuchishlatar tuzilmalar vakillari bilan to‘ldirilgan», — degan Yusov.

Mixaylo Podolyak Ukraina prezidenti ofisi «rossiyalik mulozimlardan „ukrain izi“» haqidagi versiyalar bo‘lishini kutgani, ammo Ukrainani teraktga «bog‘lashga» bo‘lgan har qanday urinish «mutlaqo amalga oshmasligi» va mamlakat bunga «zarracha aloqador emasligi»ni ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina faqat Rossiya armiyasiga qarshi jang qilmoqda. «Bu urushda barchasi jang maydonida hal qilinadi», — deya yozgan u tvitterida. Volodimir Zelenskiy «Krokus Siti Holl»dagi teraktga ham, Putinning bayonotiga ham munosabat bildirmadi.

Bu vaqtda IShID terrorchilik tashkiloti terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi. Ammo guruh vakillari bu hujum qaysi filiali tomonidan amalga oshirilganiga aniqlik kiritmadi.

BBC’ning ekstremistik guruhlar bo‘yicha eksperti Mina Al-Lamiy mart oyida IShID «Kavkaz viloyati» a’zosi bo‘lgan shaxs IShIDga qasamyod qilgani aks etgan videoni tarqatganiga e’tibor qaratgan.

AQSh ham qo‘llayotgan boshqa versiyaga ko‘ra esa hujum ortida IShIDning Afg‘onistondagi bo‘limi hisoblangan «Xuroson viloyati» turgan bo‘lishi mumkin.

Kuzda FXX direktori Aleksandr Bortnikov guruh «o‘z salohiyatini oshirayotgani va bu vaqti kelib Afg‘onistondan tashqarida teraktlar sodir etishga o‘tish imkonini berishi»ni aytgandi.

«So‘nggi ikki yilda IShID-Xuroson Rossiyaga e’tibor qaratdi. Ular tez-tez Vladimir Putinni tanqid qilmoqda, — degan NYT nashrining terrorizm bilan kurash bo‘yicha tahlilchisi Kolin Klark. — IShID Kremlni Moskvaning Afg‘oniston, Checheniston va Suriyadagi ishlarga aralashuvini nazarda tutgan holda musulmonlarni o‘ldirishda ayblaydi».

Hujumdan keyin «Krokus Siti Holl»da chiqqan yong‘in. Foto: AFP

Ogohlantirishlar

AQSh terakt tayyorlanayotgani to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Rossiya tomoniga yetkazgan, bu haqda TASS Rossiya maxsus xizmatlaridagi manbasiga tayanib xabar tarqatgan.

Ammo, agentlik manbasi ta’kidlashicha, Vashington bergan ma’lumot umumiy xarakterga ega bo‘lgan va unda aniqlik yo‘q edi.

Avvalroq AQSh milliy xavfsizlik kengashi rasmiysi Vashington tayyorlanayotgan hujum to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Moskvaga yetkazganini aytgandi.

Ikki hafta oldin AQSh va Britaniya o‘z fuqarolarini Moskvadagi ommaviy tadbirlar vaqtidagi hujumlar xavfi haqida ochiqchasiga ogohlantirgandi.

O‘shanda Rossiya prezidenti Vladimir Putin xavf to‘g‘risidagi ogohlantirishni «jamoatchilikni sarosimaga solish va qo‘rqitish» maqsadidagi «ochiqchasiga shantaj» deb atagandi.

VYACHESLAV PROKOFeV/TASS

Putinning murojaati

Hujum juma kuni kechqurun sodir etildi. Bir hafta oldin navbatdagi muddatga saylangan Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa shanba kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:30 murojaat qildi.

Shu bilan birga, uning matbuot kotibi Dmitriy Peskov juma kuni kechqurun  davlat rahbariga hodisa to‘g‘risida «ilk daqiqalardayoq hisobot berilgani» va Putin barcha operativ ma’lumotlarni olib turganini aytgandi.

Putin o‘z chiqishida hujum tashkilotchilari topilishi va «ular kim bo‘lmasin va ularni kim yuborgan bo‘lmasin» barchasi jazoga tortilishiga va’da berdi.

U Rossiya boshqa davlatlar yordamiga tayanishini qo‘shimcha qildi.

Guvohlarning hikoyalari

Ijtimoiy tarmoqlarda va OAVda hujum guvohlarining ko‘plab guvohliklari paydo bo‘lgan.

Foto: OLGA MALsEVA/AFP

Mobil telefonlar orqali olingan videoyozuvlarda jigarrang libos kiygan va ryukzak ko‘targan shaxslar mijozlarni o‘qqa tutayotgani aks etgan. Ular shoshmasdan, barcha nuqtalarni qarab chiqqan holda harakatlanadi. Zalda olingan boshqa roliklarda jonini qutqarish uchun qochishga tushgan odamlar aks etgan.

Moskvada yashovchi Yekaterina (ismi iltimosiga ko‘ra o‘zgartirilgan) konsertga 11 yoshli qizi, singlisi va yosh bolali dugonasi bilan kelgan. Hujum boshlanganida ular zalga kirish joyida turib, kafeda muzqaymoq sotib olishgan.

Uning aytishicha, avvaliga «qandaydir og‘ir narsa qulagani»ni eslatuvchi qattiq ovozni eshitgan, keyin esa unga qarshi chopayotgan olomonni ko‘rgan.

«Biz peshtaxta oldida turgandi, shunday qichqiriq eshitildi: „Polga yotinglar“, — deya hikoya qiladi u. — Biz bolalarni quchoqlab, yotdik hamda stol va stullardan barrikada qura boshladik, biz tomonga bir necha yarador yaqinlashib keldi». Yekaterinaning aytishicha, uning guruhi stolni ag‘dargan va polga yotgan.

«Jim yotdik va otishmani eshitdik», — deydi u. Ularning yonidagi erkak bir ayolning jarohatini bog‘lagan. Keyin hujum qilganlar yoki zalga kirishgan yoki boshqa tomonga ketishgan. Yekaterina va uning yo‘ldoshlari qochishga tushgan, ularni ko‘chaga olib chiqishgan.

Jabrlanuvchilar uchun qon topshirayotgan moskvaliklar. Foto: ALEXANDER SHCHERBAK/TASS

Otishma boshlanganida fotograf Deyv Primov ham zalda bo‘lgan. «Ular yoki jigarrang kiyimda, yoki jigarrang nimchalarda edi, — deya tasvirlaydi u. — Yig‘ilib turgan odamlar avtomatdan o‘qqa tutildi va ular zalga kirish joyidan parter bo‘ylab sahna tomon harakatlanib, odamlarni zal o‘rtasiga haydashdi. Men odamlarga borayotgan olov chizig‘ini ko‘rdim».

«Barcha [polga] yota boshladi, biz yo‘lakda oldinga harakatlanish uchun olomonni yo‘naltira boshladik. Shu bilan birga, istalgan eshikdan avtomat ko‘tarib kirishlari mumkinligini tushunib turardik va yuqoriga qarab ketuvchi eng yaqin chiqish yo‘li tomon intildik. Asta-sekinlik bilan, emaklab, o‘rmalab, oldinga yurdik va [zaldan] chiqib oldik. Va [„Krokus Siti Holl“ni] tark etishga kirishdik», — deya hikoya qiladi fotograf.

«Biz bu otishma ekanini tushunmagandik — men bu qandaydir mushakbozlik deb o‘ylagandim. Qandaydir uzun zalp, balki, qandaydir paqildoq? Men zalga bir o‘girilib qaradim, ikkinchi bor qaradim. Va uchinchi safar tushundimki, butun zal turli tomonga qochib ketmoqda», — deya xtoirlaydi konsertga dugonasi bilan tashrif buyurgan Sofiko Kvirikashvili.

G‘arbning hamdardligi

Hujumdan keyin ko‘plab davlatlar rahbarlari yoki boshqa rasmiy vakillari rossiyaliklarga hamdardlik bildirdi.

Britaniya TIV rahbari Devid Kemeron Buyuk Britaniya «Moskva yaqinidagi „Krokus Siti Holl“da ro‘y bergan halokatli terrorchilik hujumini eng qat’iy shaklda qoralashi»ni aytgan. U qurbonlarning oila a’zolariga chuqur va chin qalbdan hamdardlik izhor etgan.

AQShning Moskvadagi elchixonasi juma kuni «bugungi terrorchilik hujumi natijasida qurbon bo‘lgan va jarohatlanganlar uchun» Rossiya xalqiga hamdardlik bildirdi.

Shuningdek, Fransiya, Germaniya, Portugaliya, Misr, BAA tashqi ishlar vazirliklaridan hamdardlik nomalari kelgan. Turkiya TIV rahbari telefon orqali Lavrovga Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘andan hamdardlik so‘zlarini yetkazgan.

«Yevropa Ittifoqi tinch aholiga har qanday hujumni qoralaydi. Bizning xayollarimiz — Rossiyaning [ushbu teraktdan] jabrlangan fuqarolari bilan», — degan YeI diplomatiyasi rahbari Jozep Borrelning matbuot kotibi Peter Stano.

Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen ham IShID tomonidan «Krokus Siti Holl»da tinch aholiga qarshi sodir etilgan teraktni qoralashini aytgan.

«Mening xayollarim ushbu fojia vaqtida halok bo‘lganlar va ularning oilalari bilan», — deyiladi Yevrokomissiya rahbarining tvitterdagi xabarida.

Mavzuga oid